Termizlik talabalar shoh va shoirga ehtirom ko‘rsatdi
Surxondaryo viloyatida buyuk shoir, davlat va jamoat arbobi, sarkarda Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 539 yilligi keng nishonlandi.
Shu munosabat bilan vohadagi yirik oliy ta’lim muassasasi – Termiz davlat universitetida davra suhbatlari, mushoira va boshqa ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar tashkil etildi. Ulug‘ mutafakkir va sarkarda xotirasi yodga olindi.

Universitet faollar zalida bo‘lib o‘tgan asosiy tadbirda professor-o‘qituvchilar, talaba-yoshlar va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi. Unda Termiz davlat universiteti yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha prorektori O.Shofiyev va boshqalar buyuk o‘zbek shoiri, mutafakkir, tarixchi va davlat arbobining hayoti va ijodi haqida atroflicha so‘z yuritdi. Markazlashgan davlat va boburiylar saltanatining dunyo tamadduniga qo‘shgan ulkan hissasi, boy adabiy merosining yosh avlod uchun ulkan xazina ekani to‘g‘risida fikr almashildi.
Tadbirda Boburshunos olimlar shoir asarlarining mazmun-mohiyatini chuqur tahlil qildi. Talabalar nafis ruboiy va g‘azallaridan namunalar o‘qidi. Shoir g‘azallari asosida yaratilgan kuy-qo‘shiqlar kuylanib, sahna ko‘rinishlari namoyish etildi.

Xolmo‘min MAMATRAYIMOV, O‘zA muxbiri