Tennischilarimiz "Billie Jean King Cup" turnirda Laos bilan o‘ynaydi
Malayziya poytaxti Kuala-Lumpur shahrida tennis bo‘yicha "Billie Jean King Cup" musobaqasining Osiyo/Okeaniya mintaqasi II guruh bahslari davom etmoqda. Unda O‘zbekiston ayollar terma jamoasi “V” guruhida ishtirok etmoqda.
Tennischilarimiz musobaqaning ikkinchi turida Laos terma jamoasiga qarshi kortga chiqadi. Bugun,17-iyun kuni bo‘lib o‘tadigan mazkur o‘yinning yakkalik bahslarida dastlab Nigina Alimova laoslik Aliya Vongdalaga qarshi kortga chiqsa, keyingi uchrashuvda Sevil Yo‘ldosheva va Delila Patummakuronen to‘qnashuvi tashkil etiladi.
Shuningdek, juftliklar bahsida Nigina Alimova va Sevil Yuldosheva tandemi Aliya Vongdala hamda Malaylak Delila Patummakuronenga qarshi kortga chiqadi. Biroq yakkalik bellashuvlari natijasiga qarab, juftliklar tarkibida o‘zgarish yuz berishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, "Billie Jean King Cup" musobaqasining dastlabki turida terma jamoamiz Shri-Lanka termasiga qarshi o‘yin o‘tkazib, 2:1 hisobida zafar quchgan edi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA