Tarixiy yaqinligimiz bugun hayotga ko‘chmoqda...
Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmonning taklifiga binoan rasmiy tashrif bilan Tojikistonda bo‘lib turibdi.
Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti lavozimiga kirishgandan so‘ng parlament qo‘shma sessiyasidagi ilk nutqida yaqin qo‘shnilar bilan munosabatlarni har tomonlama rivojlantirish O‘zbekiston tashqi siyosatining ustuvor yo‘nalishi ekanini ta’kidlagan edi.
Oradan qisqa vaqt o‘tib, Prezidentimizning siyosiy irodasi natijasida bir daryodan suv ichuvchi ikki qardosh xalq – o‘zbek va tojik xalqlari o‘rtasidagi ko‘p yillik kutilgan o‘zaro do‘stona aloqalar yangi bosqichga chiqdi.
O‘zbekiston bilan Tojikistonni umumiy tarix, uzviy ma’naviy qadriyatlar, qarindoshlik rishtalari bog‘lab turadi. O‘zi bizlarni azaldan ikki tilda gaplashuvchi bir xalq, deyishadi.
Prezidentlarimizning uzoqni ko‘zlab olib borayotgan tashqi siyosati natijasida davlatlarimiz o‘rtasida ko‘p qirrali hamkorlik va o‘zaro do‘stona aloqalar yanada yuksalib, strategik sheriklik darajasiga yetdi.
E’tiborli jihati, 2017 yildan buyon ikki mamlakat rahbarlari o‘rtasida 8 marotaba ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazilgan. Qolaversa, 1991 yildan buyon ikki mamlakat parlamentlari vakillarining 20 dan ortiq o‘zaro tashriflari amalga oshirilgan. Tojikiston Respublikasi Majlisi Oliy bilan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati va Qonunchilik palatasining parlamentlararo guruhlari tuzilgan.
Ma’lumotlarga tayansak, O‘zbekiston-Tojikiston hamkorligining huquqiy asosini shu paytgacha imzolangan turli darajadagi 200 ga yaqin hujjat tashkil etadi. Asosiysi, bular faqatgina qog‘ozda emas, hayotda ham o‘z aksini topmoqda. Buni raqamlar misolida bayon etsak, o‘zaro savdo hajmi bir necha barobar ortib, o‘tgan yili 500 million dollardan oshib, qo‘shma korxonalar soni 8 barobar ko‘payib, 200 dan ortiq qo‘shma korxona tashkil etildi.
O‘zaro hamkorlikning aniq amaliy mazmun kasb etayotganini yana bir yorqin misolini keltirsam. Joriy yilning 23 aprel kuni Tojikistonning katta Hisor kanali orqali Surxondaryo viloyatiga suv o‘tkazilishiga kelishib olinib, kanalni ta’mirlash ishlari jadallik bilan olib borilmoqda. Bundan Surxondaryo viloyatida suv tanqisligini yumshatish, qishloq xo‘jaligi ekin maydonlariga kafolatli suv yetkazib berish maqsad qilingan.
Mazkur tashrif doirasida O‘zbekiston bilan Tojikiston o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlikning muhim sohalarini qamrab olgan 30 dan ziyod hujjatlar imzolanishi rejalashtirilgan ekan. Bularning barchasi esa Toshkent va Dushanbe o‘rtasidagi keng ko‘lamli o‘zaro aloqalarni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqishi shubhasiz.
Umuman Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ta’biri bilan aytganda, tarixiy yaqinligimiz bugun hayotga ko‘chmoqda.
Firdavs SHARIPOV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati