Tibbiyot xabarlari – qisqa satrlarda
Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi, «SHOX INTERNATIONAL HOSPITAL» MCHJ kompaniyasi mutasaddilari va «Turk Ilaç ve Serum Sanayi A.S'." turkiyalik hamkor vakillari o‘rtasida biznes-uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Muzokaralar chog‘ida tomonlar «Tashkent Pharma Park» innovatsion ilmiy-ishlab chiqarish farmatsevtika klasteri hududida infuzion eritmalar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha ma’lumot almashdi.
Shu bilan birga «SHOX INTERNATIONAL HOSPITAL» korxonasi tomonidan klaster hududida qon olish uchun vakumli probirkalar, ular uchun pressqoliplar, koronar stentlar, gematologik suyuq preparatlar, kardiomagnil tabletkasi, travmatologik fiksatorlar, tomchilatib yuborish tizimi va protezlar ishlab chiqarishni amalga oshirish rejalashtirilmoqda.
***
AQSH Xalqaro taraqqiyot agentligi «PQM+» dasturi maslahatchisi va konsultanti Ofeliya Villyalva Roxas tomonidan Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi xodimlari uchun Sifat menejmenti tizimiga oid ixtisoslashgan malaka oshirish kurslari olib borilmoqda.
Markazning Toshkent, Andijon, Samarqand, Qarshi shaharlaridagi Dori vositalar sifatini nazorat qilish va standartlashtirish laboratoriyalari xodimlariga 5 kun davomida ma’lumotlarning yaxlitligi, uzluksizlikni boshqarish, kompyuter tizimlarini tekshirish; tendensiyalarni tahlil qilish, o‘zgarishlarni nazorat qilish mavzularida ta’lim beriladi.
Bu o‘z navbatida, laboratoriya xodimlarining malakasini oshirishda hamda kelgusida Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining prekvalifikatsiyasi uchun ariza topshirishda samarali tayyorgarlik sifatida xizmat qiladi.
***
Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi, uning viloyat boshqarmalari, shahar va tuman bo‘limlarida sohani rivojlantirish, sanitariya-epidemiologiya xizmati samaradorligini yuksaltirish yo‘lida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Qo‘mita tomonidan o‘tgan yildan yo‘lga qo‘yilgan shahar va tuman bo‘limlarini «Namunali muassasa»larga aylantirish loyihasi sohani rivojlantirishga xizmat qilmoqda.
Bu borada Qoraqalpog‘iston Respublikasining Xo‘jayli tumani, Xorazm viloyatining Xiva shahar bo‘limlarida ko‘rilgan hozirlik va o‘tkazilgan amaliy seminar ham o‘zining kutilgan natijasini bergan edi. Navbatdagi manzil Sanepidqo‘mitaning Namangan viloyat boshqarmasi Uchqo‘rg‘on va Uychi tuman bo‘limlari bo‘ldi.
Mamlakatimizning barcha hududlaridan kelgan sanitariya xizmati vakillari bo‘lim va laboratoriya faoliyati, erishayotgan yutuq va orttirilgan tajribalari bilan yaqin o‘rtoqlashdi.
Mohigul Qosimova, O‘zA