Tibbiyot va farmatsevtikada yangi bosqich
Bugungi kunda dunyoda xalq tabobati va zamonaviy tibbiyot uyg‘unligiga bo‘lgan e’tibor tobora ortib bormoqda. Shu jihatdan, dorivor o‘simliklarni ilmiy asosda yetishtirish va ulardan samarali foydalanish muhim ahamiyat kasb etadi. Ana shunday noyob va qimmatbaho o‘simliklardan bo‘lgan jenshen o‘simligi Buxoro viloyatida ham yetishtirila boshlandi.
Jenshen o‘simligi juda kamyob va noyob dorivor o‘simlik sanaladi. U asosan Sharqiy Osiyo mamlakatlarida “hayot ildizi” sifatida e’zozlanadi. Jenshen inson immunitetini mustahkamlaydi, asab tizimini tinchlantiradi, quvvatni oshiradi va turli kasalliklarga qarshi kurashishda samarali vosita hisoblanadi. Ayniqsa, qizil jenshen o‘zining yuqori shifobaxsh xususiyatlari bilan ajralib turadi.
Buxoro davlat tibbiyot universiteti mutaxassislari tomonidan jenshen yetishtirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan loyiha yurtimiz tibbiyotida yangi qadam bo‘ldi. Universitet huzurida ajratilgan 1 gektar maydonda 20 dan ortiq dorivor o‘simliklar qatori jenshen ham zamonaviy texnologiyalar asosida ko‘paytirilmoqda.
– Janubiy Koreyaning nufuzli universiteti bilan hamkorlikda tashkil etilgan “aqlli issiqxona” va hujayra biotexnologiyasi laboratoriyasida jenshen parvarishlanmoqda, – deydi Buxoro Davlat tibbiyot instituti rektori Shuhrat Teshayev. – Bir issiqxonada yiliga 15 mingtagacha jenshen o‘simligini yetishtirish mumkin. Mavjud 10 ta issiqxona orqali esa yillik hosil 150 ming donaga yetadi. Bu esa nafaqat ilmiy, balki iqtisodiy jihatdan ham katta ahamiyatga ega.
Loyiha doirasida jenshen asosida yigirmadan ortiq dorivor mahsulotlar ishlab chiqilib, ularni qadoqlash va amaliyotga joriy etish bo‘yicha patentlar olindi. Bu mahsulotlar xalq tabobatida ham, rasmiy tibbiyotda ham qo‘llanilishi mumkin. Shuningdek, hududda sho‘rtuproq sharoitiga moslashtirilgan yangi dorivor o‘simlik navlarini ko‘paytirish orqali tibbiyot va xalq tabobati integratsiyasiga asoslangan klaster tizimi shakllanmoqda.
[gallery-29197]
Yurtimizda dorivor o‘simliklarni yetishtirish, qayta ishlash va eksport qilishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Jenshen kabi noyob o‘simliklarni mahalliy sharoitda yetishtirish, yurtimiz tibbiyotini yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi.
Buxoroda jenshen yetishtirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar nafaqat ilmiy yutuq, balki mamlakatimiz sog‘liqni saqlash tizimi va farmatsevtika sanoati rivoji uchun muhim qadamdir. Bu loyiha orqali noyob dorivor o‘simliklarni mahalliylashtirish, aholi salomatligini mustahkamlash va iqtisodiy samaradorlikka erishish imkoni yaratilmoqda.
Shubhasiz, kelgusida bu kabi tashabbuslar ko‘lami yanada kengayib, O‘zbekistonni dorivor o‘simliklar yetishtirish va qayta ishlash bo‘yicha yetakchi davlatlardan biriga aylantiradi.
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat), O‘zA muxbirlari.