Taxiatoshda yangi loyiha ishlari olib borilmoqda
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Taxiatosh tumanida aholi turmush sifatini yaxshilash, hududlar infratuzilmasini rivojlantirish borasida izchil ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, kanalizatsiya tizimini yangilash va kengaytirish yo‘nalishida yirik loyiha bosqichma-bosqich hayotga tatbiq etilmoqda.
Xalq deputatlari Taxiatosh tumani Kengashi raisi, O‘zLiDePdan saylangan deputat Rashid Xidirbayev hududda olib borilayotgan qurilish va rekonstruksiya ishlari bilan yaqindan tanishdi. O‘rganish jarayonida ishlarning sifati va muddatlarga rioya etilishi hamda aholiga yaratilayotgan qulayliklar e’tibor markazida bo‘ldi.
Mazkur loyiha O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 6-avgustdagi “Mahallalarda aholi muammolarini aniqlash tizimini takomillashtirish to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq amalga oshirilmoqda. Uni moliyalashtirish uchun xalqaro moliya institutlari, jumladan, Jahon banki mablag‘i jalb etilgan bo‘lib, umumiy qiymati 78 million AQSH dollarini tashkil etadi.

Loyiha doirasida tumanda 77,5 kilometr uzunlikdagi yangi kanalizatsiya tarmog‘i quriladi, 6 ta zamonaviy nasos stansiyasi barpo etiladi va hududning muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasi tubdan yangilanadi. Mazkur keng ko‘lamli ishlar yakuniga yetkazilgandan so‘ng, aholini kanalizatsiya tizimi bilan qamrab olish darajasi hozirgi 13 foizdan 42 foizga yetkazilishi rejalashtirilgan.
Shu bilan birga, oqova suvlarni zamonaviy texnologiyalar asosida qayta ishlash yo‘lga qo‘yilib, ulardan texnik va xo‘jalik ehtiyojlari uchun foydalanish imkoniyati yaratiladi. Qayta ishlangan suvni tomorqa yerlarga yetkazib berish tizimi ham joriy etiladi.
Bunday loyihalar nafaqat infratuzilmani yaxshilash, balki ekologik barqarorlikni ta’minlash, sanitariya holatini mustahkamlash hamda aholining farovon turmushini yuksaltirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri.