Tergov yoki sud ishlarini hal etishga aralashganlik va sudga hurmatsizlik uchun qanday javobgarlik belgilandi?
2026-yil 11-sentabrdagi «O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimcha kiritish to‘g‘risida»gi qonun asosida Jinoyat kodeksining 236-moddasi va Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 180-moddasiga o‘zgartishlar kiritildi.
O‘zbekiston Respublikasi Odil sudlov akademiyasi rektori, yuridik fanlar doktori Sherzod Abduqodirov mazkur o‘zgarishlar mohiyati va ahamiyati haqida gapirib berdi:
– Mustaqillik yillarida, ayniqsa, 2016-yildan keyingi islohotlar bosqichida O‘zbekistonda sud hokimiyatining mustaqilligini ta’minlash, uni ijro etuvchi va qonun chiqaruvchi hokimiyat organlari, shuningdek, har qanday manfaatdor shaxslarning noqonuniy ta’siridan himoya qilish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi. Shu nuqtai nazardan, tergov va sud ishlarini hal etishga noqonuniy aralashishning oldini olish, bunday harakatlar uchun javobgarlikning aniq va samarali mexanizmlarini belgilash doimiy dolzarb ahamiyat kasb etmoqda.
Yangi qonun bilan Jinoyat kodeksining 236-moddasiga tegishli o‘zgartirishlar kiritildi. Mazkur normaga o‘zgartirish kiritilgunga qadar amalda bo‘lgan tahrirda tergov ishlariga ham, sud ishlariga ham aralashish yagona jinoyat tarkibi doirasida, ular o‘rtasida farq qo‘yilmagan holda tartibga solingan va nisbatan qat’iy sanksiyalar belgilangan edi. Yangi tahrirda esa mazkur norma tarkibiy jihatdan qayta shakllantirilib, tergov faoliyatiga aralashish hamda sud ishlariga aralashish bilan bog‘liq harakatlarni mustaqil jinoyat tarkiblari sifatida ajratish imkoni yaratildi.
Normaning qayta tahrir qilinishi, avvalo, yuridik-texnik nuqtai nazardan, umumiy sub’ekt tomonidan sodir etiladigan aralashuvni mansabdor shaxs tomonidan o‘z xizmat mavqei va vakolatlaridan foydalangan holda sodir etiladigan aralashuvdan aniq farqlashga qaratilgan. Bunda jinoiy javobgarlikni tabaqalashtirish (differensiatsiya) prinsipi izchil amalga oshirilgan. Ya’ni, umumiy sub’ekt tomonidan sodir etilgan qilmish uchun nisbatan yengilroq jazo nazarda tutilgan bo‘lsa, mansabdor shaxs tomonidan xizmat mavqeidan foydalangan holda sodir etilgan qilmish uchun uning ijtimoiy xavfliligi va mavjud vakolatlaridan kelib chiqqan holda kuchaytirilgan javobgarlik belgilangan.
Jinoyat tarkibi nuqtai nazaridan tahlil qilinganda, mazkur jinoyatning ob’ekti odil sudlovni amalga oshirish sohasidagi ijtimoiy munosabatlar, shuningdek, surishtiruv va tergov organlari, prokuratura hamda sud faoliyatining qonun bilan belgilangan tartibini ta’minlovchi ijtimoiy munosabatlar hisoblanadi. Jinoyatning ob’ektiv tomoni esa surishtiruvchi, tergovchi, prokuror, sudya yoki xalq maslahatchisiga nisbatan turli shakllarda qonunga xilof ravishda ta’sir o‘tkazishda ifodalanadi.
Qonun normasida ta’sir o‘tkazishning aynan «qonunga xilof» bo‘lishiga urg‘u berilishi mazkur jinoyat tarkibining normativ-blanket xususiyatini namoyon etadi. Binobarin, muayyan ta’sirning qonuniy yoki noqonuniy ekanligi har bir konkret holatda jinoyat-protsessual, ma’muriy, davlat fuqarolik xizmati va boshqa tegishli qonunchilik normalari asosida aniqlanishi lozim.
Jinoyatning sub’ektiv tomoni bevosita qasd bilan tavsiflanadi. Bunda aybdor shaxsning maqsadi tergov bo‘yicha ishni har tomonlama, to‘la va xolisona o‘rganishga to‘sqinlik qilish, sud ishi bo‘yicha esa ishni har tomonlama, to‘la va xolisona ko‘rib chiqishga xalaqit berish yoxud adolatsiz hukm, hal qiluv qarori, ajrim yoki qaror qabul qilinishiga erishishdan iborat bo‘lishi mumkin.
