Termiz hadis maktabiga bag‘ishlangan anjuman o‘tkaziladi
Mamlakatimiz poytaxtida 6-11-iyul kunlari bo‘lib o‘tadigan “Islom sivilizatsiyasi: tinchlik, bag‘rikenglik va ilm-ma’rifat yo‘li” mavzuidagi I Xalqaro islom sivilizatsiyasi forumi doirasida 9-iyul kuni Termiz shahrida “Termiz hadis maktabi: allomalar merosi va zamonaviy tadqiqotlar” mavzuiga bag‘ishlangan IV xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya tashkil etiladi.
Ayni paytda Surxondaryo viloyatida O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, Din ishlari bo‘yicha qo‘mitasi va Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tashkil etayotgan anjumanga puxta hozirlik ko‘rilmoqda.
Ilmiy-amaliy konferensiyada ICESCO, IRCICA, TURKSOY kabi nufuzli xalqaro tashkilotlar, Oksford islom tadqiqotlari markazi, Buyuk Britaniya, Jazoir, Italiya, Misr, Pokiston, Turkiya, Markaziy Osiyo davlatlaridan taniqli diniy ulamolar, bosh muftiylar, inson huquqlari bo‘yicha ekspertlar, islomshunos, hadisshunos olimlar va mutaxassislar, xalqaro ekspertlar ishtirok etishi kutilmoqda.

Nufuzli konferensiyaga Prezidentimiz g‘oyasi bilan Yangi O‘zbekistonda Uchinchi Renessans poydevorini yaratish, islom ma’rifati g‘oyalarini chuqur o‘rganish va ularni jahon jamoatchiligiga yetkazish yo‘lidagi izchil islohotlarni ifoda etadigan “Islom sivilizatsiyasi: tinchlik, bag‘rikenglik va ilm-ma’rifat yo‘li” mavzuidagi I Xalqaro islom sivilizatsiyasi forumining ajralmas va muhim tarkibiy qismi sifatida qaralmoqda. Anjuman qadim Termizda shakllangan hadisshunoslik maktabi va uning namoyandalari qoldirgan boy ilmiy merosni chuqur o‘rganishga, Imom Termiziy va boshqa termizlik allomalarning jahon islom sivilizatsiyasi rivojiga qo‘shgan ulkan hissasini ilmiy jihatdan tadqiq etish va nodir merosni xalqaro miqyosda keng targ‘ib qilishga qaratilgan.
Unda hadisshunoslik sohasidagi zamonaviy ilmiy izlanishlar, qo‘lyozma manbalarni o‘rganish, ularni raqamlashtirish va ilmiy muomalaga kiritish, islom ma’rifati hamda insonparvarlik g‘oyalarini targ‘ib qilish bilan bog‘liq dolzarb masalalar muhokama etiladi. Konferensiyaning yalpi majlisi va ikkita shu’ba yig‘ilishi qiziqarli ma’ruzalarga boy bo‘lishi kutilmoqda. Jumladan, shu’ba yig‘ilishlarining birinchi yo‘nalishi “Imom Termiziy va Termiz hadisshunoslik maktabining shakllanishi” mavzuiga bag‘ishlanib, unda Termiz hadis maktabining paydo bo‘lish tarixi, uning ilmiy muhiti, Imom Termiziyning hayoti va ijodi hamda hadis ilmlari taraqqiyotiga qo‘shgan hissasi, “Termizlik ulamolar asarlarining mohiyati va ularning manbashunoslik tahlili” mavzuidagi ikkinchi yo‘nalishida termizlik allomalarning qo‘lyozma va bosma asarlari, ularning ilmiy xususiyatlari, manbalar bazasi hamda tadqiqot metodologiyasi singari dolzarb mavzularda ma’ruzalar tinglanadi.

Ilmiy-amaliy konferensiya Termizdan yetishib chiqqan buyuk muhaddislar va mutafakkirlarning boy ilmiy merosini xalqaro miqyosda keng tushuntirish, islom ma’rifati g‘oyalarini keng yoyish hamda turli mamlakatlar olimlari o‘rtasida ilmiy muloqotni mustahkamlashda muhim xalqaro platforma vazifasini bajaradi. Anjuman qatnashchilari Surxondaryo viloyatidagi Hakim Termiziy va Imom Termiziy majmualarini ziyorat qiladi. Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bilan yaqindan tanishadi.
Xolmo‘min Mamatrayimov,
O‘zA muxbiri