Termizda jamoat transporti tizimi rivojlanmoqda
FOTOREPORTAJ
Aholi sonining o‘sishi natijasida jamoat transportiga bo‘lgan talab va ehtiyoj yil sayin oshib bormoqda. Bu esa, o‘z navbatida, mazkur xizmat sifatini oshirish, uni bugungi davr va sharoitga moslashtirishni taqozo etadi. Termiz shahrida jamoat transporti tizimini rivojlantirish maqsadida mavjud 11 ta yo‘nalishda 140 dan ortiq avtobus qatnovi yo‘lga qo‘yilgan.
Keyingi yetti yilda aholiga avtotransport xizmati ko‘rsatishni yaxshilash, jamoat transporti yo‘nalishlari tarmog‘ini kengaytirish va harakat tarkibini zamonaviy avtobuslar bilan yangilash bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi. Bu sa’y-harakatlar Termiz shahrini ham chetlab o‘tmadi. Birgina o‘tgan 2023-yilda “Toshshahartransxizmat” aksiyadorlik jamiyatining Termiz filiali ochilib, yangi 100 dona “Isuzu” rusumli avtobus olib kelindi. Buning natijasida avtobuslarning bekatlarga yetib kelish orasidagi oraliq vaqt 20 daqiqadan 7-10 daqiqaga tushirildi.
Ta’kidlash kerak, Termiz shahrida bir kunda o‘rtacha 68 ming, bir oyda 2,1 million, bir yilda esa 24,3 million yo‘lovchi jamoat transportidan foydalanadi. Bu raqamlar oshgani sari mazkur xizmatdan foydalanuvchilarga yaratilayotgan qulayliklar ham kengayib bormoqda. Xususan, 11 ta yo‘nalish bo‘yicha harakatlanayotgan avtobuslarda avtomatlashtirilgan “ATTO” to‘lov tizimi joriy qilingan. Bu esa o‘z navbatida, to‘lovlarni naqd va elektron shaklda, ya’ni kartalar orqali amalga oshirish imkoniyatini yaratmoqda. Qisqasini aytganda, jamoat transportidagi bu o‘zgarishlar inson qadri uchun, degan egzu g‘oyaga hamohang holda rivojlanib bormoqda.
[gallery-16369]
Albatta, jamoat transporti aholining uzog‘ini yaqin qilib, xarajati va vaqtini tejaydigan muhim ijtimoiy xizmat hisoblanadi. Uning rivojlanishi esa nafaqat yo‘llardagi tirbandlikning oldini olishda, balki yo‘lovchilarning xavfsiz va tezkor harakatlanishida ham muhim o‘rin tutadi.
Jonibek QO‘ZIMURODOV (surat), O‘zA