«Temur Turkiston amiri» kitobining taqdimoti o‘tkazildi
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi binosida uyushma a’zosi, yozuvchi Xayriddin Begmatovning «Temur Turkiston amiri» kitobining taqdimoti o‘tkazildi.
Tadbirni O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi, xalq shoiri Sirojiddin Sayyid ochib berdi. Adabiy kechada O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimlari To‘lqin Hayit, Hosiyat Bobomurodova, Zulfiya Mo‘minova va boshqalar so‘zga chiqib, Xayriddin Begmatov hayot yo‘li, ijodi haqida mulohazalar yuritishdi. Adibning qayta chop etilgan kitobida Sohibqiron tarixi haqida ko‘plab yangi va asosli ma’lumotlar borligini ta’kidlashdi.

«Temurbek Turkiston Amiri» tarixiy romani «Sharq» nashriyot-matbaa aksiyadorlik kompaniyasi tomonidan Qodirjon Qayumov muharrirligida chop etilgan.
Kitob taqdimoti qo‘shaloq bayramga aylanib ketdi. Uzoq yillik tajribaga ega pedagog Xayriddin Begmatovga Xalq ta’limi mas’ullari tomonidan «Xalq ta’limi a’lochi» ko‘krak nishoni topshirildi.

MA’LUMOT O‘RNIDA, Xayriddin Begmatov 1950 yil yil 1 oktyabrda Samarqand viloyati Narpay tumanidagi Nishoviddin qishlog‘ida tug‘ilgan. Dastlab qishloqdagi o‘rta maktabni, keyinchalik Samarqand Davlat universiteti o‘zbek filologiyasi fakultetini tamomlagan. So‘ng qishloq maktabida 50 yilga yaqin adabiyot va ona tili fanidan bolalarga saboq bergan.

– Ustoz Xayriddin Begmatovning chin ma’noda Narpay faxri, Amir Temur shaxsini abadiylashtirishga o‘z hissasini qo‘shib kelayotgan munosib voris, – dedi shoira Zulfiya Mo‘minova. – Ustoz hayoti davomida ko‘plab to‘siqlarga uchradi, lekin ortga chekinmadi. Asarlari yuzaga chiqishiga harakat qildi. Ijod namunalari o‘z o‘quvchilarini topdi. Pedagog sifatida ham samimiy, ilmli va shogirdparvar inson.
Taqdimot so‘ngida Xayriddin Begmatov o‘z hayot yo‘li, ijodiy faoliyati, asar yaralish tarixi haqida so‘zlab berdi. O‘quvchilarga asardan parchalar aytib berdi, o‘zining xalqona ohanglar yo‘g‘rilgan she’rlaridan namunalar keltirdi.
D. Mamatova, O‘zA