“Tashabbuslar marafoni” yoshlar uchun chinakam yutuqlar maydoniga aylandi
Shu kunlarda Yoshlar ishlari agentligi tomonidan “Yangi O‘zbekistonni yoshlar quradi!” shiori ostida “Yoshlar oyligi” doirasida mamlakatimiz bo‘ylab keng ko‘lamli rag‘batlantiruvchi, intellektual va ko‘ngilochar tadbirlar tashkil etilmoqda.
Xususan, respublikamizning barcha hududlari bo‘ylab ilk bor yirik qamrovdagi “Tashabbuslar marafoni” o‘tkazilmoqda.
Mazkur marafon yoshlar uchun ilm-fan, zamonaviy ko‘nikmalar, netvorking, istiqbolli startap loyihalarni rivojlantirish va grantlar imkoniyatini yagona maydonda jamlagan yirik platforma hisoblanadi. Yoshlar ishlari agentligi huzuridagi 20 dan ortiq istiqbolli loyihalar orqali yoshlarga bevosita taqdim etilayotgan ushbu marafon o‘z g‘oyasiga ega yoshlar uchun haqiqiy imkoniyatlar eshigini ochadi.

“Tashabbuslar marafoni” ayni kunlarda Xorazm, Buxoro, Navoiy va Qoraqalpog‘iston Respublikasida o‘tkazildi. Xiva shahrida qizg‘in davom etgan marafonda turli startap, kitobxonlik, tadbirkorlik va boshqa ko‘plab zamonaviy yo‘nalishlarni o‘z ichiga olgan 30 ga yaqin loyihalar 15 mingdan ortiq yoshni qamrab oldi.
Marafonning yorqin va mantiqiy yakuni sifatida “Yangi O‘zbekistonni yoshlar quradi!” shiori ostida gala-konsert tashkil etildi.
San’atkorlar ishtirokida o‘tgan dasturda 63 mingga yaqin aholi jam bo‘ldi. Jo‘shqin kuy-qo‘shiqlar va ko‘tarinki kayfiyat xorazmlik yoshlar uchun xotirada uzoq vaqt muhrlanib qoladigan chinakam bayramga aylandi.

Shu bilan birga, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Nukus shahridagi Yoshlar markazida minglab shijoatli yigit-qizlar jam bo‘ldi. Turli yo‘nalishdagi loyihalar, yangi g‘oyalar va qaynoq tajriba almashinuvi Qoraqalpog‘iston yoshlarini yagona maqsad atrofida birlashtirdi.
Eng asosiysi, yoshlar bu yerda o‘zlarining innovatsion va startap loyihalarini namoyish etish, tajribali mutaxassislardan qimmatli maslahatlar olish hamda o‘z g‘oyalarini hayotga tatbiq etish uchun kuchli jamoa shakllantirish imkoniga ega bo‘lishdi.
Ko‘hna Buxoro shahrida bo‘lib o‘tgan marafonda 15 mingdan ortiq yigit-qiz ishtirok etib, o‘zlarining innovatsion g‘oyalari, startap loyihalari va yangi tashabbuslari bilan faol o‘rtoqlashdi.

“Tashabbuslar marafoni” doirasida tashkil etilgan AT, tadbirkorlik, kitobxonlik, volontyorlik va madaniyat yo‘nalishlaridagi maxsus maydonchalar buxorolik yoshlar uchun chinakam tajriba almashish makoniga aylandi.
Shuningdek, marafon Navoiy viloyatida ham yuqori ko‘tarinki ruhda bo‘lib o‘tdi. Navoiy shahridagi “Yoshlar saylgohi”da tashkil etilgan ushbu marafonda viloyatning minglab shijoatli yigit-qizlari jam bo‘ldi. Tadbir doirasida AT, startap, tadbirkorlik, madaniyat va kitobxonlik kabi ko‘plab zamonaviy yo‘nalishlarni o‘zida qamrab olgan loyihalar yoshlar e’tiboriga havola etildi.
Jarayonlar davomida navoiylik yoshlar o‘z tajribalari bilan o‘rtoqlashib, aniq amaliy takliflar va yangi g‘oyalarni ilgari surdi.

