Termizda Bahodir Jalolov sharaflandi
Termiz shahridagi Yoshlar markazida surxondaryolik mohir charm qoʻlqop ustasi, 9-21-sentyabr kunlari Rossiyaning Yekaterinburg shahrida boʻlib oʻtgan boks boʻyicha jahon chempionatining oʻta ogʻir vazn boʻyicha chempioni hamda chempionatning eng yaxshi sportchisi, deb topilgan Bahodir Jalolovni sharaflashga bagʻishlangan tadbir boʻlib oʻtdi.
Termiz shahridagi Yoshlar markazida surxondaryolik mohir charm qoʻlqop ustasi, 9-21-sentyabr kunlari Rossiyaning Yekaterinburg shahrida boʻlib oʻtgan boks boʻyicha jahon chempionatining oʻta ogʻir vazn boʻyicha chempioni hamda chempionatning eng yaxshi sportchisi, deb topilgan Bahodir Jalolovni sharaflashga bagʻishlangan tadbir boʻlib oʻtdi.
Davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, sport federatsiyalari mutasaddilari, murabbiylar hamda sportchi yoshlar ishtirok etgan tadbirda Sariosiyo tumanida kamolga yetgan B.Jalolovning boks boʻyicha jahon arenasida qoʻlga kiritayotgan yutuqlari alohida etirof etildi.
Joriy yilda 25 yoshni qarshi olgan yetuk sportchi 2015-yilda Rossiyada boks boʻyicha oʻtkazilgan jahon kubogida xalqaro miqyosdagi dastlabki zafarli jangini oʻtkazib, oltin medalni qoʻlga kiritgan. 2016-yilda Braziliyaning Rio-de-Janeyro shahrida boʻlib oʻtgan Yozgi Olimpiya oʻyinlarida ishtirok etgan. Shu yilning aprel oyida AQSHning Nyu-York shtatida oʻtkazilgan bahsda “NABF Junior” titul kamariga, Tailandda boʻlib oʻtgan Osiyo chempionatida oltin medalga sazovor boʻlgan. 9-21-sentyabr kunlari Rossiyaning Yekaterinburg shahrida oʻtkazilgan boks boʻyicha jahon chempionatida u Oʻzbekistonning dovrugʻini dunyoga yana bir karra tarannum etdi.
Tadbirda viloyat hokimi Toʻra Bobolov boks boʻyicha jahon chempioni Bahodir Jalolovni erishgan gʻalabasi bilan qutladi. 200 million soʻm pul mukofoti va esdalik sovgʻalarini topshirdi. Onasi Sabohat Jalolovaga Alpomish kelbat pahlavon, mard oʻgʻlonni tarbiyalab, kamolga yetkazgani uchun minnatdorlik bildirib, sovgʻa-salomlar ulashdi.
Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi harbiy xizmatchisi Bahodir Jalolovga boks boʻyicha jahon chempionatidagi munosib ishtiroki uchun qoʻmondonlik tomonidan leytenant unvoni berilgani maʼlum qilindi.
Tadbirda B.Jalolov koʻrsatilayotgan bunday yuksak eʼtibor uni 2020-yilda Yaponiyaning Tokio shahrida oʻtkaziladigan yozgi Olimpiya oʻyinlarida ham Vatanimiz sharafini munosib himoya qilishga undayotganini alohida taʼkidlab, qoʻllab-quvvatlayotgan, yangi gʻalabalar sari undayotgan barcha yurtdoshlariga tashakkur bildirdi.
Shu kuni mohir sportchi Termiz shahridagi boks toʻgaraklarida faol ishtirok etayotgan yosh avlod uchun mahorat darslari oʻtdi. Talaba-yoshlar bilan uchrashib, dildan suhbatlashdi.