Tibbiyot xabarlari – qisqa satrlarda
Milliy tibbiyot markaziga eng murakkab operatsiyalarni yanada samarali va xavfsiz o‘tkazish maqsadida Markaziy Osiyoda yagona bo‘lgan "LivaNova AiC" apparati olib kelindi.
Eng so‘nggi texnologiyalardan biri bo‘lgan ushbu apparat sun’iy qon aylanishi jarayonida maksimal aniqlik va xavfsizlikni ta’minlaydi. Jarrohlik jarayonini avtomatlashtiruvchi intellektual tizim hisoblanib, minimal invaziv yondashuv – bemorlar uchun tezroq tiklanish imkoniyatini beradi.
Bu innovatsion uskunaning keltirilishi Markazda kardioxirurgiya sohasida katta yangilik bo‘lib, o‘z navbatida, dunyo standartlari darajasidagi murakkab yurak operatsiyalarini o‘tkazish deganidir.
Quvonarlisi, Markazda ushbu apparat yordamida ilk murakkab yurak jarrohlik amaliyotlari muvaffaqiyatli bajarildi. Malakali kardiojarrohlar jamoasi tomonidan aorta klapanini protezlash, suprakoronar aorta protezlashi hamda mammaro-koronar shuntlash operatsiyalari muvaffaqiyatli o‘tkazildi. Ushbu zamonaviy uskuna operatsiya jarayonini yanada aniq va xavfsiz o‘tkazishga imkon yaratdi.
***

Ayni kunlarda Qozog‘istonning Olmaota shahrida “16-Eurasian Pharma” Yevroosiyo farmatsevtika forumi bo‘lib o‘tmoqda. Anjumanda 350 dan ortiq ishtirokchilar, jumladan, jahon farmatsevtika sanoati yetakchilari, davlat regulyator organlari vakillari hamda xalqaro ekspertlar onlayn va oflayn formatda qatnashmoqda.
Forumda onlayn ishtirok etgan Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi direktori Alisher Temirov o‘z chiqishida farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi, dori vositalari va tibbiy buyumlarni O‘zbekistonda ro‘yxatga olish jarayonlari va sohada xalqaro hamkorlik masalalariga e’tibor qaratdi.
Forum doirasida dori vositalari va tibbiy buyumlarning sifatini nazorat qilish, bozorga kiritish jarayonlarini takomillashtirish, shuningdek, Yevroosiyo mintaqasida farmatsevtika sanoatini rivojlantirish masalalari muhokama qilindi. 5 martga qadar davom etadigan “Eurasian Pharma” forumi xalqaro hamkorlikni mustahkamlash va soha mutaxassislari o‘rtasida tajriba almashish uchun muhim platforma bo‘lib xizmat qiladi.
***

O‘zbekistonning Vengriyadagi elchixonasi ko‘magida Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi direktori Abdulla Azizov va Vengriyaning eng yirik farmatsevtika kompaniyalari “Gedeon Richter” va “MEDITOP Pharmaceutical” rahbarlari bilan uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi.
Muzokaralar chog‘ida kompaniya vakillariga O‘zbekistonda farmatsevtika sohasini rivojlantirish, tarmoqni tartibga solish bo‘yicha amalga oshirilayotgan islohotlar va investorlar uchun yaratilayotgan yangi imkoniyatlar haqida batafsil ma’lumot berildi.
Shu bilan birga, Vengriya tomoni O‘zbekiston farmatsevtika bozoriga katta qiziqish bildirayotgani, mahalliy imkoniyatlar o‘rganilayotgani va bu jarayonda mahalliy ishlab chiqaruvchilar bilan faol hamkorlik yo‘lga qo‘yilayotgani ta’kidlandi.
***

Poytaxtimizda dori vositalarini raqamli markirovkalash masalalari yuzasidan tadbirkorlar bilan uchrashuv tashkil etildi. Ochiq muloqot shaklida o‘tgan yig‘ilishda, dori vositalarini majburiy raqamli markirovkalash tizimini joriy etishda yuzaga kelayotgan muammolar, ularning yechimlari, mazkur tizimni samarali joriy etish bo‘yicha takliflar muhokama qilindi. Shuningdek, tadbirkorlar axborot tizimlari integratsiyasiga doir masalalar haqida o‘z fikr va takliflarini bildirdi.
Shu bilan birga, mutasaddi idoralar vakillari mavjud muammolarni bartaraf etish, tadbirkorlik sub’ektlariga zarur yordam ko‘rsatish hamda raqamli markirovkalash tizimini bosqichma-bosqich tatbiq etish bo‘yicha amaliy chora-tadbirlar haqida ma’lumot berdi.
Mohigul Qosimova tayyorladi, O‘zA