Tashqi diplomatiya
-
O‘zA “Tashqi diplomatiya” rukni orqali davlatimizning xorijiy mamlakatlardagi elchixonalari va konsullik markazlari faoliyati bilan yaqindan tanishtirish, elchilarimiz tomonidan iqtisodiy diplomatiyani rivojlantirish yo‘lida olib borilayotgan ishlarni tahlil qilishda davom etadi.
C5+1 formati doirasida ilmiy hamkorlik forumi o‘tkazildi
Germaniya. O‘zbekiston elchisi Dilshod Ahatov Germaniyaning Xalle shahrida joylashgan Leopoldina – Germaniya Milliy fanlar akademiyasi qarorgohida Markaziy Osiyoga bag‘ishlangan Oliy ta’lim va fan forumida ishtirok etdi. Tadbir C5+1 formati doirasida GFR va Markaziy Osiyo davlatlari strategik sherikligini mustahkamlashga qaratildi.
Buyuk Britaniya. O‘zbekistonning Buyuk Britaniyadagi elchixonasi tashabbusi bilan taniqli o‘zbek san’atkori, maqom ustasi Ilyos Arabov London shahridagi SOAS universiteti hamda Sharq va Afrikashunoslik maktabida konsert dasturini taqdim etdi. Mazkur madaniy tadbir doirasida milliy san’atimiznamunalari ijro etildi, o‘zbek madaniy merosi xorijlik tinglovchilarga keng ko‘lamda namoyish qilindi.
Ispaniya. Madrid shahrida ikki mamlakat davlat tuzilmalari va ishbilarmon doiralari vakillarini birlashtirgan O‘zbekiston – Ispaniya biznes-forumi bo‘lib o‘tdi. Tadbirda respublikamizning investitsiyaviy salohiyati, yurtimizda amalga oshirilayotgan yirik mintaqaviy loyihalar, shuningdek Ispaniya kompaniyalari bilan energetika, agrosanoat majmuasi, suv infratuzilmasi va barqaror rivojlanish sohalaridagi sheriklik istiqboli muhokama qilindi. Forum yakuni bo‘yicha 4 hujjat imzolandi, B2B uchrashuvlari o‘tkazildi.
Fransiya. O‘zbekistonning Parijdagi elchixonasi tomonidan Fransiyada ishga joylashtirish bo‘yicha rekruting agentligi vakillari Nataliya Yun va Fabris Miyar bilan samarali uchrashuv o‘tkazildi. Muloqot davomida ushbu davlatda mavsumiy bandlik uchun O‘zbekistondan mehnat migrantlarini jalb etish istiqboli muhokama qilindi. Shuningdek, kadrlarni tizimli tanlash, mehnat standartiga qat’iy rioya qilish va xodimlar uchun munosib mehnat sharoiti yaratish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Yaponiya. O‘zbekiston Respublikasining kun chiqar yurtdagi elchxonasida Yaponiya Tashqi savdo tashkiloti (JETRO) hamda “Fujikura Kasei Co., Ltd.” kompaniyasi vakillari bilan uchrashuv tashkil qilindi. Muloqot chog‘ida investitsiya loyihalari, o‘zaro hamkorlik hamda eksport imkoniyatini kengaytirish mavzulari ko‘tarildi.
Misr. Qohira shahrida Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi delegatsiyasi Al-Azhar majmuasiga tashrif buyurdi. Yig‘in doirasida delegatsiya a’zolari rasmiy uchrashuvlarda ishtirok etdi. Tashrif davomida Xorijlik talabalar ta’limini rivojlantirish markazi rahbari doktor Nahla As-Saidiy bilan muloqot o‘tkazildi. Uchrashuvda ilmiy hamkorlikni yanada mustahkamlash, qo‘shma loyihalar amalga oshirish va islom dinining mo‘’tadillik hamda bag‘rikenglik g‘oyalarini keng targ‘ib etish zarurligi e’tirof etildi. Shuningdek, Misrda tahsil olayotgan talabalarimizni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha takliflar ilgari surildi.
Fransiya. Fransiyaning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Valid Fuke bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Suhbat davomida ikki tomonlama hamkorlik, xususan koinot sohasini rivojlantirish istiqboli muhokama qilindi. “O‘zbekkosmos” direktori Sh.Qodirov hamkor tomonga “Novaspace”, “Kosmik tadqiqotlar va texnologiyalar-2030” strategiyasi va “Geo Ferma” loyihasi bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berdi. Shuningdek, CNES bilan sheriklik imkoniyati ham ko‘rib chiqildi.
Polsha. Elchixona delegatsiyasi Buyuk Polsha voyevodaligiga safari doirasida qator samarali uchrashuvlar o‘tkazdi. Marshal o‘rinbosari Yasek Boguslavski ishtirokida Andijon va Navoiy viloyatlari bilan hududlararo hamkorlik masalasi muhokama qilindi. Polsha Investitsiyalar va savdo agentligi hamkorligida Poznan shahri meriyasida “O‘zbekistonda biznes yuritish imkoniyati” anjumani o‘tkazildi va qator amaliy kelishuvlarga erishildi. Shuningdek, “Biernacki” go‘sht ishlab chiqarish korxonasi rahbari Marchin Kulak bilan muzokara olib borildi.
Vengriya. O‘zbekistonning Budapeshtdagi maxsus vakili Lyuteran ilohiyot universiteti rektori Andrash Korani bilan muzokara o‘tkazdi. Tomonlar 2026-yil 5-mart kuni Samarqandda bo‘lib o‘tadigan III O‘zbekiston – Vengriya rektorlar forumiga universitet delegatsiyasining tashrifi va umuman tadbirga tayyorgarlik mavzusini muhokama qildilar. Shuningdek, ikki tomonlama ta’lim va ilmiy loyihalarni rivojlantirish istiqboli ko‘rib chiqildi. Rektor yurtimizdagi diniy ta’lim muassasalari bilan hamkorlik, talabalar almashinuvi va qo‘shma ilmiy tadqiqotlarga qiziqish bildirdi. Suhbatda dinlararo hamjihatlik, diniy bag‘rikenglik va madaniy merosning ahamiyatiga alohida e’tibor qaratildi.
Fardona Yaxshiboyeva, O‘zA