Termos ichida yashirilgan ko‘knori boshoqlari fosh etildi
Surxondaryo viloyati bojxona boshqarmasining “Ayritom” chegara bojxona postiga qo‘shni davlatdan kirib kelgan xorijlik haydovchi ko‘knori boshog‘i giyohvandlik vositasi bilan qo‘lga tushdi.
Chegara bojxona postida yuk avtotransport vositasi belgilangan tartibda bojxona nazoratidan o‘tkazilganida kabinasining salon qismida joylashgan termos ichida choy suyuqligiga aralashtirilgan ko‘knor boshog‘i giyohvandlik moddasi borligi aniqlandi. Zahriqotil maxsus elektron tarozida o‘lchanganida o‘rami bilan birga 324 gramm tosh bosti.


Holat yuzasidan bojxona organlari tergovga qadar tekshiruv ishlarini olib bormoqda.
Joriy yilning o‘tgan davrida viloyat bojxonachilari tomonidan 28 holatda 253 kilogrammdan ortiq giyohvandlik vositasining mamlakatimizga g‘ayriqonuniy kirib kelishining oldini oldi.
Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA muxbiri