Tibbiy xizmat aholiga yaqinlashmoqda
“Bir bemor odamning dardiga darmon bo‘lib, uning sog‘lig‘ini tiklasak, hayotga qaytarsak, bilingki, bu bilan butun oilaning baxtini, kelajagini ta’minlagan bo‘lamiz”.
Bu fikrni davlatimiz rahbari yaqinda sog‘liqni saqlash tizimida amalga oshirilayotgan ishlar va kelgusidagi ustuvor vazifalar yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida alohida qayd etdi. Keyingi paytda mamlakatda eng ko‘p islohotlar o‘tkazilayotgan tizimlar – ta’lim va sog‘liqni saqlash sohalari bo‘ldi. Ayniqsa, koronavirus pandemiyasi sog‘liqni saqlash tizimidagi asl holatni namoyon qilib, qaysi jihatlarga e’tibor qaratish zarurligini ko‘rsatib qo‘ydi. Aholi salomatligi ta’minlanmasa, barcha maqsad va vazifalarga erishish qiyinligi namoyon bo‘ldi. Shuning uchun har yili sohaga oid farmon va qarorlar qabul qilinmoqda, Prezidentning tibbiyot xodimlari bilan uchrashuv va muloqotlari o‘tkazilayotir. Va albatta, soha uchun ajratilayotgan mablag‘ salmog‘i bir necha barobar ortib, tibbiyot xodimlariga e’tibor kuchaydi.

Bu e’tiborni bugun nafaqat poytaxt va viloyatlar markazlaridagi yirik shifoxona va tibbiy markazlar, balki eng olis qishloqlardagi tibbiyot punktlari faoliyati misolida ham ko‘rish mumkin.
Fikrimizni Samarqand viloyati sog‘liqni saqlash tizimi misolida tahlil qilamiz. Bugun tibbiyotdagi eng muhim masalalardan biri – birlamchi tibbiy xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish. To‘g‘ri-da, jonimiz og‘risa, vujudimizda biror o‘zgarish sezsak, avvalo o‘zimiz yashab turgan joydagi poliklinikaga murojaat qilamiz, oilaviy shifokorga ko‘rinamiz. Keyin uning tavsiya asosida davolanamiz yoki tegishli muassasaga murojaat qilamiz. Shuning uchun bugun tibbiyotdagi islohotlarda birlamchi tibbiy xizmatga har qachongidan ko‘p e’tibor qaratilmoqda.

– Birgina joriy yilda viloyatda 11 ta yangi oilaviy shifokorlik punkti va poliklinikalar ochildi – deydi Samarqand viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i Davronbek Jumaniyozov. – Yil yakunigacha yana 13 ta oilaviy shifokorlik punkti va 1 ta oilaviy poliklinika faoliyati yo‘lga qo‘yiladi. Shu paytgacha bu haqida gapirish noo‘rin edi, ammo endi ayta olamiz – birlamchi tibbiyot muassasalari 120 turdagi dori-darmon vositalari bilan ta’minlandi. Ilgari poliklinikalar va oilaviy shifokorlik punktlarida nomigagina kunduzgi statsionar bo‘lar, u ham kunning ikkinchi yarmida deyarli ochilmasdi. Endi esa bu joylarda kun davomida va kechki payt ham aholiga kerakli tibbiy xizmat ko‘rsatiladi. Ushbu yo‘nalishga e’tibor kuchayishi bilan poliklinikalarda 969 ta qo‘shimcha o‘rin tashkil etilib, ularning soni 1701 taga yetkazildi. Olis hududdagi oilaviy shifokorlik punktlariga 28 nafar shifokor ishga qabul qilindi. Ular davlat tomonidan berilgan bir qator imtiyozlardan foydalanmoqda. Oylik maoshiga ustama qo‘shib berilmoqda. Oilaviy shifokorlik punkti va poliklinikalardan olisda joylashgan mahallalarda aholiga qulaylik yaratish maqsadida bu yil davlatimiz rahbari tashabbusi bilan konteynerlardan maxsus tibbiyot punktlari tashkil etildi. Viloyatimizda yuzga yaqin shunday maskanlar faoliyatini yo‘lga qo‘yish belgilangan edi. Lekin mavjud holatdan kelib chiqib hamda hokimliklarning qo‘llab-quvvatlashi natijasida viloyat bo‘yicha olis mahallalarda 210 ta tibbiyot punkti tashkil etildi. Buning natijasida 750 ming nafar aholiga birlamchi tibbiy xizmat yaqinlashtirildi.
