Termiz shahri ko‘chalarida qo‘shimcha suv sepish ishlari olib borilmoqda
FOTOREPORTAJ
Jazirama kunlarda aholi uchun qulay muhit yaratish, havo harorati ta’sirini yumshatish hamda ko‘chalardagi chang miqdorini kamaytirish maqsadida Termiz shahrining markaziy va asosiy ko‘chalarida qo‘shimcha suv sepish ishlari tashkil etilmoqda.
Shahar hokimligi ma’lumotiga ko‘ra, mazkur tadbirlar maxsus tasdiqlangan jadval asosida har kuni amalga oshirilmoqda. Suv sepish ishlari havo harorati me’yoriy holatga kelguniga qadar davom ettirilishi rejalashtirilgan.
[gallery-30433]
Yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash hamda aholiga noqulaylik tug‘dirmaslik maqsadida suv sepish ishlari Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati ko‘magida transport va piyodalar harakati nisbatan kam bo‘lgan vaqtlarda tashkil etilmoqda.
Shu bilan birga, shahardagi gazonlar, daraxtlar va boshqa yashil hududlarni sug‘orish ishlari ham kuchaytirilgan. Bu esa yozning issiq kunlarida shaharning ekologik holatini yaxshilash, yashil hududlarni saqlab qolish hamda aholi uchun yanada qulay muhit yaratishga xizmat qilmoqda.
Jonibek QO‘ZIMURODOV(surat),O‘zA