Tibbiy brigada doyalarining bilim va mahorati sinovdan o‘tkazildi
Davlatimiz rahbarining "Onalar va bolalar salomatligini muhofaza qilish, aholining reproduktiv salomatligini mustahkamlash chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarori, unda belgilab berilgan vazifalar ijrosi doirasida Respublika o‘rta tibbiyot va farmatsevtika xodimlari malakasini oshirish va ularni ixtisoslashtirish markazi Guliston filialida tibbiy brigada doyalari uchun o‘quv-amaliy mashg‘ulot o‘tkazildi.
O‘quv-amaliy mashg‘ulotlarda 230 nafar tibbiy brigada doyasi ishtirok etib, ular Turkiya va Belarus tibbiyot xodimlari dasturi asosida 756 soatlik o‘quv-amaliy mashg‘ulotlarni yakunladi.


Mashg‘ulotlarda bor e’tibor reproduktiv yoshdagi ayollar, homiladorlarga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmat sifatini yanada yaxshilash, tug‘ruq va tug‘ruqdan keyingi davrda kuzatiladigan asoratlarning oldini olish, ularni erta bosqichlarda aniqlash va yordam ko‘rsatish masalalariga keng ahamiyat qaratildi.


O‘quv-amaliy mashg‘ulotlardan so‘ng olingan bilim va mahorat malakali mutaxassislar tomonidan sinovdan o‘tkazilib, undan muvaffaqiyatli o‘tgan tibbiy brigada doyalariga maxsus sertifikatlar berildi.
G‘ulom Primov, O‘zA