Tergov hibsxonasidagi holat o‘rganildi
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman)ning Andijon viloyatidagi mintaqaviy vakili Gulnora Abduvohidova tomonidan Andijon viloyatidagi tergov hibsxonasidagi holat, mazkur muassasada saqlanayotgan shaxslar uchun yaratilgan sharoitlar o‘rganildi.
Yurtimizda har bir fuqaroning u kim bo‘lishidan qat’i nazar huquq va erkinliklarini ta’minlash Bosh qomusimiz va boshqa qonun hujjatlarida qat’iy belgilab qo‘yilgan. Xususan, tergov hibsxonalarida saqlanayotgan shaxslar huquqlari himoyasini ta’minlash, muammolarini bartaraf etish borasida ham keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda.
Dastlab, muassasada saqlanayotgan shaxslarning qarindoshlari bilan uchrashish xonasi, oziq-ovqat, dori-darmon mahsulotlari berish, muassasaga tashrif buyuruvchilarga ruxsatnoma yozib berish hamda kutish zalini o‘z ichiga olgan bino ko‘zdan kechirildi. Binoda fuqarolar uchun zarur barcha sharoitlar yaratilganligi ma’lum bo‘ldi.
Jarayonda tergov hibsxonasiga tashrif buyurgan fuqarolar bilan suhbatlashildi, ularning fikrlari o‘rganildi. Bundan tashqari, hibsxona oshxonasi o‘rganilganda oshxonada mahsulotlar sifatli saqlanayotganligi, ishlovchilar sanitariya-gigiyena qoidalariga amal qilayotganliklari, ovqatlar belgilangan normalar asosida tayyorlanayotgani kuzatildi.
Jarayonda muassasada saqlanayotgan shaxslardan kuzatuv kameralaridan xoli joylarga o‘rnatilgan, tegishli tartibda muhrlangan “Ombudsman quti” lariga 12 murojaat tushganligi ma’lum bo‘ldi. Murojaatlar mualliflari bilan suhbatlar o‘tkazildi, 10 nafar fuqaroning murojaati sud jarayonlariga taalluqli bo‘lganligi sababli bu haqida ularga huquqiy tushuntirish va tavsiyalar berildi. Bir nafar mahbusga tibbiy yordam ko‘rsatildi, yana bir mahbusning advokat ko‘magi masalasi ijobiy hal etildi.
O‘rganish yakunlari bo‘yicha muassasa mas’ullariga tegishli taklif va tavsiyalar berildi.
F. UBAYDULLAEV, O‘zA