–Mazkur marafon intiluvchan yoshlar uchun o‘zaro muloqot, tajriba almashish va shaxsiy rivojlanish maydoniga aylandi, – dedi Yoshlar ishlari agentligi axborot xizmati bosh mutaxassisi Doniyor Yusupov. – Endilikda marafon Samarqand, Surxondaryo, Qashqadaryo, Jizzax, Sirdaryo, Andijon, Farg‘ona, Namangan, Toshkent viloyatlarida davom etib, yakuniy manzili sifatida Toshkent shahrida o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Har bir hududda marafondan so‘ng “Yangi O‘zbekistonni yoshlar quradi!” shiori ostida yirik gala-konsertlar tashkil etilishi ko‘zda tutilgan. Ushbu tadbirlar orqali respublika bo‘yicha jami 2,5 million nafar yoshni qamrab olish va ularning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish belgilangan.
208 ta tuman va shaharlarning markaziy ko‘chalari, sayilgoh va xiyobonlarida 500 dan ortiq nashriyot va kitob do‘konlari ishtirokida “Kitob festivali” tashkil etiladi.
Yoshlar bandligi va tadbirkorligiga ko‘maklashish uchun joylarda “Yangi avlod tadbirkorlari” dasturi doirasida chempion tadbirkorlar ishtirokida biznes marafonlar tashkil etilmoqda. Buning doirasida 50 ming nafar yoshlarga o‘z biznesini boshlash, samarali boshqaruv va qo‘shimcha qiymat yaratish orqali brend kompaniyalarni qurish sir-asrorlari o‘rgatiladi.

“Yoshlar oyligi” doirasida turli toifadagi, jumladan, iqtidorli, intiluvchan va ko‘makka muhtoj yoshlar uchun qator yirik ijtimoiy loyihalar ham amalga oshiriladi. Xususan, Qoraqalpog‘iston Respublikasida “Bo‘zatov fest” respublika tanlovining final bosqichi hamda yoshlarni tabiatni asrashga chorlovchi “Obod yurt” ekologik plogging aksiyasi o‘tkazildi.
Samarqand viloyatida nogironligi bo‘lgan yoshlar uchun maxsus “Voice Up” xalqaro inklyuziv oromgohi tashkil etilsa, Toshkent shahrida “Madaniyatlararo muloqotdan - amaliy harakatga” deb nomlangan global yoshlar forumi bo‘lib o‘tadi.
Shuningdek, Farg‘ona viloyatida Markaziy Osiyo yoshlari ishtirokidagi xalqaro seminar hamda Jizzax viloyatida kibersport musobaqasining respublika bosqichi o‘tkazilishi belgilangan.
Shu bilan birga, vazirlik, idoralar va tashkilotlar xodimlari o‘rtasida “Yilning eng faol yosh xodimi” ko‘rik-tanlovi hamda “Zakovat” intellektual o‘yinlari tashkil etilib, bu orqali yosh mutaxassislarning salohiyati oshiriladi.
Bayram arafasida 30-iyundan 4-iyulga qadar poytaxtimizdagi “CAEx” xalqaro ko‘rgazma markazida oltita yirik pavilonni o‘z ichiga olgan xalqaro kitob festivali bo‘lib o‘tadi. Ushbu nufuzli tadbirda jahonning yetakchi nashriyotlari ishtirokida B2B muloqot maydoni yaratilib, yosh yozuvchilar uchun maxsus pitching tizimi joriy etiladi.
Festival doirasida jadidlar ma’naviy xazinasini bugungi avlod tiliga tushunarli tarzda tarjima qilish bo‘yicha ko‘rgazmalar va mahorat darslari, shuningdek, kitobxonlar uchun “Jonli kutubxona” va “Bolalar kitob olami” kabi interaktiv loyihalar amalga oshiriladi.
30-iyun — Yoshlar kuni bayrami munosabati ilm-fan, ta’lim, sport, san’at hamda tadbirkorlik sohalarida yuqori natijalarga erishgan yoshlar “Mard o‘g‘lon” davlat mukofoti va “Kelajak bunyodkori” medali bilan taqdirlanadi.
Gulnoza Boboyeva,
O‘zA