Tartibli migratsiya – ishonchli va samarali tizim
Surxondaryo viloyatida uyushgan mehnat migratsiyasini tashkil etib, bu jarayonni boshqarish tizimining samaradorligini oshirish, chet elda mehnat qilish istagida bo‘lgan fuqarolarga qulay sharoitlar yaratish, xorijdan qaytganlarni ish bilan ta’minlash uchun mahalla hokim yordamchilari, yoshlar yetakchilari, tuman, shahar kambag‘allikni qisqartirish va bandlik boshqarmalari hamkorlikda ish olib bormoqda.
Prezidentimizning 2024 yil 4 apreldagi “Mehnat migratsiyasi jarayonlarini takomillashtirish hamda xorijda vaqtincha mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan shaxslarni qo‘llab-quvvatlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq “Onlayn-mahalla” mahalla platformasi yaratilib, u “Xorijdaish.uz” platformasiga to‘liq integratsiya qilingan. Ayni paytda mahallalardagi hokim yordamchilari xorijda ishlash yoki til o‘rganish istagi bo‘lganlarni mazkur platformaga kiritmoqda. Shuningdek, ijtimoiy tarmoqlar orqali yoritilmoqda. Mahallalarda targ‘ibot tadbirlari olib borilmoqda. Salohiyatli xorijiy ish beruvchilar tanlovlarida ishtirok etishi uchun joylardagi bandlik bo‘limlarida barcha qulaylik yaratilgan. Ularni salohiyatli ish beruvchilar talabiga mos kasblarga tayyorlash uchun Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi huzuridagi oltita kasbiy ko‘nikmalar, Termiz shahridagi qurilish sohasida malakali mutaxassislarni tayyorlash markazlari, viloyat oliy ta’lim, fan va innovatsiya boshqarmasi tarkibidagi texnikum va kasb-hunar maktablari imkoniyatlaridan foydalanilmoqda.
– Xorijga chiqib ishlashga qaratilayotgan e’tibor oldingi mehnat migratsiyasidan tubdan farq qiladi, – deydi Tashqi mehnat migratsiya agentligi viloyat filiali rahbari Hoshimjon Erdonov. – Endilikda mehnat migratsiyasi uyushgan holda tashkil etilmoqda. Buning uchun ularga xorijiy tillar o‘rgatilayotir. Shu maqsadda viloyatdagi salohiyatli 26 ta nodavlat o‘quv markazlari bilan ham hamkorlik aloqalari yo‘lga qo‘yildi. Hozir mazkur o‘quv markazlarida 2 ming 600 dan ortiq fuqaro xorijga vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish maqsadida xorijiy tillarni o‘rganmoqda. Ularning 831 nafari ingliz tiliga, 500 ga yaqini nemis tiliga, 840 dan ortig‘i koreys, 20 nafari yapon, 259 nafari rus va 165 nafari boshqa tillarga o‘qitilmoqda. Yaqinda Germaniyaning ish beruvchisi o‘tkazgan tanlovda nodavlat o‘quv markazlarimizda til o‘rgangan 16 nafar tinglovchi ishtirok etdi. Shu kunlarda yana o‘n nafari suhbatga tayyorlanmoqda. Xorijda ishlashga qiziqish bildirayotgan vohadoshlarimizga yana bir yengillik yaratish uchun shu yil til darajasini belgilovchi O’sD sertifikatlash markazi filialini ochishni ham rejalashtiryapmiz.
Viloyatda chetga chiqib mehnat qilishni ko‘ngliga tukkanlar uchun xorijiy tillarga o‘qitish o‘z samarasini bermoqda. Jumladan, 2023 yil Germaniya davlatida ishlash uchun viloyatdan 11 nafar fuqaro borgan bo‘lsa, o‘tgan yili 50 ga yaqin kishi jo‘nab ketdi. Bu yil nemis tilini o‘rgangan 300 dan ortiq kishini Germaniyaga ishga jo‘natish mo‘ljallanmoqda.
