Tashabbusdan — farovonlik sari
Bir ayolning tadbirkorlikka qadam qo‘yishi — bir oilaning taqdirini o‘zgartirishi mumkin. Bir oilaning daromadi oshsa — mahallada farovonlik ortadi. Mahallada yangi ish o‘rinlari yaratilsa — hudud iqtisodiy hayotida yangi harakat boshlanadi. Shu ma’noda, bugun o‘z g‘oyasi, mehnati va matonati bilan biznesini yo‘lga qo‘yayotgan xotin-qizlar nafaqat o‘z kelajagini, balki jamiyat taraqqiyotini ham bunyod etmoqda.
So‘nggi yillarda mamlakatimizda xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini ta’minlash, ularning kasbiy salohiyati va tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Prezident Shavkat Mirziyoyev 2026-yil 6-mart kuni xotin-qizlarga bag‘ishlangan tadbirda ularning jamiyat va iqtisodiyotdagi faol o‘rnini alohida ta’kidlab, bugun mamlakatimizda qariyb 230 ming nafar tadbirkor ayol hayotdan o‘z o‘z yo‘lini topgani, fermer ayollar soni 12 ming nafardan oshganini qayd etdi.
Buxoro viloyatida ham bu siyosatning amaliy natijalari tobora yaqqol namoyon bo‘lmoqda. Mahallalarda o‘z biznesini yo‘lga qo‘ygan, ishlab chiqarishni kengaytirayotgan, fermerlik, xizmat ko‘rsatish, tibbiyot, hunarmandchilik kabi sohalarda samarali mehnat qilayotgan xotin-qizlar safining kengayib borayotgani buning yorqin dalilidir.
Ana shunday tashabbuskor, izlanuvchan va mehnatkash ayollarni bir maydonga jamlagan “Ishbilarmon ayol–2026” ko‘rik-tanlovining Buxoro viloyati hududiy bosqichi ham tadbirkorlikning xotin-qizlar hayotidagi o‘rnini yana bir bor namoyon etdi.
O‘zLiDeP tomonidan 2016-yildan buyon an’anaviy ravishda o‘tkazib kelinayotgan “Ishbilarmon ayol” ko‘rik-tanlovi bugun tadbirkor xotin-qizlarning tajribasi, yangi g‘oyalari va amaliy natijalarini namoyish etadigan maydonga aylangan.
Joriy yilgi tanlovning dastlabki saralash bosqichlari mahallalar kesimida tashkil etilib, unda 500 nafardan ortiq ishbilarmon, tadbirkor, fermer va hunarmand xotin-qiz ishtirok etishdi. Saralash jarayonida g‘oliblikni qo‘lga kiritganlar tuman va shahar bosqichlarida o‘z tajribalarini namoyish qilishdi. Eng faol va munosib ishtirokchilar esa viloyat bosqichiga yo‘llanma olishdi.


Bu jarayonning o‘ziyoq tanlovning oddiy musobaqadan ancha keng ma’noga ega ekanini ko‘rsatadi. Zero, bu yerda bahs faqat diplom yoki sovrin uchun emas. Bu yerda g‘oyalar, tajribalar, mehnat samarasi va kelajak rejalar o‘zaro uyg‘unlashadi.
O‘zLiDePning rasmiy materiallarida ham “Ishbilarmon ayol–2026” tanlovi xotin-qizlarning tadbirkorlik salohiyatini ro‘yobga chiqarish, yangi biznes tashabbuslarini rag‘batlantirish va qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratishga xizmat qilishi ta’kidlangan. Tanlov 2026-yilgi partiya tadbirlari rejasida ham mamlakat iqtisodiyoti, kichik biznes va xususiy sektor rivojida tadbirkor va fermer xotin-qizlarning faol ishtirokini ta’minlashga qaratilgan loyiha sifatida belgilangan.
Buxoro davlat universitetida o‘tkazilgan viloyat hududiy bosqichida viloyatning tuman va shaharlaridan 13 nafar tadbirkor, fermer va ishbilarmon xotin-qiz ishtirok etib, o‘z faoliyati, biznes loyihalari, erishgan natijalari va yangi tashabbuslarini hakamlar hay’atiga taqdim etdi.
Tadbir O‘zLiDePning “Xalq bilan birga” umummilliy dasturi doirasida tashkil etilgani bilan ham ahamiyatli bo‘ldi.


Unda O‘zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi Amaliy loyihalar va Siyosiy ta’lim markazi rahbari Nasimjon Alimov, Ijroiya qo‘mita departamenti rahbari Sevara Muslimova, O‘zbekiston Qahramoni Muhammad Ahmedov va boshqalar so‘zga chiqishib, tanlovning maqsad va vazifalari, xotin-qizlar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlashda bunday loyihalarning ahamiyati haqida fikr bildirishdi.
Ishtirokchilarning har biri ortida esa alohida bir hayot hikoyasi, yillar davomidagi mehnat, izlanish va qat’iyat mujassam.
Olot tumanidagi “Salimjon Ashur” fermer xo‘jaligi rahbari Sadoqat Beshimovaning faoliyati bunga yaqqol misol.
— Xo‘jaligimiz faoliyatini yo‘lga qo‘yganimizga bu yil 23 yil bo‘ldi, — deydi Sadoqat Beshimova. — Ko‘p tarmoqli xo‘jaligimizda g‘alla, paxta va boshqa qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtiriladi. O‘tgan mavsumda g‘alla hosildorligi salkam 90 sentner, paxta hosildorligi esa 45 sentnerga yetkazildi. 2025-yilda barcha ekinlardan olingan daromad 1,5 milliard so‘mdan oshdi. Ayni paytda 40 nafar hamyurtlarimizning bandligini ta’minlab, el-yurt dasturxoni to‘kinligi va farovonligi yo‘lida mehnat qilmoqdamiz.
Bu raqamlar ortida bir ayolning 23 yillik mehnati, tajribasi va mas’uliyati turibdi. Fermer xo‘jaligida yetishtirilgan mahsulotlar namunalari, ishlab chiqarish ko‘lami va erishilgan natijalar bilan tanishgan hakamlar hay’ati Sadoqat Beshimovaning faoliyatini munosib baholab, unga birinchi o‘rinni berdi.


Ammo uning uchun eng katta natija — diplom yoki e’tirof emas. Bu — 40 nafar insonning mehnati, oilalarning daromadi va yerdan olinayotgan baraka.
Tadbirkorlikning mohiyati faqat mahsulot ishlab chiqarish yoki daromad olish bilan o‘lchanmaydi. U insonga xizmat qilsa, uning qadri yanada ortadi.
Buxoro shahrining “Shayx-ul Olam” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida faoliyat yuritayotgan “Doktor Nigin” MCHJ rahbari Nigina Hikmatovaning faoliyati ham ana shunday.
— Bir necha yildan buyon onalik va bolalikni muhofaza qilish, aholiga sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatish yo‘lida mehnat qilib kelmoqdamiz, — deydi Nigina Hikmatova. — Zamonaviy tibbiy uskunalar bilan jihozlangan muassasamizda bugungi kunda 25 nafar xodimning bandligi ta’minlangan. Tadbirkor ayollarning har tomonlama qo‘llab-quvvatlanayotgani bizga yanada katta maqsadlar sari intilish uchun kuch beradi.
Uning ko‘p yillik mehnati va tibbiy xizmat sohasidagi tajribasi tanlov hakamlari tomonidan munosib baholanib, Nigina Hikmatova ikkinchi o‘rinni egalladi.
Qorako‘l tumanidagi “Dilkor” mahalla fuqarolar yig‘inida faoliyat yuritayotgan “Dilkor trans” MCHJ rahbari Mavluda Jumaqulovaning tadbirkorlik faoliyati esa ishlab chiqarish bilan bandlikni bir nuqtada birlashtirgan.
Korxonada 15 turdan ortiq non va non mahsulotlari, turli pishiriq va shirinliklar ishlab chiqariladi. Eng muhimi, bu yerda 40 nafar qorako‘llik xotin-qizning bandligi ta’minlangan.
Demak, bir ayolning tashabbusi ortidan 40 ta oilada daromad manbai paydo bo‘lgan.


