Termizda “Besh tashabbus paralimpiadasi” viloyat bosqichi
Termiz shahridagi “Surxon” sport majmuasida “Besh tashabbus paralimpiadasi” sport musobaqasining Surxondaryo viloyat bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Ijtimoiy himoya milliy agentligi Surxondaryo viloyati boshqarmasi, Yoshlar ishlari agentligi viloyat boshqarmasi, viloyat sport boshqarmasi va Milliy paralimpiya qo‘mitasi viloyat bo‘limi hamkorligida tashkil etilgan musobaqada bellashuvning tuman, shahar bosqichlarida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan 100 nafar nogironligi bo‘lgan o‘g‘il - qiz ishtirok etdi.
Qizg‘in bahslarga boy bo‘lgan musobaqa ishtirokchilari sportning parashashka, parashaxmat, parastol tennisi, parayengil atletika, parabadminton kabi turlari bo‘yicha o‘zaro bellashdi.

– Musobaqada parastol tennisi bo‘yicha qatnashdim, – deydi angorlik tumanilik Hasan Qodirov. – Ushbu sport turiga bolaligimdan qiziqishim kuchliligi sababli bellashuvga alohida hozirlik ko‘rdim. Bahslar juda shiddatli kechdi. Qilgan harakatlarim, mashqlarim, niyatlarim o‘z samarasini berdi. Uddalasa bo‘lar ekan, g‘oliblar safidan joy oldim. Endilikda parastol tennisi bilan doimiy shug‘ullanib, nufuzli jahon chempionatlarida qatnashish va yurtimiz sharafini munosib himoya qilishni o‘z oldimga maqsad qilib qo‘ydim.


“Besh tashabbus paralimpiadasi” sport musobaqalari 16-30 yoshgacha nogironligi bo‘lgan o‘g‘il - qizlar o‘rtasida uch bosqichda tashkil etiladi. Shunga muvofiq, tumanlar va Termiz shahrida dastlabki bosqich “Ochiq eshiklar” kuni sifatida o‘tkazilib, unda 500 dan ortiq yosh faol ishtirok etdi. Mazkur bellashuvlarda sovrinli o‘rinlarni egallagan parasportchilar musobaqaning ikkinchi, ya’ni viloyat bosqichida o‘z kuch va mahoratini sinovdan o‘tkazdi.


– Musobaqa 16-30 yoshgacha nogironligi bo‘lgan yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, ular orasidan iqtidorli hamda tug‘ma iste’dodi bor nogironligi bo‘lgan yoshlarni saralab, tizimli ishlashni yo‘lga qo‘yish maqsadida o‘tkazilmoqda, – deydi Ijtimoiy himoya milliy agentligi Surxondaryo viloyati boshqarmasi boshlig‘i Muhiddin Tog‘ayev. – Biz kutgandan ham qiziqarli, murosasiz bellashuvlar eng mahoratli, chaqqon va kuchli parasportchilarimizni saralab berdi. Nogironligi bo‘lgan yoshlar o‘rtasida ham parasport turlari bilan muntazam shug‘ullanish istagi bo‘lgan o‘g‘il-qizlar ko‘pligini ko‘rsatdi.
Musobaqa yakunida g‘oliblar diplom va qimmatbaho esdalik sovg‘alar bilan taqdirlandi.
Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA muxbiri