Tibbiy xizmat ko‘rsatish sifati oshadi
Qoraqalpog‘iston tibbiyot instituti huzuridagi innovatsion universitet klinikasida Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi tomonidan amalga oshirilgan loyiha doirasida zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar topshirilishiga bag‘ishlangan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi.
Unda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi Amanbay Orinbayev so‘zga chiqib, so‘nggi yillarda yurtimizda Prezidentimiz rahbarligida “Inson qadri uchun” tamoyili asosida amalga oshirilayotgan ezgu ishlarga alohida to‘xtaldi.
Ta’kidlanganidek, bu borada tibbiyot sohasini rivojlantirish orqali aholining salomatligini mustahkamlash va sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatishni yangi bosqichga olib chiqish, shuningdek, mazkur ishlarni jadallashtirishda xalqaro hamkor tashkilotlar bilan sheriklik asosida loyihalarni qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Tantanali tadbirda Yaponiyaning O‘zbekistondagi elchisi Takashi Xatori, Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi rahbari Bito Yoshibumi, O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirliklari vakillari ishtirok etib, yangidan olib kelingan zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar ko‘zdan kechirildi.
Davlatimiz rahbari 2023 yil qoraqalpog‘istonlik saylovchilar bilan bo‘lgan uchrashuvida “Toshkentda mavjud barcha zamonaviy tibbiy xizmatlar Nukusda ham yo‘lga qo‘yiladi” deb ta’kidlab o‘tgan edi. Bu mana shu topshiriqning amalda bajarilishi, – dedi Jo‘qorg‘i Kenges Raisi klinikada yaratilgan imkoniyatlar bilan yaqindan tanishish vaqtida.
[gallery-18108]
Qayd etish joizki, Qoraqalpog‘iston tibbiyot instituti huzurida Prezidentimizning tashabbusi bilan yangi innovatsion universitet klinikasi tashkil etilgan edi. Shu asosda respublikada tibbiyot sohasida mutaxassislarni tayyorlashda klinika asosiy ta’lim bazasi bo‘lib kelmoqda. So‘nggi 5 yilning o‘zida institutga 10 million AQSH dollaridan ortiq investitsiya mablag‘i jalb qilindi. Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi tomonidan amalga oshirilgan 7,3 million AQSH dollarlik loyiha doirasida universitet klinikasiga zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar topshirilmoqda. Yetkazib berilgan 31 turdagi tibbiy asbob-uskuna soha xodimlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va tajribasini oshirishning samarali tizimini shakllantirish, kadrlar salohiyatini orttirish, klinikada ilg‘or tibbiy metodlarni joriy qilish kabi ezgu ishlarni amalga oshirishda mustahkam asos yaratadi.
Joriy yil boshidan buyon respublika shoshilinch tez tibbiy yordam ilmiy markazi Qoraqalpog‘iston filiali, Nukus shahridagi 8-son oilaviy poliklinika, Beruniy tumanlararo Perinatal markazi binolari foydalanishga topshirildi.
Jumladan, joriy yilgi investitsiya dasturi doirasida 6 ta sog‘liqni saqlash ob’ektida 46,5 milliard so‘mlik qurilish-ta’mirlash ishlari olib borilmoqda. Shumanay tumanida ko‘p tarmoqli poliklinika, Ellikqal’ada 90 o‘rinlik, To‘rtko‘lda 70 o‘rinlik tug‘ruq bo‘limlari, shuningdek, Amudaryo, Beruniy tumanlari va Nukus shahridagi oilaviy poliklinikalarda qurilish-rekonstruksiya ishlari davom etmoqda.
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat),
O‘zA muxbirlari