Mavluda Jumaqulovaning ishlab chiqarishni rivojlantirish, yangi ish o‘rinlari yaratish va aholiga sifatli mahsulot yetkazib berish borasidagi sa’y-harakatlari e’tirof etilib, u uchinchi o‘ringa munosib deb topildi.
Tanlov doirasida “Zamonaviy tashabbuskor ayol”, “Eng yosh, faol ayol tadbirkor”, “Investitsiyalarni jalb qilishda tashabbus ko‘rsatgan ishbilarmon ayol”, “Qishloqni ijtimoiy rivojlantirishda faollik ko‘rsatgan fermer ayol”, “Yilning muruvvatli ishbilarmon ayoli” kabi nominatsiyalar bo‘yicha ham ishtirokchilar e’tirof etildi. Ularning har biri — alohida bir maktab.
Kimdir qishloq xo‘jaligida yuqori hosil olish sirlarini namoyish etdi. Kimdir tibbiyotda zamonaviy xizmat ko‘rsatish yo‘lini tanladi. Yana kimdir ishlab chiqarishni kengaytirib, mahallada xotin-qizlar bandligini ta’minladi. Ularni birlashtirgan jihat esa bitta: imkoniyatni kutib o‘tirmasdan, tashabbus ko‘rsatish.
Bugun tadbirkor ayolning faoliyatini faqat uning shaxsiy yutug‘i sifatida baholash to‘g‘ri emas. Chunki uning ortida oila bor. Uning korxonasida ishlayotgan xotin-qizlarning oilalari bor. Uning yetishtirgan mahsuloti bilan dasturxoni to‘kin bo‘layotgan xonadonlar mavjud. Uning bergan ish o‘rni tufayli o‘z mehnati bilan daromad topayotgan insonlar bor. Shu ma’noda, xotin-qizlar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash — iqtisodiy masala bilan birga ijtimoiy ahamiyatga ham ega.


Prezidentimiz tashabbuslari bilan xotin-qizlarning kasb-hunar va tadbirkorlikka jalb etilishini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha tizimli choralar belgilangan. Jumladan, 2022-yilda qabul qilingan qarorda xotin-qizlarni kasb-hunarga o‘qitish, tadbirkorlik ko‘nikmalarini oshirish va bandligini ta’minlashga qaratilgan mexanizmlar belgilab berilgan. Bu siyosatning mazmun-mohiyatini bugun Buxoro mahallalaridagi real hayot misolida ko‘rish mumkin.
“Ishbilarmon ayol–2026” tanlovi yakuniga yetdi. G‘oliblar aniqlandi, diplom va esdalik sovg‘alari topshirildi. Ammo tanlovning haqiqiy natijasi bu bilan tugamaydi. Chunki bugun bir-biridan tajriba o‘rgangan ayollar ertaga yangi loyihalarni boshlashi mumkin.
Bugun o‘z biznesini namoyish etgan tadbirkor ertaga yana bir nechta xotin-qizni ish bilan ta’minlashi, bugun tanlovda qatnashib, o‘z imkoniyatiga ishonch hosil qilgan ishtirokchi esa ertaga yanada katta maqsadlar sari intilishi mumkin. Shuning uchun ham bu kabi loyihalarning eng katta samarasi — sahnadagi e’tirof emas, sahnadan tashqarida davom etadigan harakatdir.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri