Tazyiq va zo‘ravonlikka yo‘l yo‘q
Buxoroda o‘tkazilgan tadbirda xotin-qizlar o‘rtasida huquqbuzarlik va jinoyatchilikning oldini olish, o‘z joniga qasd va suiqasd qilish, erta turmush va erta tug‘ruq holatlari, korrupsiyaga qarshi kurashish, ayollarning bo‘sh vaqtini samarali tashkil etish, ularni turli yod g‘oyalardan himoya qilish masalalari muhokama etildi.
Unda shahar va tumanlar hokimining xotin-qizlar masalalari bo‘yicha maslahatchilari, Ichki ishlar bo‘limlarining huquqbuzarliklar profilaktikasi xotin-qizlar masalalari bo‘yicha mas’ullari hamda IIB XPB voyaga yetmaganlar masalalari bo‘yicha inspektor-psixologlar qatnashdi.
Viloyat IIB XPB boshlig‘ining o‘rinbosari, podpolkovnik Dilfuza Sharopova viloyat hududida joriy yilning 8 oyi mobaynida «Himoya orderi» berilgan hamda huquqbuzarlik va jinoyat sodir etishda ishtirok etgan xotin-qizlar to‘g‘risida axborot berdi.
Ta’kidlanishicha, viloyatda joriy yilning 8 oyi davomida xotin-qizlar tomonidan sodir etilgan jinoyatlar soni 308 tani tashkil etgan. Bu 2020 yildagi ko‘rsatkichdan 100 taga oshgan. Joriy yil 8 oyi davomidagi jinoyatlarni sodir etishda ishtirok etgan xotin-qizlar soni jami 237 nafarni tashkil etgan. Shundan 65 nafari 18-30 yoshgacha bo‘lgan hamda 5 nafar voyaga yetmagan qizlardir. Shuningdek, 1 ming 739 nafar tazyiq va zo‘ravonlik sodir etgan yoki sodir etishga moyil bo‘lgan va tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlangan xotin-qizlarga himoya orderi berilgan. Shundan 13 nafari voyaga yetmaganlar, 532 nafari esa 18-30 yoshgacha bo‘lgan yoshlar.
Yig‘ilishda har bir masala tanqidiy va tahliliy muhokama etildi. Kamchilikka yo‘l qo‘ygan soha rahbarlari ogohlantirildi. Jamiyatning muhim bo‘g‘ini sanalgan xotin-qizlar o‘rtasida bu kabi holatlarning oldini olish borasida mas’ul davlat idoralari o‘rtasida o‘zaro doimiy hamkorlikni yo‘lga qo‘yib, ularning bartaraf etilishi yuzasidan mutasaddilarga tegishli topshiriqlar yuklandi.
Uchrashuvda Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari, viloyat hokimining xotin-qizlar masalalari bo‘yicha maslahatchisi Feruza Ibragimova so‘zga chiqdi.


Zarif Komilov,
O‘zA