Tibbiy xizmatlar sifati qoniqarlimi? (+video)
Nurafshon shahrida Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev tibbiyot xodimlari, shifokorlar, hamkor soha mutasaddilari ishtirokida tibbiyot sohasidagi muammo va kamchiliklarni muhokama qildi.
Unda asosiy e’tibor hozirgi paytda shifokorlar bemorlarga taklif qilayotgan dori-darmon vositalarining sifati, berilayotgan shifokor retsepti qay darajada asosli ekaniga qaratildi. Bu borada tizimdagi mavjud muammolar ochiqchasiga tanqid qilindi va ularni bartaraf qilish yuzasidan mas’ullarga tegishli topshiriqlar berildi.
Viloyatda 5 ming 700 nafardan ortiq shifokor bemorlarga retsept yozadi. Masalan, Piskent tumani tibbiyot birlashmasi xirurg va terapevt vrachlari tomonidan bemorlarning davolanishi uchun haligacha 8-10 tagacha dori vositasi yozib berilayotgani aniqlandi.
[gallery-15736]
– Aholi tomonidan bildirilayotgan e’tirozlarni inobatga olib, tibbiyot muassasalaridagi vaziyatni bir necha oy davomida o‘rgandik, – deydi viloyat hokimi Zoyir Mirzayev. – Sohadagi ko‘plab rahbarlarning faoliyatiga xolis baho berishga yetarlicha tayyorgarlik ko‘rdik.
Majlisda tibbiyot sohasi rahbarlarining faoliyati tanqidiy tahlil qilindi. Qayd etildiki, Angren, Ohangaron shaharlari, Bekobod, Bo‘stonliq, Qibray, Ohangaron, Quyi Chirchiq, Piskent, Chinoz va Yangiyo‘l tumanlaridagi markaziy shifoxona bosh shifokorlari mahalliy dori vositalari ishlab chiqaruvchilar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘ymagan. Ular tomonidan xorij firmalari mahsulotlarini bemorlarga tavsiya qilish bilan bog‘liq holatlar ko‘p uchraydi.
Viloyatda tibbiyot sohasi vakillari bemorlar uchun zarur dori vositalarini arzonlashtirish, ularning davolanishi bilan bog‘liq xarajatlarni kamaytirish haqida o‘ylamagani, bu borada qulaylik yaratmagani ma’lum bo‘ldi. Shundan kelib chiqib, ayrim bosh shifokorlarga hayfsan berilishi aytildi.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/-O60hU_f7AQ" title="" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe>A.Musayev, D.Ernazarov (surat, video), O‘zA muxbirlari