“Temur tuzuklari” ilk bor belarus tilida nashr etildi
Mamlakatimizda milliy tarix va boy ma’naviy merosni xalqaro miqyosda keng targ‘ib etish, uning ilmiy va amaliy ahamiyatini oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu borada xorijiy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan loyihalar muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Nizomiy nomidagi O‘zbekiston milliy universiteti hamda Maksim Tank nomidagi Belarus davlat pedagogika universiteti bilan hamkorlikda tashkil etilgan Innovatsion pedagogika qo‘shma ta’lim oliy maktabi tashabbusi bilan “Temur tuzuklari” asari belarus tiliga tarjima qilinib, “Ulajenne Syamura” nomi ostida nashr etildi.
Qayd etilishicha, janr jihatidan hujjatli, tarixiy, badiiy va avtobiografik xususiyatlarga ega bo‘lgan mazkur asar ilk bor belarus tiliga o‘girildi. “Amir Temur oyligi” doirasida chop etilgan ushbu nashr belaruslik kitobxonlar uchun Sohibqiron davridagi davlatchilik tarixi va boshqaruv tizimini o‘rganishda muhim manba bo‘lib xizmat qiladi.
Innovatsion pedagogika qo‘shma ta’lim oliy maktabi dekani, professor Omilxon Ismoilovning ta’kidlashicha, Belarus Respublikasiga amalga oshirilgan safar davomida xorijlik talabalarning buyuk ajdodlarimiz va ularning jahon tarixidagi o‘rniga bo‘lgan qiziqishi yuqori ekani kuzatilgan. Jumladan, Maksim Tank nomidagi Belarus davlat pedagogika universitetida o‘tkazilgan dars mashg‘ulotlarining biri Amir Temur va temuriylar davlati tarixiga bag‘ishlangani, shuningdek, talabalarning “Temur tuzuklari”ga bo‘lgan qiziqishi mazkur asarni belarus tiliga tarjima qilish g‘oyasining yuzaga kelishiga turtki bo‘lgan.

Ikki yil davom etgan izlanishlar natijasida asar belarus tiliga tarjima qilinib, nashr etildi. Mazkur tashabbus ikki xalq o‘rtasidagi ma’naviy yaqinlikni mustahkamlash, milliy tarix va madaniy merosimizni xalqaro miqyosda keng targ‘ib etishga xizmat qiladi.

Shuningdek, “Temur tuzuklari” asarini arab, xitoy, ingliz, fransuz, ispan va rus tillarida nashr etish hamda 2030-yilgacha mo‘ljallangan “Yo‘l xaritasi” doirasida noyob qo‘lyozmalarni raqamlashtirish ishlari ham rejalashtirilgan.
M.Hojiakbarova, O‘zA