Jinoyat sub’ekti umumiy bo‘lib, o‘n olti yoshga to‘lgan, aqli raso jismoniy shaxs bo‘lishi mumkin. Shu bilan birga, mansabdor shaxs tomonidan xizmat mavqeidan foydalangan holda sodir etilgan harakatlar alohida, og‘irroq javobgarlikni nazarda tutuvchi holat sifatida belgilangan. Bu esa javobgarlikni shaxsning huquqiy maqomi va uning ta’sir o‘tkazish imkoniyatlariga mutanosib ravishda belgilashga xizmat qiladi.
Sudga hurmatsizlik bilan bog‘liq ma’muriy javobgarlik sohasida ham muayyan aniqlashtirishlar amalga oshirildi. Xususan, amaldagi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 180-moddasida guvoh, jabrlanuvchi, da’vogar, javobgar, ishda ishtirok etuvchi boshqa shaxslarning sudga kelishdan qasddan bo‘yin tovlashi, mazkur shaxslar yoki boshqa fuqarolarning raislik qiluvchining farmoyishiga bo‘ysunmasligi, shuningdek, sud majlisi vaqtida tartibni buzishi sudga hurmatsizlik sifatida belgilangan.
Yangi o‘zgartishlarga ko‘ra, norma dispozitsiyasidagi «sud majlisi paytida» degan ibora «yoki sud binosida» degan so‘zlar bilan to‘ldirildi. Mazkur o‘zgartishning amaliy ahamiyati shundaki, sudga hurmatsizlik uchun ma’muriy javobgarlik endi faqat sud majlisi jarayonida sodir etilgan harakatlar bilan cheklanmaydi. U sud majlisi boshlanishidan oldin yoki tugaganidan keyin sud binosida, jumladan, kutish zallari va boshqa tegishli xonalarda sodir etilgan hurmatsizlik harakatlarini ham qamrab oladi.
Shu tariqa, mazkur o‘zgartish sud majlisi jarayonidan tashqarida, biroq sud binosida sodir etilgan huquqqa xilof va sud nufuziga putur yetkazuvchi xatti-harakatlarni huquqiy jihatdan qamrab olishga xizmat qiladi. Buni amaliyotda mavjud bo‘lishi mumkin bo‘lgan huquqiy bo‘shliqni bartaraf etishga qaratilgan maqsadli qonunchilik chorasi sifatida baholash mumkin.
Umuman olganda, tergov va sud faoliyatiga noqonuniy aralashish uchun javobgarlik belgilash huquqiy tizimlarda odil sudlovni himoya qilishga qaratilgan universal huquqiy institutlardan biri hisoblanadi. Turli huquqiy tizimlarda mazkur institut «odil sudlovga to‘sqinlik qilish», «sudga hurmatsizlik» va boshqa shu kabi huquqiy kategoriyalar orqali ifodalanadi.
Sudyalar mustaqilligi va daxlsizligini ta’minlashga qaratilgan xalqaro standartlar ham davlatlardan sudyalar va odil sudlovni amalga oshiruvchi boshqa sub’ektlarni har qanday noqonuniy ta’sirdan samarali himoya qilishga qodir huquqiy mexanizmlarni shakllantirishni talab etadi. Shu nuqtai nazardan, tergov va sud ishlariga aralashish uchun javobgarlikni tabaqalashtirish, mansabdor shaxs tomonidan sodir etilgan aralashuv uchun kuchaytirilgan javobgarlik belgilash, shuningdek, sud binosida sodir etilgan hurmatsizlik harakatlarini ma’muriy javobgarlik doirasiga kiritish sud hokimiyati mustaqilligini institutsional jihatdan mustahkamlashga qaratilgan milliy huquqiy choralar sifatida baholanishi mumkin.
Bunday yondashuv, bir tomondan, sud va tergov organlarining qonuniy faoliyatiga tashqi ta’sir o‘tkazilishining oldini olishga, ikkinchi tomondan esa, odil sudlovning xolisligi, mustaqilligi va samaradorligini ta’minlashga xizmat qiladi. Shu bilan birga, javobgarlik choralarining qilmishning xususiyati, sub’ektning maqomi va uning ijtimoiy xavflilik darajasiga mutanosib ravishda belgilanishi jinoiy-huquqiy siyosatning adolat va differensiatsiya prinsiplarini ta’minlash nuqtai nazaridan ham muhim ahamiyatga ega.
Norgul Abduraimova, O‘zA