Tibbiyot va farmatsevtika xodimlari davlat ro‘yxatidan o‘tkaziladi
Tibbiyot – inson hayoti bilan bog‘liq eng mas’uliyatli soha. Unda faoliyat yuritayotgan kadrlarning bilim saviyasi, malakasi va kasbiy mas’uliyati doimo jamoatchilik e’tiborida bo‘lishi tabiiy.
Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 19-oktabrdagi «Tibbiyot va farmatsevtika xodimlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish orqali ularga kasbiy faoliyatni amalga oshirish huquqini berish tizimini joriy etish to‘g‘risida»gi qarori sohada shaffoflikni ta’minlash, ko‘rsatilayotgan tibbiy yordam sifatini yanada oshirish hamda ilg‘or xalqaro standartlarni amaliyotga joriy etishda muhim huquqiy poydevor bo‘lib xizmat qiladi.
Ma’lumki, bugungi kunda tibbiyot va farmatsevtika xodimlarining kasbiy faoliyatini tizimli baholab borish, ularning mas’uliyatini yanada oshirish talabi kun tartibidagi asosiy masalalardan biriga aylangan. Qabul qilingan hujjatga muvofiq, 2030-yil 1-yanvardan boshlab yurtimizda tibbiyot va farmatsevtika faoliyati bilan shug‘ullanish huquqi faqat muayyan mutaxassislik bo‘yicha davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan shaxslarga besh yil muddatga berilishi belgilandi. Bu esa o‘z navbatida, mazkur yo‘nalishda faoliyat yuritayotgan har bir mutaxassisning maqomini aniq belgilab berib, sohaga tasodifiy yoki malakasi yetarli bo‘lmagan shaxslarning kirib kelishining oldini olishda qat’iy to‘siq vazifasini o‘taydi.
Rivojlangan xorijiy davlatlar tibbiyot amaliyotida shifokorlarning kasbiy faoliyat yuritish huquqini vaqti-vaqti bilan qayta tasdiqlash (litsenziyalash yoki revalidatsiya) tartibi allaqachon odatiy amaliyotga aylangan. Ushbu tizim soha xodimlarining zamonaviy ilmiy yangiliklardan doimiy xabardorligini ta’minlab, tibbiyotdagi global standartlarga integratsiyalashuvni tezlashtiradi. Yurtimizda joriy etilayotgan davlat ro‘yxatidan o‘tkazish mexanizmi ham aynan ana shunday ilg‘or xorijiy yondashuvlar bilan uyg‘un bo‘lib, milliy tibbiyotimizni jahon talablari darajasiga ko‘tarishga xizmat qiladi.
Yangi tizimning e’tiborli jihati shundaki, fuqarolar va mutaxassislarning kundalik faoliyatiga ortiqcha byurokratik to‘siqlar va ovoragarchiliklar keltirib chiqarmaslik maqsadida muayyan o‘tish davri ham nazarda tutilgan. Xususan, 2027-yil 1-iyuldan 2030-yil 1-yanvarga qadar xodimlar o‘z mutaxassisligi bo‘yicha ixtiyoriy tartibda maxsus imtihon natijalariga ko‘ra yoki malaka toifalarini berish jarayonida avtomatik tarzda davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishi mumkinligi tizimning loyihaviy moslashuvchanligini ko‘rsatadi.
Shu bilan birga, kamida 20 yillik ish stajiga va ilmiy darajaga ega bo‘lgan tajribali mutaxassislarning maxsus imtihonsiz davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishi soha fidoyilari mehnatiga hurmat va e’tiborning yaqqol ifodasi. Albatta, bunda murojaat sanasiga qadar mutaxassisligi bo‘yicha uch yil yoki undan ortiq vaqt davomida uzluksiz kasbiy faoliyatni amalga oshirmagan shaxslarning bundan mustasno qilinishi kasbiy mahorat barqarorligini ta’minlashga qaratilgan mantiqiy va asosli talab hisoblanadi.
Tibbiyot sohasidagi hatto eng kichik xato yoki malakasizlik inson taqdiriga bevosita ta’sir qilishi mumkin. Shu boisdan, har bir shifokorning davlat reyestridan o‘tgani, uning mutaxassisligi va kasbiy huquqi qonuniy kafolatlangani fuqarolarning shifoxonalarga va umuman, sog‘liqni saqlash tizimiga bo‘lgan ishonchini yanada mustahkamlaydi. O‘z navbatida, bemorlarning huquqlarini ishonchli himoya qilish hamda ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatlarning xavfsizligini ta’minlashda hal qiluvchi omil hisoblanadi.
Raqamlashtirish va zamonaviy texnologiyalarni keng joriy etish masalasi ushbu tartibning yana bir ustun jihatidir. Barcha murojaatlar Davlat xizmatlari markazlari, Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali yoki maxsus Tibbiy malaka platformasi orqali elektron shaklda, dam olish va bayram kunlaridan qat’i nazar sutkaning istalgan vaqtida yuborilishi mumkinligi fuqarolar uchun maksimal qulaylik yaratadi. Vakolatli organ – Tibbiyot va farmatsevtika xodimlarining malakasini baholash markazi tomonidan arizalar qisqa muddatda o‘rganilib, guvohnomalar to‘liq elektron shaklda rasmiylashtirilishi hamda Tibbiyot va farmatsevtika mutaxassislarining yagona elektron reyestri orqali tekshirilishi jarayonning shaffofligini ta’minlash va ortiqcha qog‘ozbozlikka barham berishda muhimdir.
Har besh yilda qayta ro‘yxatdan o‘tish talabi shifokorlarni faqatgina bir marta olingan diplom bilan cheklanib qolishdan asraydi. Ushbu tartib mutaxassislarni muntazam ravishda o‘z ustida ishlashga, ilmiy konferensiyalar, mahorat darslari va malaka oshirish kurslarida faol qatnashishga undaydi. Natijada tibbiyot xodimlarining intellektual salohiyati yil sayin oshib, amaliyotga eng so‘nggi davolash va tashxislash usullari keng joriy etiladi. Bu, tibbiyot sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarilishini ta’minlaydi.
Umuman olganda, tibbiyot va farmatsevtika xodimlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish tizimining joriy etilishi sohada sog‘lom raqobat muhitini yaratish, shifokorlarning mas’uliyatini yanada oshirish hamda aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatlarning sifati va xavfsizligini kafolatlaydi. Sog‘liqni saqlash tizimining yanada rivojlanishi va xalqimizning tibbiy xizmatlardan rozi bo‘lishini ta’minlaydi.
Mohigul Qosimova,
O‘zA