Xorijiy hamkorlar va salohiyatli ish beruvchilar bilan ishlash jarayonida janubdagi voha Rossiya Federatsiyasining Novosibirsk viloyati bilan yaqin hamkorlik o‘rnatdi. Shu asosda Novosibirsk viloyati qurilish-montaj va servis xizmati ko‘rsatish kolleji hamda Termiz shahridagi arxitektura va qurilish, Boysun tumani qurilish texnikumlari, Angor tumani kasbiy ko‘nikmalar markazi, Denov tadbirkorlik va pedagogika instituti o‘rtasida o‘rta bo‘g‘in kadrlarni tayyorlash bo‘yicha o‘zaro hamkorlik shartnomalarini tuzib, turli tadbirlar tashkil etmoqda. Xususan, o‘tgan yilning noyabr oyida bir haftalik onlayn vebinar va dekabr oyida oflayn seminar o‘tkazdi. O‘quv-seminar yakunida ta’lim muassasalarining 22 nafar o‘qituvchisiga Rossiya Federatsiyasining maxsus sertifikati topshirildi. O‘zaro tajriba almashildi. Joriy yildan boshlab, malakali o‘qituvchilar yoshlarga xorij tajriba asosida kasb va chet tilini o‘rgatmoqda.
Bu yil viloyatda 17 ming kishini tashkillashtirilgan va uyushgan mehnat migratsiyasi orqali xorijda ishga joylashtirish ko‘zda tutilmoqda. O‘tgan davrda ularning 1 ming 200 dan ortig‘i dunyoning turli davlatlarida ishga joylashdi. Ayni paytda surxondaryoliklar dunyoning Germaniya, Buyuk Britaniya, Yaponiya kabi rivojlangan davlatlarida ham uyushgan mehnat migratsiyasi orqali yuqori daromadli ishlarda mehnat qilmoqda.
Xorijda turli kasblarni o‘rganib, viloyatga qaytayotgan mehnat migrantlarining ish bilan ta’minlanayotgani, ularning biznesini yo‘lga qo‘yishiga ko‘maklashilayotgani ham e’tiborga sazovor bo‘lmoqda. “Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturida ham migratsiyadan qaytgan fuqarolarni doimiy daromad keltiradigan ish bilan band qilish belgilangan. Shunga muvofiq o‘tgan yili mahalla yettiligining migratsiyadan qaytganlar bilan uchrashuvlarida tadbirkorlik bilan shug‘ullanish istagi bo‘lgan 2 ming 206 nafari tanlab olinib, ularga tijorat banklari va mutasaddi tashkilotlar biriktirildi. Bandligini ta’minlash bo‘yicha alohida “yo‘l xarita”si ishlab chiqildi. Shu paytgacha ularning 2 ming 82 nafariga 74 milliard so‘mdan ortiq imtiyozli kredit ajratilib, tadbirkorligini boshlashga yordam ko‘rsatildi. G‘oya va takliflari qo‘llab-quvvatlandi. Masalan, Angor tumanidagi Yangiobod mahallasida yashaydigan Nargiza Madiyeva Sankt-Peturburg shahrida mehnat qilib, qandolatchilik mahsulotlari tayyorlash hunarini o‘rganib, qaytdi. Unga mahalla tomonidan zarur sharoit yaratib berildi. Hozir qandolatchilik sexida o‘zi bilan birga ikki nafar migrantni ham ish bilan ta’minladi. Ular oyiga 20 million so‘mgacha daromad topmoqda.
– Yoki boshqa bir misol, – deydi Hoshimjon Erdonov. – Qiziriq tumanidagi Zarbdor mahallasida istiqomat qiladigan Bahriddin Tursunpo‘latov ham Rossiyaning Sankt-Peturburg shahrida mehnat qilib, metalldan turli buyumlar yasash hunarini egallab qaytdi. Temir darvoza va boshqa mahsulotlar ishlab chiqarayotgan hunarmandga mahallasida barcha sharoit yaratib berildi. Xorijda oyiga 400 dollar daromad topgan bo‘lsa, endilikda yuz million so‘mgacha daromad olmoqda. Shuningdek, mehnat migratsiyasidan qaytgan o‘n kishining ham bandligini ta’minlagan. Bularning barchasi davlatimizning xorijda mehnat qilayotgan fuqarolariga ham alohida e’tibor qaratayotgani va tartibli migratsiyaning samaralaridir.
Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA muxbiri