Tayvanda o‘zbek adabiyoti tarovati
Adabiyot — xalqlarni bir-biriga yaqinlashtiruvchi, tillar va masofalar osha inson qalbiga yo‘l topuvchi ma’naviy ko‘prik. Shu ma’noda, o‘zbek shoirasi Xosiyat Rustamning mandarin tilida nashr etilgan «Oy hech qachon qaytmagan» (The Moon Never Left) kitobi taqdimotlari hamda tayvanlik maktab o‘quvchilari bilan uchrashuvi o‘zbek adabiyotini xalqaro miqyosda targ‘ib etish yo‘lidagi ahamiyatli madaniy voqealardan biri bo‘ldi.
Joriy yilning 5–8-oktabr kunlari Tayvanda bo‘lib o‘tgan tadbirlar doirasida Xosiyat Rustamning mandarin tilidagi kitobi adabiyot ixlosmandlariga taqdim etildi. Jumladan, 5-oktabr kuni Tansyuy madaniy bog‘idagi Shell Warehouse maskanida, 6-oktabr kuni esa Kaoshung markaziy kutubxonasida kitobxonlar bilan uchrashuvlar tashkil etildi. Mazkur tadbirlar o‘zbek she’riyatining yangi til va madaniy muhitdagi ifodasi, uning xalqaro kitobxonlar bilan muloqoti uchun muhim imkoniyat yaratdi.
Adabiyotdan boshlangan samimiy muloqot
Xosiyat Rustamning Tayvandagi tashrifi kitob taqdimotlari bilangina cheklanmadi. Shoira Tamkang katta o‘rta maktabida o‘quvchilar bilan ham uchrashib, ular bilan adabiyot, ijod va O‘zbekiston haqida suhbatlashdi.
Maktabning xalqaro ta’lim muhitida kechgan muloqot davomida o‘quvchilar o‘zbek shoirasining hayoti, bolaligi, ijodiy olami va Vataniga qiziqish bildirdi. Bu savollar oddiy tanishuvdan ko‘ra kengroq ma’no kasb etib, adabiyot orqali boshqa xalqning tarixi, madaniyati va qadriyatlarini anglashga bo‘lgan intilishni namoyon etdi.
Uchrashuvning eng ta’sirli lahzalaridan biri esa O‘zbekiston davlat bayrog‘i bilan bog‘liq bo‘ldi. Tayvanlik o‘quvchilarning O‘zbekiston bayrog‘ini ko‘tarib, unga qiziqish va samimiy quvonch bilan munosabat bildirishlari do‘stlik va o‘zaro hurmatning yorqin ifodasiga aylandi.
Bunday uchrashuvlar mamlakatlar o‘rtasidagi madaniy aloqalarni mustahkamlash, yosh avlodda turli xalqlar adabiyoti va madaniyatiga nisbatan qiziqish uyg‘otishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Tarjima — she’riyatning yangi qirralari
Xosiyat Rustamning «Oy hech qachon qaytmagan» kitobining mandarin tilida nashr etilishi o‘zbek she’riyatini yangi kitobxonlarga tanitish, milliy adabiyotimizning xalqaro adabiy makondagi ishtirokini kengaytirish yo‘lidagi muhim qadam.
She’riyat tarjimasi so‘zlarni bir tildan ikkinchi tilga ko‘chirish bilangina cheklanmaydi. U shoirning tuyg‘ulari, fikrlari, badiiy ohangi va ichki kechinmalarini boshqa tilda qayta ifodalashni talab etadi. Shu bois tarjimonning mahorati va adabiy tafakkuri asarning yangi madaniy muhitda qanday qabul qilinishida alohida o‘rin tutadi.
Kitob professor, shoir va tarjimon Chiyen Juy-Ling (Chien Jui-Ling) tarjimasida tayvanlik kitobxonlarga taqdim etildi. Nashrning «Mashhur she’rlar to‘plami» turkumida chop etilgani ham o‘zbek adabiyotining yangi kitobxonlar davrasiga kirib borishi uchun ahamiyatli.
Mandarin tilidagi ushbu nashr orqali Xosiyat Rustam she’riyatidagi inson, hayot, xotira va kechinmalar bilan bog‘liq mavzular boshqa til va madaniyat vakillari uchun ham yangicha mushohada maydonini ochadi. Bu esa o‘zbek adabiyotining nafaqat milliy, balki umuminsoniy mazmun va qadriyatlarni ifodalovchi san’at ekanini yana bir bor namoyon etadi.

Tayvanda o‘tkazilgan kitob taqdimotlari va maktab o‘quvchilari bilan uchrashuvlar adabiyotning xalqlar o‘rtasidagi muloqotdagi beqiyos o‘rnini ko‘rsatdi.
O‘zA muxbiri
N.Usmonova tayyorladi.