The National Interest: AQSH va Xitoy Markaziy Osiyo muhim minerallari uchun raqobatni kuchaytirmoqda
“The National Interest” nashri yozishicha, Markaziy Osiyo yarim o‘tkazgich, batareya, sun’iy intellekt texnologiyasi va mudofaa mahsuloti ishlab chiqarish uchun zarur muhim minerallar nuqtai nazaridan, AQSH va Xitoy o‘rtasidagi global raqobat maydoniga aylanmoqda.
Ta’kidlanishicha, Vashington mintaqadagi ishtirokini faol kengaytirmoqda. Iyun oyida bo‘lib o‘tgan Ostona minerallar va konchilik konferensiyasi – “Astana Minerals and Mining Conference” anjumanida AQSH rasmiylari uzoq muddatli hamkorlik rejasini e’lon qilgan.
– Biz uzoq muddatli istiqbolni ko‘zlayapmiz, harakat vaqti keldi, – degan AQSH savdo kotibi yordamchisi Devid Fogel.
Ma’lumki, Markaziy Osiyo mamlakatlari dunyo uran zaxirasining taxminan 40, marganetsning 39, xromning 31 foizi, shuningdek litiy, mis, volfram kabi strategik resurslar ulkan zaxirasiga ega. Masalan, Qo‘shma Shtatlar allaqachon Qozog‘istonda volfram konini o‘zlashtirish bo‘yicha 1,1 milliard dollarlik kelishuvga sarmoya kirita boshladi.
“The National Interest” esa Xitoy keng ko‘lamli sarmoyasi, geografik yaqinligi va “Bir makon, bir yo‘l” tashabbusi doirasidagi infratuzilmani rivojlantirish salohiyati tufayli ustunlikka egaligini ta’kidlagan. Muallif fikricha, Chin korxonalari allaqachon Markaziy Osiyo mineral eksportining salmoqli qismi bo‘yicha bir necha mamlakatda konchilik sohasida tegishli litsenziya olgan.
Nashr AQSHning ham mintaqaga qiziqishi tez sur’at bilan kuchayib borayotganiga e’tibor qaratib, Vashington sarmoyani ko‘paytirmasdan, savdo cheklovini bekor qilmasdan, strategik resurslar uchun raqobatda Xitoy bilan oradagi tafovutni bartaraf etishga qiynaladi, deya xulosa chiqargan.
S.Rahimov, O‘zA