Tashqi siyosatning turfa diplomatiyasi
Ayrim tahlilchilar tashqi siyosat bilan diplomatiya tushunchalarini aynan bir narsa deb o‘ylaydi va bir-biriga qorishtirib yuboradi.
Ayrim tahlilchilar tashqi siyosat bilan diplomatiya tushunchalarini aynan bir narsa deb o‘ylaydi va bir-biriga qorishtirib yuboradi. Tashqi siyosat bir mamlakatning boshqa mamlakat bilan yaqin aloqalar o‘rnatishi orqali erishmoqchi bo‘lgan maqsadi bo‘lsa, diplomatiya o‘sha maqsadga erishish san’atidir. Ushbu tushunchalarniing o‘xshash va farqli jihatlaroini dunyodagi eng yirik davlat — Amerika Qo‘shma Shtatlari tashqi siyosati va diplomatiyasi vositasida tushunish va anglashga harakat qilamiz.
AQSh tashqi siyosati tarixan, bir tomondan, tor izolyatsionizm, ikkinchi tomondan esa deyarli qutqaruvchilik intervensionizmiday bir-biridan yiroq nuqtalar o‘rtasida tebranib keldi. Ayni shu narsa bundan ikki yuz yildan oshiq vaqt mobaynida AQShning paydo bo‘lishiga turtki bergan asoslarni o‘zida aks ettiradi.
Ma’lumki, Amerikada asosan boshqa mamlakatlardan ko‘chib kelgan immigrantlarning avlodlari istiqomat qiladi. Ular “Ko‘hna dunyo”dagi diniy ta’qiblar, qashshoqlik yoki urushdan qochib borib qolgan. Shu bois ular taraqqiyot va xavfsizlikka erishishning eng yaxshi yo‘li “Ko‘hna dunyo”ni tark etish, xavotirlarni imkon qadar uzoqroqda qoldirib ketish ekaniga ishondilar. Bu tashqi siyosatda izolyatsionistik yondashuvga olib keldi. AQSh hududini birlashtirish yoki savdo-sotiqni kengaytirish bo‘yicha zarur bo‘lgan shartnomalar tuzishni hisobga olmaganda, Amerika Yevropaning mustamlakachi davlatlari yoki Uzoq Sharq mamlakatlari bilan iloji boricha kamroq aloqa o‘rnatishga harakat qildi.
Amerika Qo‘shma Shtatlari Birinchi va Ikkinchi jahon urushiga kirishga shoshilmadi. Chunki “Ko‘hna dunyo”ning ishlariga o‘ralashib qolmaslik istagi ustuvor edi. Shunday qilib, izolyatsionizm AQSh tashqi siyosatining asosiy tamoyillaridan biriga aylandi. Ammo unga qarshi o‘laroq boshqa bir tamoyil — intervensionizm ham shakllandi. Unda aksariyat amerikaliklarning dunyoqarashini aks ettiruvchi, millatni shakllantirgan, AQShning “Mustaqillik deklaratsiyasi”da belgilab qo‘yilgan va universal deb hisoblanuvchi: “hayot, erkinlik va baxtga intilish” g‘oyalari tajassum topgan.
Aksariyat odamlar, dunyoda yashaydigan barcha davlat va xalq ham erkinlik va demokratiyadan bahramand bo‘lishi kerak, deb hisoblaydi. Dunyoning qator mamlakatlari uni Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasida belgilab qo‘yilgan holicha qabul qiladi. Lekin ayrim mamlakatlarning ozodlik nomidan ish ko‘rib, boshqa davlatlarning ichki ishlariga aralashish holatlari ham yuz berganiga tarix guvoh. Bunga Vetnamdagi urush yaqqol misol bo‘la oladi. “Sovuq urush yillari”da sovet tuzumi va Amerika siyosatida intervensionizm nisbatan kuchli edi. Bu orada AQSh va uning ittifoqchilarini dunyoni bo‘ysundirmoqchi bo‘lgan kommunizmdan himoya qilish zarurat sifatida baholanadi. Amerikalik buyuk diplomat Jorj Kennan iste’molga kiritgan tashqi siyosatning “tiyib turish” doktrinasi zarur bo‘lgan hollarda ushbu tajovuzga qarshi turishni maqsad qilib olgan edi.
Shu bilan birga, “tiyib turish” siyosatiga amal qilar ekan, AQSh G‘arb hayoti haqidagi oshkoralik va ochiq muloqot pirovardida uni boshqalardan ajratib turgan to‘siqlarga barham berishiga umid qilgan. Berlin devori qulaganda aynan shunday bo‘ldi ham. Ko‘plab amerikaliklar, sovuq urushdan so‘ng biz izolyatsionizmga qaytamiz, mamlakatimizdagi maktablar, infratuzilma va shu kabi ijtimoiy muammolarga e’tibor qaratamiz, deb o‘ylagan edi. Ammo Bolqon yarimoroli, Sharqiy Timor, Ruanda, Somali va boshqa joylardagi mojarolar avj olib ketgach, dunyo davlatlari va AQSh ushbu muammolarga befarq qarab tura olmasligini angladi. Tinchlik o‘rnatish operatsiyalariga, odatda, BMTning mandati bilan vakolat berilar, AQSh esa ushbu mojarolarni hal etishga urinardi. BMTning ushbu vaziyatlarni izga soluvchi muassasalarni barpo etish borasidagi sa’y-harakatlar avj oldi, lekin ular hech qachon muammoni hal etadigan darajada tezkor va kuchli emas edi. 2001 yilning 11 sentabrida ro‘y bergan voqealar ushbu munozaraga ta’bir joiz bo‘lsa, dahshatli xotima yasadi.
Izolyatsionizm hissi vaqtincha bo‘lsa ham barham topdi. Amerikaliklar “Al-Qoida”ni qo‘llab turgan “Tolibon” harakati rejimini yo‘qotish uchun Afg‘onistonga harbiy kuch joylashtirish kerakligi xususida yakdillik ko‘rsatdi. Ayni munosabat Iroqqa ham ko‘chdi. Lekin oradan to‘qqiz yil o‘tib, faqat harbiy kuch bilan mintaqada terrorizmga barham berib bo‘lmasligi yoki barqarorlik olib kelish mumkin emasligi oydinlasha boshladi.
Donald Tramp davrida xorijdagi AQSh qo‘shinlarini uyga qaytarish va sog‘liqni saqlash, infratuzilmalarni qaytadan qurish singari ichki muammolarni hal etishga e’tibor qaratish haqidagi da’vatlar yanada kuchli yangramoqda. Amerika intervensionizmi yuqori nuqtasiga yetdi. Biroq ochig‘ini aytganda, AQSh ayni chog‘da qo‘shinlarini yaqin orada Afg‘onistondan olib chiqib ketish niyatida ham emas, ammo ularning soni qisqartirilishi tarafdori. Suriyadan esa to‘rt oy davomida qo‘shinlarni butkul olib chiqish qarori qabul qilindi.
Buni AQSh o‘tgan asrning 90-yillaridagi kabi Afg‘onistonni o‘z holiga tashlab qo‘yishdek xato yana takrorlanishini istamasligidan, deb izohlash to‘g‘ri bo‘ladi. Chunki qo‘shni afg‘on zaminida mojaroli vaziyat saqlanayotgan bir vaqtda barqarorlikni ta’minlash va osoyishtalikka erishish muammoli bo‘lib qolaveradi. Agar manfaatdor tomonlar qurolli muxolifat bilan afg‘on zaminida siyosiy maslahatlashuvlar orqali tinchlik va barqarorlikka erishish bo‘yicha yakuniy kelishuvga erisha olsa, AQSh Afg‘onistondan ham qo‘shinini olib chiqishi mumkin.
Prezident Tramp amerikalik¬larning uzoq muddatli urushlardan bezib ketganiga ishora qilmoqda va shu nuqtai-nazardan qaraganda, uning gapida jon bor. Amerikaliklar hafsalasini pir qilmaslik uchun Vashington Afg‘oniston yoki Yaqin Sharq mintaqasida qanday siyosat yuritishi lozimligi esa boshqa masala. Amerikaning aksar aholisi xorijdagi harbiy amaliyotlarni qisqartirish rejasini qo‘llab-quvvatlaydi. Shu sababdan ham AQShning amaldagi Prezidenti o‘tmishdoshlaridan farqli ravishda, hech qanday buyuk strategiyaga ehtiyoj sezmaydi.
Donald Tramp xalqaro munosabatlarni ko‘proq biznes ko‘zi bilan ko‘radi. Ehtimol, uning G‘arbdagi ittifoqdoshlardan ko‘ra ko‘proq avtoritar liderlar bilan muloqot qilishni afzal bilishining boisi ham aslida shu bo‘lsa, ajab emas.
Muammo esa, aksar davlat rahbarlari so‘zlariga ko‘ra, AQShning o‘z qobig‘iga tobora o‘ralib olayotgani, ko‘p hududlardan oyog‘ini tortayotganida. Natijada xalqaro maydondagi “uloq”ni, ko‘p hollarda, Rossiya va Xitoy olib ketmoqda. “America First” (Amerika Birinchi) jumlasi Donald Tramp prezidentligining asosiy shiorlaridan biriga aylangan, ammo janob Tramp ushbu shiorga zid holatda qator xalqaro kelishuvlardan chiqib ketib, AQShning xalqaro ta’sirini ongli ravishda qisqartirmoqda.
Masalan, AQSh Suriyadan qo‘shinlarini butkul olib chiqib ketishi e’lon qilindi va shunday bo‘ldi ham. Yevropaning o‘z xavfsizligini ko‘proq o‘zi ta’minlashi kerakligini uqtirib, NATO uchun yalpi ichki mahsulotining 2–4 foizi atrofida mablag‘ ajratishini talab qildi. Raketa hujumidan mudofaa tizimlari o‘rnatish uchun Janubiy Koreyadan 2 milliard dollar pul to‘lashni talab qildi.
Ammo AQSh diplomatiyaga alohida ahamiyat qaratmoqchi. Diplomatiya deganda tashqi siyosatni amalga oshirish vositalari nazarda tutiladi, ular turli-tuman tadbirlarni o‘z ichiga oladi. Mamlakatlar o‘rtasidagi aloqalarni yo‘lga solajak asosiy kelishuvlar xususida ko‘ptomonlama va ikki tomonlama muzokara olib borayapti. Masalan, AQSh kompaniyalari boshqa kompaniyalar bilan xalqaro bozorda teng raqobat qilish imkonini berish uchun kelishuvlarga erishish yo‘lini izlamoqda, chunki erkin va ochiq iqtisodiy raqobat o‘sishning harakatlantiruvchi kuchi sanaladi.
Amerika diplomatiyasi faqat Prezident va hokimiyat ijroiya tarmog‘ining ishi emas. Unda Kongress ham muhim rol o‘ynaydi. U budjetni, diplomatlarning mavjud sonini, shuningdek, yordam dasturlari, harbiy anjomlarni yetkazib berish va shu kabi maxsus dasturlarga ajratiladigan mab¬lag‘ miqdorini nazorat qiladi. Ko‘pincha etnik lobbilar va “aql markazlari” Kongressning maxsus masalalar bo‘yicha faoliyatiga ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
AQSh Senati Prezident nomzod qilib ko‘rsatgan elchilarni ma’qullash yoki ma’qullamaslik huquqiga ham ega. Darvoqe, Amerika diplomatiyasi professional diplomat bo‘lmagan, lekin partiya siyosati tufayli davlat rahbariga aloqasi bo‘lgan elchilar sonining ko‘pligi bilan ham o‘ziga xosdir. Lekin shunday bo‘lsa-da, har bir mamlakat diplomatiyasining o‘zagini uning diplomatlari tashkil etadi. Hatto elektron pochta, Internet va televidenie asrida ham turli mamlakatlarning vakillari o‘rtasidagi shaxslararo munosabatlar muhim o‘rin tutadi. Diplomatiya sodda qilib aytganda, “bir dasturxon atrofida o‘tirib, choy ichish” demakdir. U — vizalar, talaba va o‘qituvchilar almashuvi degani.
Sirasini aytganda, diplomatlar ham — tarixning bir bo‘lagi. Tajribali va zakiy diplomatlar boshqa mamlakatlar bilan aloqalarni qay tarzda yo‘lga qo‘yish borasida mamlakat rahbariyatiga maslahat berishi lozim. Diplomatlik eng so‘nggi “universal” kasblardan biridir. Diplomatlar nafaqat siyosat va iqtisodiyot olamidagi hamkasblari, qolaversa, harbiylar, olimlar, texniklar, hatto din arboblari va sportchilar bilan ham kirishimli bo‘lishi lozim.
Aytish mumkinki, jadal rivojlanish yo‘liga kirib, dunyo hamjamiyatida kundan-kun obro‘si mustahkamlanib borayotgan O‘zbekiston o‘z tashqi siyosatida barcha mamlakat, avvalo, qo‘shni davlatlar bilan ochiqlik siyosatini olib borishga ustuvor ahamiyat qaratmoqda. Ayniqsa, keyingi ikki yil ichida Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasidagi sheriklik aloqalari faollashayotgani buning yorqin dalilidir. O‘zbekiston an’anaviy yaxshi qo‘shnichilik, o‘zaro hurmat va umumiy manfaatlarni hisobga olish tamoyillariga asos¬langan munosabatlarni izchil kengaytirish va amaliy mazmun bilan boyitishga intilmoqda, hamkorlikning yangi imkoniyatlarini topmoqda, o‘zaro hamjihatlik mus¬tahkamlanmoqda. Tomonlarning hamkorlik ko‘lami muntazam kengayib, sifati ortmoqda...
Xulosa o‘rnida aytganda, bugun tashqi siyosat yangi bosqichga ko‘tarildi, maqsad-vazifalar o‘zgardi, yangi marralar belgilandi. Mazkur jarayonda esa diplomatiya yanada nozik masalaga aylanadi. Qadimgi xitoy mutaffakiri Konfutsiy ayt¬ganidek: “Do‘stlar bilan muloqot qilishda o‘z so‘zida turmoq kerak”. Demak, siyosiy o‘zaro ishonch — bu davlatlar o‘rtasidagi munosabatlarni samarali rivojlantirishning kafolatidir.
Abduvali SOYIBNAZAROV
manba: “Milliy tiklanish” gazetasi