Tibbiy punktlar aholining uzog‘ini yaqin qilmoqda
Aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmat sifatini oshirish, tibbiy xizmatni aholiga yanada yaqinlashtirish maqsadida Andijon viloyati tumanlarining olis hududlarida tibbiyot punktlari tashkil etilib, ular zarur jihoz va vositalar bilan ta’minlanmoqda.
Prezidentimiz raisligida o‘tgan yilning mart oyida bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida sog‘liqni saqlash sohasida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan muhim ishlar, ularning ijrosini ta’minlash yuzasidan qator topshiriq va vazifalar belgilab berilgan edi.
[gallery-10186]
Jumladan, yig‘ilishda xavf guruhiga kiruvchi aholi, shuningdek, bolalar va homilador ayollarni maqsadli skriningdan o‘tkazish, har bir oilaviy poliklinikada kunduzgi statsionar, mahallalarda oilaviy shifokorlik punktlari, olis hududlarda tibbiyot punktlari tashkil etish bo‘yicha aniq vazifalar belgilangan. Ana shu vazifalardan kelib chiqib, 2022 yilda Paxtaobod tumanida 45 dan ortiq tibbiyot punktlari tashkil etildi. Birlamchi tibbiy sanitariya xizmatini yo‘lga qo‘yish, ambulator xizmati sifatini yaxshilash maqsadida tuman markazidan olis, chekka hududlardagi mavjud binolarning alohida xonalarida, shuningdek, rekonstruksiya qilingan maxsus konteynerlarda tashkil etilgan zamonaviy tibbiy punktlar tuman hokimligi va tibbiyot birlashmasi hamkorligida tibbiy jihozlar, asbob-uskunalar, aloqa hamda internet aloqasi bilan ta’minlash bo‘yicha zarur ishlar amalga oshirildi.
O‘tgan yilning oxirida tumanning Durdiyor, Taqachilar, Ittifoq mahallalarida yangi tibbiyot punktlari ishga tushirilgan bo‘lsa, shu kunlarda Andijon mahallasida tibbiy punkt faoliyatini yo‘lga qo‘yish, kunduzi yotib davolanish uchun ayollar va erkaklarga alohida bo‘limlar tashkil etish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda. Ayni paytda tibbiy punktga tabiiy gaz tushirildi, zarur vositalar bilan jihozlash ishlari yakuniga yetkazilmoqda. Tumanlarning olis va chekka hududlarida tashkil etilayotgan bu kabi zamonaviy tibbiy punktlar aholining uzog‘ini yaqin qilish bilan birga, ularga qator qulayliklar yaratadi, o‘zlari yashayotgan hududning o‘zida sifatli tibbiy xizmatdan foydalanish imkonini beradi.
F. UBAYDULLAEV, Z. UMRZOQOV (foto), O‘zA