Tibbiyot jonkuyarlari sharaflandi
Yurtimizda noyabr oyining ikkinchi yakshanbasi – Tibbiyot xodimlari kuni sifatida keng nishonlanadi. Sharafli kasb egalari bu yilgi bayramni ham el salomatligini saqlashda salmoqli natijalar bilan qarshi oldi.
Namangan shahridagi “Shodiyona” tantanalar majmuida bo‘lib o‘tgan bayram tadbirida sog‘liqni saqlash tizimi xodimlariga hurmat ko‘rsatildi.
[gallery-20281]
Tadbir avvalida Namangan viloyat hokimi Shavkat Abdurazzoqov tibbiyot tizimi faollarini bayram bilan tabriklab, samimiy tilaklarini bildirdi. Shuningdek, mamlakatimizda aholiga sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatish, kasalliklarning oldini olish va samarali davolashni tashkil etish, tizim moddiy-texnik bazasini mustahkamlash borasida bajarilayotgan amaliy va xayrli ishlar ko‘lami ortayotganligi ta’kidlandi.
Darhaqiqat, “Tibbiyotdagi islohotlar – inson qadri uchun!” shiori ostida kechayotgan jadal jarayonlar sabab sohada ijobiy o‘zgarishlar ko‘zga tashlanmoqda. Joriy yilning o‘zida Investitsiya dasturi bo‘yicha 65 milliard so‘mdan ziyod byudjet mablag‘i sarflanishi hisobiga qayta ta’mirlangan va yangidan qurib bitkazilgan shifo maskanlarida qulayliklar yanada ortdi.
Respublika Travmatologiya va ortopediya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Namangan filiali binosining foydalanishga topshirilishi, ushbu muassasani yuqori sifatli xorijiy tibbiyot anjomlar bilan jihozlash uchun 10 million yevro miqdorida sarmoya yo‘naltirilayotganligi e’tiborga molik.
Bugungi kunda Namangan viloyatida 14 ta ko‘p tarmoqli, 82 ta oilaviy poliklinika shuningdek, 101 ta oilaviy shifokorlik punkti inson salomatligiga xizmat qilmoqda.
Ayniqsa, keyingi yillarda sohada xususiy sektor tarmog‘i ham rivojlanmoqda. Shu yilning o‘zida 23 ta nodavlat tibbiyot muassasasi ochildi va ular soni 600 tani tashkil etmoqda. Qolaversa, tibbiy xizmatlar sifati o‘sib, ko‘lami ham ancha kengaydi.
Tantanali tadbirda Prezidentimiz farmoniga muvofiq, tibbiyot xodimlari kuni munosabati bilan davlatimizning yuksak mukofotlari o‘z egalariga topshirildi.
Jumladan, Pop tumani ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikasi mudiri Hafiza Jalolovaga ikkinchi darajali “Sog‘lom avlod uchun” ordeni va Mingbuloq tumanidagi “Med Layt” xususiy klinika rahbari, shifokor-terapevti Ulug‘bek Musayevga “Shuhrat” medali tantanali ravishda topshirildi.
Bundan tashqari, uzoq yillar samarali xizmat ko‘rsatib kelayotgan olti nafar jonkuyar shifokorlarga “O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash a’lochisi” ko‘krak nishoni hamda bir qator soha ilg‘orlari viloyat hokimining faxriy yorliq va qimmatbaho sovg‘alari bilan taqdirlandi.
– Ellik yildan buyon sog‘liqni saqlash sohasida faoliyat yuritib kelayotgan shifokor sifatida aytishim kerak, kechagi tibbiyot bilan bugungisini aslo tenglashtirib bo‘lmaydi, – deydi Respublika Shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Namangan filiali kardiologiya bo‘limi mudiri, oliy toifali kardiolog-terapevt Gulchehra Ibragimova. – Oxirgi yillarda sohada amalga oshirilayotgan islohotlar barchani quvontirmoqda. Aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatishning zamonaviy usullari joriy etildi.
Masalan, tobora yosharib borayotgan yurak qon-tomir kasalliklariga samarali tashxis qo‘yish va uni davolash maqsadida intervension kardiologiya ancha rivoj topdi. Xorijdagi hamkasblar bilan o‘zaro tajriba almashinuvlar ham o‘z mevasini bermoqda. Kamtarona mehnatim Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan “O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash a’lochisi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlashganidan behad minnatdorman. Bu nafaqat menga, balki jamoaga berilgan bahodir.
Shodiyonada taniqli san’at ustalari va yosh ijrochilar ishtirokidagi konsert dasturi bayramga ko‘tarinki zavq bag‘ishladi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA.