Test, talqin va adolat: ona tili va adabiyot fanidan milliy sertifikat sinovidagi bahsli jihatlar
Milliy sertifikat tizimi O‘zbekiston ta’lim makonida muhim o‘rin tutuvchi baholash mexanizmi sifatida paydo bo‘ldi. Mazkur tizim nafaqat o‘quvchilar va o‘qituvchilarning bilim darajasini standart mezonlar asosida aniqlash, balki umumiy ta’lim sifatini monitoring qilishga xizmat qiladi. Shu bilan birga, har qanday baholash tizimi kabi milliy sertifikat imtihonlari ham doimiy takomillashtirishni talab etadi. Ayniqsa, ona tili va adabiyot faniga oid savollarning mazmuni, metodik asoslari va psixologik jihatlari bugungi kunda alohida e’tibor talab qilmoqda. Bu borada soha mutaxassisi sifatida ayrim mulohazalarimizni aytib o‘tishni joiz topdik.
Badiiy matn tahlili bilan bog‘liq savollarni tuzishda ob’ektivlikka qat’iy amal qilish kerak
Milliy sertifikat imtihonlarida 23–27-savollar odatda badiiy matn tahliliga bag‘ishlanadi. Ayni shu savollarda jiddiy metodik muammo yuzaga chiqmoqda. Badiiy matn tabiatan ko‘p qatlamli va ko‘p talqinli hodisadir. Jahon adabiyotshunosligida uzoq vaqtdan beri tan olingan nazariy tamoyillarga, matn tahlili metodlariga asosan bitta matnni turli kitobxonlar yoshi, hayotiy tajribasi, estetik didi va dunyoqarashiga qarab har xil talqin qilishi mumkin. Test tuzuvchi ekspertlar esa ko‘pincha matnga yagona to‘g‘ri talqin nuqtai nazaridan yondashib, javob variantlarini shakllantirmoqda. Natijada variantlarning mazmunan bir-biriga haddan tashqari yaqin bo‘lib qolishi kuzatilmoqda. Bu holat test topshiruvchida ortiqcha ikkilanishni keltirib chiqaradi va baholashning ob’ektivligiga putur yetkazadi. Ayniqsa, “muallif nimani nazarda tutgan?” tipidagi savollardan ehtiyotkorlik bilan foydalanish zarur. Adabiyot nazariyasida muallif niyati har doim ham ishonchli tarzda rekonstruksiya qilinavermaydi. Ko‘pincha matn talqini o‘quvchi qabuliga asoslanadi. Shu nuqtai nazardan, savollarni muallif yoki ekspert pozitsiyasidan emas, balki oddiy kitobxon kuzatishi mumkin bo‘lgan matniy belgilar, obrazlar, mazmun qatlamlari va estetik xulosalar asosida tuzish maqsadga muvofiq bo‘ladi.
Yosh va tajriba omilini hisobga olish zarurati
Milliy sertifikat tizimining yana bir muhim kamchiligi — barcha talabgorlar (10–11-sinf o‘quvchilari va ko‘p yillik pedagogik tajribaga ega o‘qituvchilar) uchun yagona test bazasidan foydalanishi. Bu yondashuv adolat va pedagogik muvozanat nuqtai nazaridan jiddiy savol tug‘diradi. O‘quvchi va o‘qituvchi o‘rtasidagi tabiiy farq — bilim chuqurligi, mantiqiy tahlil tajribasi, matnni qabul qilish darajasi va hayotiy tajriba jihatidan juda katta. Bitta test bazasi bu farqlarni e’tiborga olmaydi. Natijada baholashning ishonchliligi pasayadi. Adolatli yechim sifatida o‘quvchilar va o‘qituvchilar uchun alohida test bazalarini shakllantirishni taklif etish mumkin. Bu har bir auditoriyaning real tayyorgarlik darajasini hisobga olishga va natijalarning ob’ektivligini oshirishga yordam beradi. Qolaversa, esse mavzularini shakllantirishda ham ayni shu omil e’tiborga olinishi kerak. Aprel-may oylarida o‘tkazilayotgan sinovlarda “Muqim ish o‘rniga ega bo‘lish afzalmi yoki ish o‘rnini tez almashtirishmi?” mavzusidagi esse mavzusining hali ish tajribasi mutlaqo shakllanmagan o‘quvchilar uchun berilishi essening hayotiy dalillar, kuzatuvlar bilan yozilishi kerakligi borasidagi mezonni savol ostiga qo‘yadi.
Ilmiy matnlarda sun’iy murakkablik muammosi
Ona tili faniga oid savollarda ilmiy matnlar asosida tuzilgan topshiriqlarda ba’zan sun’iy murakkablikka duch kelinmoqda. Matnlar haddan tashqari murakkab terminlar va sintaktik konstruksiyalar bilan to‘ldirilgani seziladi. Bunday yondashuv zamonaviy kompetensiyaviy ta’lim talablariga to‘liq mos kelmaydi. Kompetensiyaga asoslangan baholash bilimni “matnni tushuna oladimi, asosiy fikrni ajratib oladimi, xulosa chiqara oladimi?” degan savollarga javob izlaydi. Shuning uchun ilmiy matnlar tabiiy, mantiqiy va yosh xususiyatlariga mos bo‘lishi, savollar esa tushunish, tahlil va qo‘llash ko‘nikmalarini sinashga yo‘naltirilishi lozim.
G‘azal tahlili yoki zamonaviy she’riyat?
28–32-savollarning ko‘pincha mumtoz g‘azal tahliliga bag‘ishlanishi ham alohida muhokamani talab qiladi. Mumtoz adabiyotning ahamiyatini inkor etish mumkin emas. Biroq maktab yoshidagi o‘quvchilarning adabiy-matniy tajribasi asosan zamonaviy she’riyat bilan shakllanmoqda. Ular kundalik hayotda aruz vazni, tasavvufiy ramzlar va murakkab tarixiy kontekstga ega g‘azallarga nisbatan kamroq duch kelishadi. Shu bois o‘quvchilar uchun mo‘ljallangan testlarda zamonaviy o‘zbek she’riyati namunalariga kengroq o‘rin berish, she’riy san’atlar va poetik vositalarni zamonaviy janrlar misolida tahlil qilish yanada samarali bo‘ladi. Bu baholash mezonlari bilan o‘quvchilarning real kitobxonlik tajribasi o‘rtasidagi tafovutni kamaytiradi.
Tavsiya etilgan adabiyot ro‘yxati milliy, tarbiyaviy va psixologik muvozanatni buzmasligi shart
O‘qish tavsiya etilgan badiiy asarlar ro‘yxati ham yosh auditoriyaning psixologik va intellektual xususiyatlarini hisobga olgan holda qayta ko‘rib chiqilishi zarur. Chunki 16–18 yosh oralig‘idagi kitobxonlarning qiziqishlari, dunyoqarashi va ruhiy qabul qilish darajasi o‘ziga xos xususiyatlarga ega. Tanlangan asarlar nafaqat badiiy qiymati, balki tarbiyaviy va ma’naviy salohiyati bilan ham ahamiyat kasb etishi kerak. Ular yoshlarda Vatanga muhabbat, milliy qadriyatlarga hurmat, an’analarga sadoqat, bag‘rikenglik va ijtimoiy mas’uliyat hissini shakllantirishga xizmat qilishi maqsadga muvofiq. “Otamdan qolgan dalalar” (Tog‘ay Murod), “Lolazor” (Murod Muhammad Do‘st), “Qiyomat” va “Asrga tatigulik kun” (Chingiz Aytmatov) kabi asarlar yoshlarning ma’naviy tafakkurini rivojlantirishda muhim o‘rin tutadi va aynan bu asarlarning ro‘yxatdan joy olgani alohida tahsinga loyiq.
Shu bilan birga, Frans Kafkaning “Evrilish” yoki Yuy Xuaning “Yashamoq” asarlari kabi falsafiy jihatdan og‘ir, absurd va pessimistik kayfiyat beruvchi, ma’lum hayotiy tajribani talab qiluvchi badiiy ijod namunalarini o‘smir yoshlar uchun tavsiya etishda ehtiyotkor bo‘lish maqsadga muvofiq. Asarning bestseller qiymatga ega bo‘lishi uni barcha yosh vakillari o‘qishi mumkinligini anglatmaydi. Qolaversa, ayrim asarlar 18+ kategoriyaga ega ekanini ham inobatga olish zarur.
Xulosa o‘rnida ta’kidlash o‘rinliki, milliy sertifikat imtihonlari O‘zbekiston ta’lim tizimida sifat nazorati vositasi sifatida katta salohiyatga ega. Biroq test savollarini tuzishda adabiyotshunoslik mezonlari, yosh psixologiyasi, kompetensiyaviy yondashuv va kitobxonlik madaniyatini hisobga olish baholash sifatini yanada oshiradi. Bu masalalar bo‘yicha adabiyotshunoslar, metodistlar, psixologlar va amaliyotchi o‘qituvchilarning keng muhokamasi ta’lim sifatini yana-da yuksaltirishga xizmat qiladi. Unutmaylikki, har qanday baholash tizimining asosiy maqsadi bilimni o‘lchash emas, balki bilim va kompetensiyalarni rivojlantirishga ko‘maklashishdir.
Mohinur FARMONOVA,
Buxoro davlat universiteti tayanch doktoranti.
O‘zA