Texnikum o‘quvchisi «WorldSkills Shanghai 2026» da e’tirof etildi
Sirdaryolik yoshlarning kasbiy mahorati xalqaro maydonda yana bir bor e’tirof etildi. Xitoyning Shanxay shahrida o‘tkazilgan «WorldSkills Shanghai 2026» xalqaro kasbiy mahorat chempionatida Shirin energetika texnikumi hamda ACWA Power loyihasi o‘quvchisi Alijon Egamov «Sovutish va havoni konditsionerlash» yo‘nalishida «Medal for Excellence» — kasbiy mahorat medaliga sazovor bo‘ldi.
Bu natija Sirdaryoda kasbiy ta’lim olayotgan yoshlarning xalqaro maydondagi ishtiroki izchil davom etayotganini ham ko‘rsatadi. Bundan bir yil avval — 2025-yilning noyabr oyida Xitoyning Taybey shahrida o‘tkazilgan «WorldSkills Asia Taipei 2025» chempionatida ham Shirin energetika texnikumi o‘quvchisi Iqbolmirzo Abdusamadov elektromontaj yo‘nalishida «Millatning eng yaxshisi» («Best of Nation») mukofotiga sazovor bo‘lgan edi.
Mazkur chempionatda O‘zbekiston terma jamoasi 16 ta mahorat yo‘nalishida 32 nafar ishtirokchi bilan qatnashdi. 22 yoshgacha bo‘lgan yoshlar o‘rtasida o‘tkazilgan musobaqada ishtirokchilar o‘z kasbiy bilim va amaliy ko‘nikmalarini xalqaro mezonlar asosida namoyish etdilar.
Iqbolmirzo Abdusamadovning natijasi Shirin energetika texnikumi o‘quvchilarining xalqaro kasbiy mahorat musobaqalaridagi ishtiroki uchun muhim tajriba bo‘ldi. Oradan ko‘p o‘tmay, navbatdagi xalqaro maydonda Alijon Egamovning e’tirof etilishi mazkur tajribaning mantiqiy davomi bo‘ldi.


«WorldSkills Shanghai 2026»dagi natija Alijon uchun nafaqat shaxsiy yutuq, balki tanlagan kasbi bo‘yicha amaliy ko‘nikmalarini xalqaro darajada namoyish etish imkoniyati ham bo‘ldi. «Sovutish va havoni konditsionerlash» yo‘nalishidagi bellashuvlar ishtirokchilardan texnik bilim, amaliy mahorat, aniqlik va muammoli vaziyatlarda to‘g‘ri yechim topish qobiliyatini talab qildi.

Shirin energetika texnikumi direktori Alfarobiy Xusanovning ta’kidlashicha, bunday natijalar zamirida o‘quvchining izlanishi bilan bir qatorda, ustozlarning mehnati va ta’lim jarayonida yaratilgan sharoitlar ham muhim o‘rin tutadi.
— O‘quvchilarimizning xalqaro maydondagi bu kabi natijalari, avvalo, ularning kasbiy salohiyatini namoyon etadi. Bunday yutuq o‘z-o‘zidan kelmaydi. Uning zamirida o‘quvchining intilishi, ustozlarning mehnati va ta’lim jarayonida yaratilgan imkoniyatlar mujassam. Alijonning «WorldSkills Shanghai 2026»dagi natijasi ham ana shu mehnatning amaliy samaralaridan biri desam mubolag‘a bo‘lmaydi. Oldimizda hali ko‘p maqsadlar bor. Ishonamizki, yoshlarimiz kelgusida energetika va boshqa sohalar uchun malakali, zamonaviy bilim va ko‘nikmalarga ega mutaxassislar bo‘lib yetishadi, — deydi Alfarobiy Xusanov.
Kasbiy mahorat musobaqalarida ishtirok etish yoshlar uchun o‘z bilimi va amaliy ko‘nikmalarini xalqaro mezonlar asosida sinab ko‘rish, tajriba almashish hamda tanlagan kasbiga bo‘lgan qiziqishini yanada oshirish imkonini beradi.

Shu jihatdan olib qaraganda, Shirin energetika texnikumi o‘quvchilarining ketma-ket xalqaro musobaqalarda e’tirof etilishi kasbiy ta’limning amaliyotga yo‘naltirilgani va yoshlarning zamonaviy mehnat bozori talablariga mos tayyorlanayotganini ko‘rsatuvchi natijalardan biri bo‘ldi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri