Teng huquq – mustahkam jamiyat
Xotin-qiz huquqlarini himoya qilish jamiyat taraqqiyotining oddiy bir yo‘nalishi emas, balki inson qadri, adolat va qonun ustuvorligini belgilaydigan muhim mezondir. Ayol o‘z haq-huquqini bilgan, uning qonuniy manfaatlari ishonchli himoya qilingan muhitdagina teng imkoniyatlar amalda qaror topadi. Shu bois gender tenglik masalasi bugun huquqiy tizim, davlat boshqaruvi va jamoatchilik e’tiboridagi dolzarb yo‘nalishlardan biri bo‘lib qolmoqda.
Ana shu muhim masalalar Jizzax viloyat sudi binosida bo‘lib o‘tgan davra suhbatida ham atroflicha muhokama qilindi. Jizzax viloyati oila va xotin-qizlar boshqarmasi, ichki ishlar boshqarmasi, Ijtimoiy himoya milliy agentligi hamda O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari assotsiatsiyasining Jizzax viloyati hududiy bo‘linmasi hamkorligida tashkil etilgan muloqotda xotin-qizlarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, gender tenglikni ta’minlash, tazyiq va zo‘ravonlikning oldini olish kabi masalalar yuzasidan fikr almashildi.

Muloqotda Xalq deputatlari Jizzax viloyati Kengashi deputati Nazifa Kamolova ham ishtirok etib, xotin-qizlarning huquqiy himoyasini yanada kuchaytirish, ularning qonuniy manfaatlarini ta’minlash va jamiyatda gender tenglik tamoyillarini qaror toptirish yuzasidan fikr bildirdi.
Aslida, bunday muloqotlarning ahamiyati faqat muammoni muhokama qilish bilan cheklanmaydi. Eng muhimi, huquqiy himoyaga muhtoj insonning murojaati eshitilishi, mas’ul tuzilmalar o‘rtasida hamkorlik yo‘lga qo‘yilishi va har bir aniq masala yechimiga mas’uliyat bilan yondashilishi kerak. Shu ma’noda davra suhbatida xotin-qizlarning huquqiy himoyasini kuchaytirish, gender tenglikni ta’minlash, tazyiq va zo‘ravonlikning oldini olish, murojaatlar bilan ishlash samaradorligini oshirish, mas’ul idoralar o‘rtasida hamkorlikni yanada mustahkamlashga alohida e’tibor qaratilgani muhimdir.

Bugun mamlakatda xotin-qizlarning huquq va imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan siyosat izchil huquqiy asos bilan mustahkamlanmoqda. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 3-dekabrdagi “Xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlashga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni xotin-qizlarning iqtisodiy faolligini oshirish, ularning daromad topish va kasb-hunar o‘rganish imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan. Hujjatda mahallalarda xotin-qizlarning bandligini ta’minlash va salomatligini mustahkamlash markazlari faoliyatini kengaytirish, 2026-2027-yillarda “Hamroh” xotin-qizlar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash kompaniyasi” MCHJ tomonidan 6 ming nafar xotin-qizning tadbirkorlik loyihalarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash uchun 2 trillion so‘m yo‘naltirish, 2 ming 800 nafar xotin-qizni tadbirkorlikka o‘qitish va 2 ming nafar xotin-qizning tadbirkorlik faoliyatiga hamrohlik qilish vazifalari belgilangan.

Jizzax viloyatida ham xotin-qizlarning iqtisodiy va ijtimoiy faolligini oshirishga qaratilgan amaliy ishlar izchil davom etmoqda. Xususan, 2026-yil 18-fevral kuni xotin-qizlar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan “Women Entrepreneurship Support Programme (WESP)” akseleratsion o‘quv dasturini muvaffaqiyatli tamomlagan ishtirokchilarga sertifikatlar topshirildi. Dastur Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi, Viloyat Oila va xotin-qizlar boshqarmasi, Savdo-sanoat palatasi Jizzax viloyati boshqarmasi, “Tadbirkor ayol” Jizzax viloyat bo‘limi hamkorligida tashkil etilgan bo‘lib, unda biznes asoslari, moliyaviy boshqaruv, marketing va brending, strategik rivojlanish, soliq va huquqiy masalalar bo‘yicha bilim va ko‘nikmalar berildi.

Bu jarayonning yana bir muhim jihati shundaki, gender tenglikni ta’minlash faqat iqtisodiy imkoniyat yaratish bilangina cheklanmaydi. Insonning huquqi poymol bo‘lmasligi, tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilinishi, murojaati e’tiborsiz qolmasligi ham shu tizimning uzviy qismi hisoblanadi. Shu bois Jizzax viloyatida jamoat xavfsizligini ta’minlash masalalari muhokama qilingan yig‘ilishlarda xotin-qizlar va bolalarga nisbatan zo‘ravonlikning oldini olish, “qizil” toifadagi mahallalar bilan manzilli ishlash bo‘yicha mas’ullarga aniq vazifalar yuklatilgani ham e’tiborga molik.

Zero, huquqiy himoyaning qudrati uning qog‘ozdagi ifodasida emas, inson hayotidagi amaliy natijasida namoyon bo‘ladi.
Abdujalol Qayumov, O‘zA muxbiri