Teatr tomoshalari haftaligi boshlandi
Qoraqalpoq davlat Yosh tomoshabinlar teatrida «Teatr tomoshalari haftaligi»ning tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda teatr direktori P.Aytmuratov, O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston xalq artisti R.Saparova, O‘zbekiston Badiiy akademiyasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘limi rahbari U.Utegenova, shoira Sh.Paxratdinova yig‘ilganlarni yasharish va yangilanish ayyomi – Navro‘z bayrami hamda teatr tomoshalari haftaligining ochilishi bilan qutladi.
Aholi, shu jumladan yoshlar o‘rtasida milliy madaniyatimiz bilan teatr san’atini keng targ‘ib qilish, ularni teatrlarda sahnalashtirilayotgan asarlar bilan yaqindan tanishtirishda mazkur haftalik muhim ahamiyat kasb etadi. Tadbir doirasida teatr ixlosmandlari nafaqat spektakllar tomosha qiladi, balki turli mavzulardagi davra suhbatlari, taniqli madaniyat xodimlari bilan uchrashuvlar, ko‘rgazma va tanlovlarda ishtirok etadi.
Jumladan, haftalik davomida P.Aytmuratovning “Ustoz taqdiri”, yapon dramaturgi Dzyundzi Kinositaning “Turna parlari”, ingliz dramaturgi V.Shekspirning “Romeo va Juletta”, P.Aytmuratovning “Ovulga qaytish”, K.Raxmanovning “To‘qqiz to‘nqildoq bir chanqildoq” Qoraqalpoq xalq ertagi asosida “Uch dangasa” spektakllari namoyish etiladi. Shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi A.Juzimbetov va teatrshunos, dramaturg J.Xojanovning “Teatr mening hayotimda” ijodiy uchrashuvi, Teatr va aktyor” mavzusidagi ilmiy-amaliy seminar, “Eng yaxshi maqola”, “Eng yaxshi rassomlik ishi”, “Eng yaxshi raqs san’ati” tanlovi, Qoraqalpog‘iston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi P.Aytmuratov tavalludining 60 yilligiga bag‘ishlangan badiiy kecha, “Parda ortidagi sehrli olam” mavzusidagi davra suhbati tashkil etiladi.
Haftalikning ilk kunida tomoshabinlar O‘zbekiston Badiiy akademiyasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘limi bilan hamkorlikda tashkil etilgan «Rassom va teatr» nomli rasmlar hamda «Teatr dekoratsiyalari va liboslari» ko‘rgazmasini tomosha qildi. So‘ng ingliz dramaturgi Rey Kunining «Qora diplomat» komediyasi taqdim etildi.
[gallery-1697]
Dovud Abibullayev,
Maqsad Habibullayev (surat),
O‘zA