Termizda “afg‘on shamoli” ta’sirini kamaytirish masalasi muhokama etildi
Surxondaryo viloyatida esadigan “afg‘on shamoli” ta’sirini kamaytirib, qum, chang bo‘ronlari va havo ifloslanishiga chidamlilikni oshirish mamlakatimizda davlatimiz belgilab olgan muhim ustuvor yo‘nalishlardan biriga aylandi.
Vazirlar Mahkamasining joriy yil 31-martda qabul qilingan “Surxondaryo va Sirdaryo viloyatlarida shamol eroziyasining salbiy ta’sirini kamaytirish va ekologik vaziyatni yaxshilash bo‘yicha chora-tadbirlar dasturini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori ham ana shu maqsadga xizmat qilmoqda.
Bugun O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi Termiz shahrida qum va chang bo‘ronlari hamda havo ifloslanishiga chidamlilikni oshirish loyihasi doirasida BMT Atrof-muhit bo‘yicha dasturi (UNEP), Finlyandiya Meteorologiya instituti (FMI) hamda O‘zbekistonning aloqador tashkilotlari hamkorligida ZOOM platformasi orqali tashkil etgan texnik maslahat yig‘ilishida ham mazkur masala atroflicha muhokama etildi.

Unda viloyat ekologiya va iqlim o‘zgarishi bosh boshqarmasi mutasaddilari hamda sohaga aloqador boshqa mutaxassislar onlayn ishtirok etdi.

– Vohada keyingi yillarda “afg‘on shamoli”ning salbiy ta’sirini kamaytirishga alohida e’tibor qaratilmoqda, – deydi viloyat ekologiya va iqlim o‘zgarishi bosh boshqarmasi boshlig‘i Bahodir Urunov. – Zero, bu masalaning yechimini topish xalqimizning yana bir asriy orzusini ro‘yobga chiqarib, ekologik vaziyatni barqarorlashtiradi. Endilikda bu masalaga ilmiy asosda yondashilayotgani to‘satdan esadigan shamol ta’sirini yumshatadi. Bugun bo‘lib o‘tgan tadbirda ham BMT Atrof-muhit bo‘yicha dasturi (UNEP), Finlyandiya Meteorologiya instituti (FMI) hamda O‘zbekistonning tegishli tashkilotlari vakillari bilan Termiz shahrida qum va chang bo‘ronlari ta’sirida havo ifloslanishining salbiy oqibatlarini kamaytirish masalalari yuzasidan fikr almashdik. Taklif va tavsiyalarimizni bildirdik.

Onlayn uchrashuvda “afg‘on shamoli“ ta’siri atroflicha tahlil qilindi. Qum va chang bo‘ronlari hamda havo ifloslanishi bilan bog‘liq xavflarni baholash, aholining iqlim xavflariga chidamliligini oshirish, erta ogohlantirish tizimlarini takomillashtirib, havo sifati monitoringini kuchaytirish, mahalliy darajada moslashuv choralarini amalga oshirish uchun manfaatdor tashkilotlar o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirishga kelishildi. Foydali takliflar ilgari surildi.
Vazirlar Mahkamasining qaroriga muvofiq joriy yil viloyatdagi Angor va Termiz tumanida “yashil belbog‘”lar barpo etildi. Jumladan, Angor tumanining M39 xalqaro magistral avtomobil yo‘li bo‘yidagi 102 gektar yer maydonida 261 ming tup va “Qoraqir” dahasi hududidagi 108 gektar yerda viloyatdagi 6 ta davlat o‘rmon xo‘jaligi 270 ming tup, Termiz tumani “Kattaqum” dahasining 82 gektar yer maydonida viloyat, tuman va shahar hokimliklari tashabbusi bilan 218 ming tup mevali va manzarali daraxt, Yangiobod mahallasi hududidagi 31 gektar yer maydonda 12,7 ming tup “eldor” qarag‘ay ko‘chati ekilib, undirib olindi.

Mutaxassislarning aytishicha, vohaning “afg‘on shamoli” esadigan yo‘nalishlar bo‘ylab yaratilayotgan “yashil belbog‘”lar kelajakda uning ta’sirini kamaytirib, qum va tuproq ko‘chishining oldini oladi. Yerlarni eroziyadan saqlaydi. Iqlimni yumshatadigan tabiiy to‘siq, shamol va changdan himoyalaydigan “yashil qalqon” vazifasini bajarib, atmosfera havosi sifatini yaxshilaydi.
Viloyatda belgilab olingan hududlarni ko‘kalamzorlashtirib, yashil maydonlarni kengaytirish “Yashil makon” umummilliy dasturining kuzgi mavsumida davom etadi.
Xolmo‘min Mamatrayimov,
O‘zA muxbiri