Tibbiyot xabarlari – qisqa satrlarda
"Global muammolar davrida farmatsevtika sanoati: hamkorlik va innovatsiyalarning ahamiyati" mavzusida Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi hamda Jahon banki vakillarining uchrashuvi tashkil etildi.
Uchrashuvda O‘zbekiston farmatsevtika sanoatidagi jarayonlarni jadallashtirish va takomillashtirishda moliyalashtirish masalalari muhimligi ta’kidlandi.
Muzokaralar davomida tomonlar IT va ilmiy-tadqiqot loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha ma’lumot olish uchun farmatsevtika sohasidagi potensial ekspertni jalb qilishga kelishib oldi.
***
Milliy tibbiyot markazida aholiga tez va sifatli tibbiy yordam ko‘rsatishni yanada yaxshilash hamda xizmat sifatini oshirishga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.

Unda amaliyotga joriy etilayotgan zamonaviy texnologiyalardan samarali foydalanish, tizimdagi mavjud muammolar va ularning yechimlari yuzasidan fikr almashildi.
Markaz faoliyati yaqindagina boshlanganiga qaramasdan Xitoy, Hindiston, Germaniya, Turkiya, Janubiy Koreya kabi qator xorijiy davlatlar bilan hamkorlik o‘rnatilgani, sohaga zamonaviy davolash usullari joriy etilayotgani, bu esa bemorlarning tezroq sog‘ayishiga xizmat qilayotgani ta’kidlandi.
Tadbir davomida markazda davolangan bemorlarning minnatdorlik xatlari o‘qib eshittirildi.
***
Sog‘liqni saqlash vaziri Asilbek Xudoyorov G‘uzor tumanida bo‘lib, aholi salomatligi bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi.

Xususan, Mustaqillik mahallasida joylashgan "Nuroniylar maskani"da keksa avlod vakillarining salomatligi va ularning ma’naviy-madaniy hordiq chiqarishlari uchun yaratilgan shart-sharoitlarni o‘rgandi.
***
Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi ijro etuvchi direktori Z.Ermatov davlat axborot tizimlarini yaratish va qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yagona integrator UZINFOCOMning Sog‘liqni saqlash tizimini raqamlashtirish bo‘yicha direktori R.Sultonov bilan uchrashdi.

Uchrashuvda tibbiyot sohasini raqamlashtirish masalalari muhokama qilinib, elektron retsept hamda imtiyozli yo‘llanma berish axborot dasturlarini yanada takomillashtirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Mohigul Qosimova, O‘zA