"Tashkent Open Judo Kids Cup IV" yangi chempionlar avlodini kashf etdi
Poytaxtimizdagi "Humo Arena" majmuasida dzyudo bo‘yicha o‘smirlar va kichik o‘smirlar o‘rtasida o‘tkazilgan xalqaro turnirning ikki kunlik shiddatli bellashuvlari sportchi yoshlar va ularning ota-onalariga bir olam zavq bag‘ishladi.
To‘rtinchi bor tashkil etilgan bu galgi "Tashkent Open Judo Kids Cup IV" turnirida dunyoning 16 davlatidan 3 ming nafarga yaqin navqiron dzyudochilar bir nechta yosh va vazn toifalarida g‘oliblik uchun bahs olib bordi.

Kecha musobaqaning ikkinchi kunida U11 va U15 yosh toifasidagi murosasiz kurashlar natijasida 20 ta vaznda sovrindorlar aniqlandi. Shohsupaga ko‘tarilgan yosh dzyudochilarga medal, kubok va esdalik sovg‘alari topshirildi.
Musobaqaning ikki kunlik bellashuvlari yakuniga ko‘ra, turnirning "Eng yaxshi dzyudochisi" nomi e’lon qilindi.

Bir necha murabbiy va hakamlardan iborat maxsus tanlov guruhining xulosasi natijasida Qirg‘izistonning O‘sh shahridan kelgan Alambek Abiyev ushbu nominatsiyasida g‘olib deb topildi va tashkilotchilar tomonidan ta’sis etilgan sovg‘a bilan taqdirlandi. Abiyevning murabbiyi Ilinbek Attokurovga esa pul mukofoti taqdim etildi.
Bolajonlarga sport shiddatini taqdim etgan nufuzli turnir yakunlangan bo‘lsa-da, uning taassurotlari, lahzalari haqidagi maroqli suhbatlar, tahlillar dzyudo klublarida, mutaxassislar davrasida davom etadi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA