Tashabbuskorlarning loyihasi ma’qullandi
Buxoro viloyat hokimligi va markaziy bank viloyat bosh boshqarmasi tomonidan ishlab chiqilgan reja asosan viloyatdagi 13 ta shahar tumanlarda har oyda ikki marotaba “Loyihalar yarmarkasi” tashkil etish amaliyoti yo‘lga qo‘yilgan.
Mazkur yarmarkalarda “Sayxunobod”, “Uychi”, “Zarbdor” hamda “G‘ijduvon” tajribalari asosida tayyorlangan biznes rejalar taqdimoti ham bo‘lib o‘tmoqda.

Jumladan, Buxoro shahridagi “Kasbiy ko‘nikmalar” markazida tashkil etilgan navbatdagi yarmarkada tijorat banklari vakillari, “mahallalar yettiligi” hamda yangi ish o‘rinlari yaratish niyatida bo‘lgan tashabbuskorlar, biznes faoliyatini yo‘lga qo‘ymoqchi bo‘lgan fuqarolar ishtirok etdi.


“Loyihalar yarmarkasi” doirasida aholining tadbirkorlik faoliyatiga daxldor ishlab chiqilgan 42 ta biznes reja mahallalarga biriktirilgan tijorat banklari vakillari, hokim yordamchilari va tadbirkorlar ishtirokida muhokama qilindi. Yarmarka doirasida umumiy qiymati 5 milliard 300 million so‘mga teng 48 ta tashabbuskorning loyihasi tijorat banklari tomonidan ma’qullandi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.