Tibbiyot xabarlari – qisqa satrlarda
Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi direktori Abdulla Azizov va Janubiy Koreyaning "DK Consultants" kompaniyasi vakillari o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Unda "Tashkent Pharma Park" innovatsion ilmiy-ishlab chiqarish klasteri hududida yer maydoni ajratilish masalasi muhokama qilindi.
Shuningdek, yig‘ilish davomida E-Auksion platformasida ishtirok etish, loyihani amalga oshirish muddatlari, aloqa tarmoqlarini hududga olib kirish va boshqa masalalar ko‘rib chiqildi.
***
Bolalar milliy tibbiyot markazi direktori Baxtiyorjon Umarov Xitoyning "Shangdong Wego Newlife Medical Devices" kompaniyasi sotuv direktori janob Kevin Kyuni qabul qildi.
Uchrashuv davomida bolalar jarrohligida robot texnologiyalaridan foydalanish, kardiojarrohlik sohasida xalqaro hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish hamda perfuziologiya sohasida kadrlar tayyorlash bo‘yicha o‘zaro kelishuvga erishdi.
***
Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazida Farmakopeya qo‘mitasi raisi boshchiligida qo‘mita Ilmiy va ekspert kengashining 18-sonli majlisi bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilishda mahalliy va xorijiy ishlab chiqaruvchilarning umumiy 159 ta dori vositasini qonunda belgilangan tartibda respublikamizda davlat ro‘yxatidan o‘tkazish, qayta ro‘yxatdan o‘tkazish, shuningdek, ro‘yxatdan o‘tkazilganlik guvohnomalariga o‘zgartirish kiritishga tavsiya etish bilan bog‘liq masalalar muhokama qilindi.
Bundan tashqari tasdiqlash uchun ilmiy kengashga taqdim qilingan farmakopeya maqolalari ekspertlar tomonidan ko‘rib chiqildi.
***
Sanepidqo‘mita Toshkent shahar boshqarmasi Mirobod tuman bo‘limi mas’ul xodimlari tomonidan «Beshqo‘rg‘on» MCHJ bozorida Tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakildan olingan ruxsatnoma asosida tekshiruv ishlari amalga oshirildi.
O‘tkazilgan tekshiruvlar natijasida bozorning savdo nuqtalarida joriy ta’mirlash ishlari tashkil etilmagani, belgilanmagan joylarda qishloq xo‘jaligi va poliz mahsulotlarining sotilishi, bozor tevarak atrofida chiqindilar yig‘ilib, maxsus joylarga tashlanmagani, chiqindi tashlash uchun maxsus idishlar foydalanishga mutlaqo yaroqsiz holga kelgani, sotuvchilar maxsus ust-bosh kiyimlari ta’minlanmagani hamda tibbiy ko‘rikdan o‘tmagani, tozalik tadbirlari o‘z vaqtida sifatli olib borilmagani ma’lum bo‘ldi.
Bozor ma’muriyati va sotuvchilarga Sanitariya qoida va me’yorlariga muvofiq faoliyat olib borish, tozalik tadbirlarini tez-tez o‘z vaqtida o‘tkazib borilishini ta’minlash hamda yuqorida aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan ko‘rsatmalar berildi. Sanitariya targ‘iboti olib borilib, mas’ul shaxslarga nisbatan tegishli tartibda ma’muriy bayonnomalar rasmiylashtirildi.
Mohigul Qosimova, O‘zA