“Tashkent open”: 5 nafar shaxmatchimiz yetakchilikka da’vogar
Poytaxtimizda davom etayotgan Georgiy Agzamov xotirasiga bag‘ishlangan XVIII “Tashkent open” xalqaro turnirning ortda qolgan 3-tur o‘yinlaridan keyin hamyurtimiz Humoyun Bekmuratov 3 ochko bilan peshqadamlardan biri bo‘lib oldi.
Kecha o‘tkazilgan 3-tur bahsida Humoyun Bekmuratov FIDE bayrog‘i ostida turnirda qatnashayotgan Rudik Makaryanni mag‘lubiyatga uchratdi.
Xuddi shuningdek, ushbu turda vengriyalik Sanan Syugirov oq donalarda harakatlangan hamyurtimiz Muhammadzohid Suyarovni mag‘lubiyatga uchratib, 3 ochko bilan qo‘shimcha ko‘rsatkichlar evaziga 1-o‘rinni band etishga muvaffaq bo‘ldi.

Mukofot jamg‘armasi 75 ming AQSH dollari bo‘lgan turnirning kechagi kungi musobaqalarida turnirning birinchi raqamli ishtirokchisi sifatida tasniflangan hindistonlik Nihal Sarin (2687) oq donalarda qirg‘izistonlik Zalkar Kurbanbayevni mag‘lubiyatga uchratdi. Turnirda ikkinchi raqam ostida tasniflangan hamyurtimiz Shamsiddin Vohidov qora donalarda qozog‘istonlik Sultanbeybaris Dumanulini yengib, 2 ochkoli bo‘lishga erishdi.
Ortda qolgan turda terma jamoamiz a’zolaridan Abdumalik Abdusalomov qora donalarda hamyurtimiz Almas Rahmatullayev mag‘lubiyatga uchratib, 3 chko bilan 3-o‘ringa ko‘tarildi. Mahoratli shaxmatchimiz Muhiddin Madaminov hindistonlik raqibini dog‘da qoldirib, 2,5 ochkoli bo‘lishi, Saidakbar Saidaliyev ham qora donalarda xitoylik Szin’yao Tin bilan murosa yo‘lini tanlab, 2,5 ochko jamg‘arishi hamyurtlarimiz sovrindorlikka da’vogarlar safida ko‘pchilik bo‘lishidan dalolatdek.
Bugun, 23 mart kuni o‘tkaziladigan 4-turning markaziy o‘yinlarida Humoyun Bekmuratov qora donalarda serbiyalik Aleksandr Indjis bilan, Abdumalik Abdusalomov Sanan Syugirov bilan kuch sinashadi.

4-tur o‘yinlari ostonasida aytib o‘tganimizdek, 3 nafar shaxmatchi 3 ochko bilan yetakchilik qilayotgan vaziyatda 26 nafar ishtirokchi 2,5 ochko bilan ularni taqib etmoqda. 2,5 ochkoga ega shaxmatchilar orasida o‘zbekistonlik 3 nafar shaxmatchi bor. Umumiy hisobda hozircha 5 nafar shaxmatchimiz g‘oliblikka da’vogarlik qilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, 10 ta turdan iborat turnirda ishtirokchilar ikki guruhda bahs olib bormoqda. “A” guruhida 1800 va undan yuqori reytinglilar, “V” guruhida reytingi 1999 va undan past shaxmatchilar.
20 ga yaqin davlatning 150 nafar shaxmatchisi qatnashayotgan turnir bahslari 30 martga qadar davom etadi.
T. Ro‘ziyev, O‘zA