Termiz – o‘tmishdagi dovrug‘ini qayta tiklamoqda
“Termiz” xalqaro savdo markazi erkin savdo zonasida Qozog‘iston Respublikasi savdo paviloni ish boshladi.
Shu munosabat bilan bo‘lib o‘tgan tantanali tadbirda Qozog‘iston Respublikasi Savdo va integratsiya vaziri Arman Shakkaliyev, O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri o‘rinbosari Xurram Teshaboyev, Afg‘onistonning “Termiz” xalqaro savdo markazidagi vakili Said Zoirshoh keyingi yillarda O‘zbekiston dunyo davlatlari bilan ijtimoiy-iqtisodiy, madaniy, savdo va sarmoyaviy sohalarda o‘zaro hamkorlik aloqalarini yangi formatda rivojlantirayotganini alohida ta’kidladi. Bu jarayonda qo‘shni Afg‘oniston va Qozog‘iston davlatlari ham mamlakatning yaqin hamkorlaridan biri bo‘lib kelayotgani, xalqaro savdo markazida Qozog‘iston pavilonining ish boshlagani davlatlarimiz o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy munosabatlarni yanada mustahkamlashga xizmat qilishi qayd etildi.
Qadimda sharq va g‘arbni bog‘lagan Buyuk ipak yo‘lining chorrahasida joylashgan Termizda savdo-sotiq rivojlangan. Shuningdek, turli davlatlarning savdogar va hunarmandlari, me’moru, olimlari Termiz orqali boshqa mamlakatlarga ham o‘tgan. Bizning davrimizga kelib, mazkur iqtisodiy koridor yana qayta tiklanmoqda.

Surxondaryo viloyatining Termiz tumanida O‘zbekiston – Afg‘oniston chegarasida barpo etilgan “Termiz” xalqaro savdo markazi erkin savdo zonasi 36 gektar maydonda barpo etilgan. Qiymati 70 million dollarga teng loyiha Afg‘oniston, Pokiston va boshqa mamlakatlar tadbirkorlariga sanoat, iste’mol tovarlari savdosi hamda eksportini o‘stirishda muhim o‘rin tutadi.

Erkin savdo zonasida yaratilgan imtiyozlar doirasida barcha chet davlat fuqarolariga O‘zbekistonga kirish vizasisiz 15 kun markazda bo‘lish va chiqish imkoniyati berilgan. O‘zbekiston so‘mi bilan birga AQSH dollari, yevro, Rossiya rubli va yuan qabul qilish tizimi joriy etilgan. Markaz hududiga keluvchi barcha tovarlar bojxona to‘lovlarisiz joylashtiriladi va chiqariladi. Hududda banklar, notariuslar va boshqa davlat xizmatlari ko‘rsatish markazlari faoliyat yuritmoqda. Shuningdek, majmuada “Hilton Garden Inn” mehmonxonasi, “Akfa Medline” zamonaviy tibbiyot majmuasi, yirik savdo markazi, restoran, xostel, yiliga 900 ming tonna yuk aylanmasi quvvatiga ega yirik logistika markazi hamda ishlab chiqarish korxonalari bunyod etilgan. Maydoni 50 ming kvadrat-metr bo‘lgan mingta savdo do‘koni, bir yilda 100 ming yuk mashinasini qabul qilish quvvatiga ega avtoturargoh qurilgan.

Mutaxassislarning aytishicha, xalqaro savdo markazi Karachi-Termiz-Toshkent-Qozog‘iston-Rossiya transport koridorining muhim bog‘lovchi qismi hisoblanib, Hind okeani portlariga chiqish imkonini beradi.
Yirik majmuada zamonaviy texnologiyalar asosida mahsulotlarni qabul qilish, saqlash, qayta ishlash inshootlari mavjud bo‘lib, yuklarni “Yagona darcha” tamoyili asosida tezkor rasmiylashtirish uchun barcha qulaylik bor.
Xalqaro savdo markazi ish boshlaganida O‘zbekiston va Afg‘oniston ishbilarmonlari majmuada yaratilgan bu qulayliklardan foydalana boshlagan bo‘lsa, endilikda dunyoning ko‘plab davlatlari bu yerga katta qiziqish bildirmoqda. Markazda Xitoy paviloni ishlayotgani, Qozog‘iston o‘z pavilonini ochgani, Belarus, Qirg‘iziston, Tojikiston Respublikalari savdo shoxobchalarini tashkil etayotgani va Rossiyaning Novosibirsk viloyati vakillari ham markazga katta qiziqish bilan qarayotgani bunga yaqqol dalildir.

– Markazda mamlakatimiz pavilonining tashkil etilgani raqobatbardosh mahsulotlarimizni Afg‘oniston, Pokiston va boshqa davlatlarga targ‘ib qilib, savdo aloqalarimizni yuksaltirishga katta imkoniyat yaratadi, – deydi Qozog‘iston Respublikasining “Savdo siyosatini rivojlantirish markazi QazTrade” aksiyadorlik jamiyati mutaxassisi Ujarqin Kemilova. – Biz Xitoy, Eron, Rossiya kabi davlatlarda har yili forum tashkil etib, mamlakatimiz tadbirkorlari ishlab chiqarayotgan mahsulotlarni targ‘ib qilamiz. Bu yil Afg‘oniston va O‘zbekistonda ham shunday forum o‘tkazishni rejalashtirganmiz. Ushbu pavilonda mamlakatimizda ishlab chiqarilgan eng sara oziq-ovqat mahsulotlari o‘rin olgan. Kelgusida boshqa tovarlar bilan ham boyitamiz.

– O‘zbekistonda mahsulotlarimiz o‘z mijozlariga ega, – deydi “QazImport” xalqaro hamkorlik va savdo markazi” mas’uliyati cheklangan jamiyatining O‘zbekistondagi vakilasi Alyona Xatitovskaya. – Bu pavilondan joy olgan sifatli mahsulotlarimiz hamkor va xaridorlarimiz geografiyasini yanada kengaytirishiga umid qilamiz.
– Asosan oziq-ovqat mahsulotlari savdosi bilan shug‘ullanaman, – deydi Afg‘onistonning Faryob viloyati Qo‘rg‘on shahrida yashaydigan tadbirkor Said Zahiriddin. – Bu markaz biz uchun juda katta imkoniyat bo‘ldi. Mamlakatlarimiz chegarasida joylashgan majmuaga shundoq vizasiz kirib, istagancha mahsulot xarid qilishimiz mumkin. Endi Qozog‘iston ham bu yerda o‘z mahsulotlari savdosini tashkil etgani yanada xayrli ish bo‘ldi.
Tadbir doirasida tomonlar o‘zaro investitsiyalarni ko‘paytirish, savdo to‘siqlarini bartaraf etish va logistika imkoniyatlarini kengaytirish yuzasidan o‘zaro fikr ham almashdi.
Qozog‘iston delegatsiyasi a’zolari “Termiz” xalqaro savdo markazi bilan yaqindan tanishdi.
Tantanali marosimda Qozog‘iston Respublikasining O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Beybut Atamkulov ishtirok etdi.
Xolmo‘min Mamatrayimov,
O‘zA muxbiri