Tashabbus izlanishga undaydi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun “Tashabbus – 2017” ko‘rik-tanlovining Navoiy viloyati bosqichi o‘tkazildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun “Tashabbus – 2017” ko‘rik-tanlovining Navoiy viloyati bosqichi o‘tkazildi.Prezidentimiz rahnamoligida kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish, yangi tashabbus va g‘oyalarni qo‘llab-quvvatlash, ayniqsa, ishbilarmon va ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaliklarini rag‘batlantirish, yosh tadbirkorlarga keng imkoniyatlar yaratishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Yangi ishlanma va loyihalarni ommalashtirayotgan tashabbuskorlarni munosib rag‘batlantirishda ushbu tanlov alohida ahamiyat kasb etmoqda.
Navoiy viloyati hokimligi va O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi viloyat hududiy boshqarmasi hamkorligida o‘tkazilgan tanlovda tadbirkorlar, fermerlar va hunarmandlar o‘z mahsulotlarini namoyish etdi.
“Eng yaxshi tadbirkor” yo‘nalishida Navoiy shahridagi “Ishonch gilam” O‘zbekiston – Turkiya qo‘shma korxonasi direktori Shavkat Xolnazarov, Karmana tumanidan Elyor Rahmatov “Eng yaxshi hunarmand”, Nurota tumanidan “Azim ota” fermer xo‘jaligi raisi Ilhom Samiyev “Eng yaxshi fermer” yo‘nalishida g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. G‘oliblar tanlovning mamlakat bosqichida ishtirok etadi.
Tanlovda “Eng yaxshi yosh tadbirkor”, “Yoshlarga eng ko‘p ish joyi yaratgan tadbirkor”, “Eng yaxshi tadbirkor ayol”, “Eng yaxshi innovatsion loyiha”, “Eng yaxshi oilaviy biznes sohibi”, “Eng yaxshi eksportchi”, “Eng mas’uliyatli ijtimoiy sherik” kabi nominatsiyalar bo‘yicha ham g‘oliblar aniqlanib, munosib taqdirlandi.