Jumladan, Nurobod, Payariq tumanlarida o‘ttizdan ortiq konteyner punktlar ochildi. Bundan tashqari, joriy yilda olis va chekka hududlarda aholini maqsadli skrining tekshiruvlaridan o‘tkazish maqsadida 2 ta “Isuzu” avtobusi zarur tibbiy uskunalar bilan jihozlanib, mobil poliklinikalar tashkil etildi. Bu esa joylarda tibbiy ko‘rik va skrining tekshiruvlarini o‘tkazish uchun qo‘l kelmoqda. Jumladan, ayollar saratoni kasalliklarini erta aniqlash bo‘yicha skrining tadbirlarida 379 ming nafar aholi qamrab olindi. Diabetik, yurak-qon tomir kasalliklarini erta aniqlash bo‘yicha skrining tadbirlariga esa 861 ming nafar aholi jalb qilindi.
Aholining ixtisoslashgan tibbiy xizmatdan foydalanish imkoniyatini kengaytirish maqsadida bu yil Bulung‘ur, Ishtixon, Urgut va Paxtachi tumanlarida tumanlararo qo‘shma shikastlanish markazlari ishga tushirildi. Bu ushbu hududlarda yashovchi yurtdoshlarimizning turli travmatologik va ortopedik shikastlanishlar bilan viloyat markaziga qatnashlaridek ovoragarchiligiga chek qo‘ydi. Xuddi shunday, to‘rt hudud – Urgut, Payariq, Pastdarg‘om, Kattaqo‘rg‘onda tumanlararo perinatal markazlari tashkil etilmoqda. Shu paytgacha Kattaqo‘rg‘on shahridagi tumanlararo perinatal markaz uchun ajratilgan bino kapital ta’mirdan chiqarilib, to‘liq jihozlandi va faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Samarqand davlat tibbiyot universiteti akusherlik-ginekologiya kafedrasi professor-o‘qituvchilari joyiga borib markaz xodimlari malakasini oshirmoqda.
Shuningdek, markazlar shifokorlari Rossiya Federatsiyasining Akademik V.I.Kulakov nomidagi Milliy akusherlik, ginekologiya va perinatologiya ilmiy tadqiqot markazi markazi xodimlari tomonidan o‘qitildi. Darvoqe, bu yil viloyat bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazida chaqaloqlar neonatal xirurgiya va kardioxirurgiya bo‘limlari tashkil qilindi. bugungi kunga qadar ushbu bo‘limlarda 400 nafardan ortiq chaqaloqda yuqori-texnologik jarrohlik amaliyotlari o‘tkazildi. Markazda bolalar gemodializ bo‘limi ham tashkil qilinib, viloyatlararo bemor bolalarga gemodializ xizmati ko‘rsatish yo‘lga qo‘yildi. Onalik va bolalikni muhofaza qilish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar natijasida viloyatda keyingi besh yil davomida onalar va go‘daklar o‘limi keskin kamaydi.
Viloyatda keyingi yillarda yetakchi tibbiyot muassasalari, ixtisoslashgan tibbiy markazlar tomonidan yuqori texnologik jarrohlik amaliyotlarini bajarish yo‘lga qo‘yildi. O‘z navbatida ijtimoiy ko‘makka muhtoj bemor kishilarning bunday jarrohlik amaliyotidan foydalanishi uchun mahalliy byudjetdan mablag‘ ajratilmoqda. Joylarda o‘tkazilayotgan sayyor qabullar, sektor rahbarlari va deputatlarga murojaatlar asosida yil boshidan buyon 4150 nafar bemorda imtiyoz asosida shunday operatsiya o‘tkazildi. E’tiborlisi, bu kabi ishlar muntazam davom etadi.
Kelgusi yilda viloyatda 12 ta oilaviy shifokorlik punkti va oilaviy poliklinika ochiladi. Natijada 135 ming nafar aholiga birlamchi tibbiy xizmat yaqinlashtiriladi. 1 million 102 ming nafar aholi diabetik, yurak-qon tomir kasalliklarini erta aniqlash bo‘yicha, 500 ming nafar ayollar saraton xastaliklarini erta aniqlash bo‘yicha skriningdan o‘tkaziladi.
G‘.HASANOV,
A.ISROILOV (surat), O‘zA