Termizda giyohvandlikka qarshi targ‘ibot yurishi o‘tkazildi
Surxondaryo viloyati Termiz shahrida viloyatdagi kuch tuzilmalari harbiy xizmatchilari va yoshlar ishtirokida “Biz giyohvandlikka qarshimiz!” shiori ostida targ‘ibot yurishi tashkil etildi.
“Vatanparvarlar” bog‘idan boshlangan yurish shaharning markaziy ko‘chalari bo‘ylab Mustaqillik maydoniga qadar davom etdi. Mazkur tadbir aholi, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida giyohvandlikning salbiy oqibatlari haqida tushunchalarni kengaytirish, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilishga qaratildi.
Mustaqillik maydonida davom etgan tadbirda so‘zga chiqqanlar giyohvandlikning inson salomatligi, oila farovonligi va jamiyat taraqqiyotiga salbiy ta’siri xususida to‘xtaldi. Yoshlarni turli zararli illatlardan asrash, ularning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish va sog‘lom hayotga intilishini qo‘llab-quvvatlash muhimligi ta’kidlandi.
Tadbir doirasida faxriy qorovulning ko‘rgazmali chiqishlari hamda Termiz garnizoni harbiy orkestrining Vatanni madh etuvchi kuy-qo‘shiqlari namoyish etildi. Bu esa tadbirga o‘ziga xos ko‘tarinki ruh bag‘ishladi.
[gallery-32015]
Mazkur tashabbus yoshlar o‘rtasida giyohvandlikka nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish, ularni sog‘lom turmush tarziga undash, vatanparvarlik va milliy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalashga xizmat qiladi.
Jonibek QO‘ZIMURODOV (surat), O‘zA