Tibbiyot, texnologiya va hamkorlik uyg‘unligi (+video)
Bugun poytaxtimizda o‘tkazilayotgan Toshkent xalqaro “Sog‘liqni saqlash – TIHE 2026” ko‘rgazmasining ikkinchi kun tadbirlari davom etmoqda.
Unda 20 dan ziyod mamlakatdan 300 ga yaqin kompaniya ishtirok etib, tibbiyot sohasidagi eng so‘nggi ishlanma va yechimlarini taqdim etmoqda. 1995-yildan buyon muntazam tashkil etib kelinayotgan ushbu tadbir bugunga kelib xalqaro miqyosdagi yirik tibbiy platformalardan biri sifatida o‘z mavqeini mustahkamlagan.
Ayni paytda ko‘rgazma mutaxassislar, davlat tashkilotlari va biznes vakillari uchun o‘zaro muloqot, tajriba almashish va yangi hamkorliklarni yo‘lga qo‘yish imkonini bermoqda. Shu bilan birga, zamonaviy tibbiy texnologiyalar va innovatsion yechimlar keng jamoatchilikka namoyish etilmoqda. Bu esa sog‘liqni saqlash tizimini yanada takomillashtirish, ilg‘or tajribalarni joriy etish va sohada samaradorlikni oshirishga xizmat qiladi.
Mutaxassislar ta’kidlaganidek, bunday xalqaro tadbirlar tibbiyot sohasini rivojlantirish, yangi g‘oya va tashabbuslarni ilgari surish hamda samarali hamkorlik aloqalarini kengaytirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/euZJ9urlE7U" title="Tibbiyot, texnologiya va hamkorlik uyg‘unligi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Nasiba Ziyodullayeva,
Anvarxo‘ja Ahmedov (montaj), O‘zA