Tergov sudyasi instituti joriy etilmoqda
Jizzax viloyatida O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi, Sudyalar oliy kengashi hamda Sudyalar oliy maktabi tomonidan tergov sudyasi instituti joriy etilishi doirasida amalga oshirilgan ishlar, tergov sudyalarining vazifalari va asosiy yo‘nalishlari bilan bog‘liq masalalar bo‘yicha ochiq muloqot o‘tkazildi.
Unda viloyat sudining jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati sudyalari, jinoyat ishlari bo‘yicha tuman, shahar sudlarining tergov sudyalari hamda prokuratura, ichki ishlar organlarining surishtiruv va tergov xodimlari, viloyat bojxona, soliq boshqarmalari ma’muriy amaliyot xodimlari, advokatlar hamda ommaviy axborot vositalarining vakillari ishtirok etdi.
Keyingi yillarda mamlakatimizda inson huquqlarini himoya qilish tizimini “Inson qadri uchun” tamoyili asosida yangi bosqichga ko‘tarish, sud va huquqni muhofaza qiluvchi organlar faoliyatida shaxsning huquq va erkinliklari himoyasining kafolatlarini kuchaytirish, shuningdek, aholining huquqni muhofaza qilish tizimiga bo‘lgan ishonchini mustahkamlashga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda. Buning amaldagi tasdig‘i sifatida Prezidentimizning joriy yil 10 iyundagi “Tezkor qidiruv hamda tergov faoliyatida shaxsning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini yanada kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonini keltirishimiz mumkin.
[gallery-20912]
Tadbirda ma’ruzachilar tomonidan davlatimiz rahbarining ushbu farmoni bilan sud-huquq tizimidagi zamonaviy talablar va xalqaro standartlar asosida 2025 yil 1 yanvardan jinoyat ishlari bo‘yicha tuman, shahar sudlarida tergov sudyasi lavozimi joriy etilishi haqida ma’lumotlar berildi. Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad sudlar faoliyati samaradorligini oshirish, ishni sudga qadar yuritishda taraflarning tengligi va tortishuvi prinsipini amalda ta’minlash, shuningdek, tezkor-qidiruv hamda tergov faoliyatida shaxsning huquq va erkinliklari samarali himoya qilinishiga erishishdan iborat ekanligi ta’kidlandi.
Fikr-mulohazalar hamda savol-javoblarga boy tarzda o‘tgan ochiq muloqotda ishtirokchilar yangi tashkil etilayotgan tergov sudyalari faoliyati bilan bog‘liq savollarga batafsil javob oldi.
Tadbirdan so‘ng ishtirokchilar Jizzax davlat pedagogika universiteti qoshidagi “Qatag‘on qurbonlari xotirasi” muzeyi faoliyati, Jinoyat ishlari bo‘yicha Jizzax shahar sudida tergov sudyasi uchun hozirlangan xona va undagi shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishtirildi.
Muxtasar aytganda, tergov sudyasi lavozimini joriy etish surishtiruv va tergov faoliyatida shaxsning huquq va erkinliklarini sud orqali ishonchli himoyalash va aholining sudlarga bo‘lgan ishonchini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA muxbirlari