Tibbiyot muassasalaridagi qurilmalar qanchalik ishonchli va xavfsiz ishlaydi?
Tibbiyot amaliyotida qo‘llaniladigan o‘lchash vositalarining soz va aniq ishlashi bemorning holatini to‘g‘ri baholash, tashxisni aniqlashtirish hamda davolash jarayonini samarali tashkil etishda muhim ahamiyat kasb etadi. Shu bois tibbiyot muassasalarida metrologik nazoratni muntazam olib borish va mavjud kamchiliklarni o‘z vaqtida bartaraf etish muhim vazifalardandir.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi hamda Xorazm viloyatidagi tibbiyot muassasalarida o‘lchash vositalaridan to‘g‘ri foydalanish, ularning texnik va metrologik holatini nazorat qilish hamda tibbiy xizmatlar sifatini ta’minlashga qaratilgan amaliy ishlar olib borildi. Xususan, Qoraqalpog‘iston Respublikasining Amudaryo va Beruniy tumanlari hamda Xorazm viloyatining Gurlan tumani tibbiyot birlashmalarida tibbiyot sohasi mutaxassislari bilan uchrashuv va tushuntirish ishlari tashkil etildi.
Tadbirlar davomida tibbiyot muassasalarida foydalanilayotgan o‘lchash vositalaridan belgilangan tartib va talablarga muvofiq foydalanish, ularning metrologik holatini muntazam nazorat qilib borish hamda o‘lchash natijalarining aniqligini ta’minlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Shuningdek, Sog‘liqni saqlash vazirligining 313-sonli buyrug‘i talablari yuzasidan mutaxassislarga batafsil ma’lumotlar berilib, o‘lchash vositalaridan foydalanishda rioya etilishi lozim bo‘lgan talablar bo‘yicha zarur tavsiya va ko‘rsatmalar berildi.
Amaliy jarayonlarning yana bir muhim yo‘nalishi tibbiy qurilmalarning metrologik holatini o‘rganishdan iborat bo‘ldi. Metrologiya xizmati mutaxassislari tomonidan bemorlarni tekshirish, tashxis qo‘yish va davolash jarayonlarida qo‘llaniladigan tibbiy qurilmalar ko‘rikdan o‘tkazilib, ularning ko‘rsatkichlari maxsus sinovlar orqali tekshirildi. Tibbiy qurilmalarning belgilangan metrologik talablarga muvofiqligi, o‘lchash natijalarining aniqligi va ishonchliligi hamda ulardan foydalanish shartlariga rioya etilishi bo‘yicha tegishli tavsiyalar berildi.
Mazkur amaliy ishlar tibbiyot muassasalarida o‘lchash vositalaridan foydalanish madaniyatini oshirish, metrologik nazoratni kuchaytirish hamda tibbiy qurilmalarning ishonchli va xavfsiz ishlashini ta’minlashga xizmat qiladi.
M.Qosimova, O‘zA