Tarixiy xotirani asragan maskan
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 19-iyuldagi “Siyosiy qatag‘on qurboni bo‘lgan yurtdoshlarimiz hayoti va faoliyatini o‘rganish, targ‘ib etish hamda ularning xotirasini abadiylashtirish borasidagi ishlarni kengaytirish to‘g‘risida”gi qaroriga asosan har yili oktabr oyining birinchi haftasi mamlakatimizda “Siyosiy qatag‘on qurbonlarini yod etish haftaligi” sifatida nishonlanadi.
Shuningdek, qatag‘on qurboni bo‘lgan shaxslarning hayoti va faoliyatini o‘rganish, ular haqidagi tarixiy haqiqatni tiklash va kelgusi avlodlarga yetkazish, bu jarayonlarga ta’lim tashkilotlari hamda ilmiy muassasalarni keng jalb etgan holda ma’naviy-ma’rifiy va targ‘ibot ishlarini tizimli yo‘lga qo‘yishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Qatag‘on qurbonlari xotirasi davlat muzeyi O‘zbekiston tarixining eng murakkab va fojiali davrlarini o‘rganish, siyosiy qatag‘on qurbonlari xotirasini abadiylashtirish hamda jamiyatda tarixiy xotirani shakllantirishda muhim ahamiyatga ega. Muzey faoliyatini faqat tarixiy eksponatlarni namoyish etuvchi muassasa sifatida emas, balki tarixiy adolatni tiklash, milliy o‘zlikni anglash va yosh avlodni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga xizmat qiluvchi ma’naviy-ma’rifiy markaz sifatida baholash mumkin.
O‘zbekistonda siyosiy qatag‘onlar, ayniqsa, sovet mustabid tuzumi davrida keng tus oldi. 1937–1938-yillardagi “katta qatag‘on” davrida O‘zbekistonda minglab insonlar siyosiy ta’qibga uchradi, qamoqqa olindi, surgun qilindi va qatl etildi. Bu jarayon alohida shaxslarga nisbatan amalga oshirilgan tasodifiy ta’qiblar emas, balki keng ko‘lamli va tizimli siyosatning natijasi edi.
Repressiyalarning eng og‘ir oqibatlaridan biri milliy ziyolilar qatlamiga yetkazilgan zarar bo‘ldi. Davlat va jamoat arboblari, olimlar, shoir va yozuvchilar, ma’rifatparvarlar, din ulamolari hamda milliy taraqqiyot tarafdorlari ta’qib qilindi. Natijada mamlakatning ilmiy, madaniy va ma’naviy salohiyatiga katta zarar yetkazildi. Shu nuqtai nazardan, qatag‘on tarixini o‘rganish nafaqat o‘tmishdagi adolatsizliklarni anglash, balki O‘zbekistonning keyingi ijtimoiy-madaniy taraqqiyotini tushunish uchun ham muhimdir.
Qatag‘on qurbonlari xotirasi muzeyining tashkil topishi mustaqillik yillarida tarixiy xotiraga bo‘lgan munosabat tubdan o‘zgarganining amaliy ifodasidir. 1999-yilda “Shahidlar xotirasi” xayriya jamg‘armasi tashkil etildi. 2000-yil 12-mayda Toshkent shahrida “Shahidlar xotirasi” yodgorlik majmuasi ochildi. 2002-yil 31-avgustda esa Qatag‘on qurbonlari xotirasi muzeyi faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Muzey Toshkent shahrining Yunusobod tumanidagi “Shahidlar xotirasi” majmuasi hududida joylashgan.
Muzey joylashgan hududning o‘zi ham katta tarixiy ahamiyatga ega. “Shahidlar xotirasi” majmuasi barpo etilgan hudud XX asrning birinchi yarmida sovet davlatining jazo organlari tomonidan qatlgoh sifatida foydalanilgan joylardan biri bo‘lgan. Shu jihatdan muzey va yodgorlik majmuasi nafaqat ekspozitsiya va me’moriy ob’ekt, balki qatag‘on qurbonlari xotirasini mujassam etgan ramziy makondir.
Muzey ekspozitsiyasi qatag‘onlar tarixini turli davr va jarayonlar kesimida yoritadi. Unda Turkistonning chor Rossiyasi tomonidan bosib olinishi, milliy-ozodlik harakatlari, Turkiston Muxtoriyatining tugatilishi, sovet hokimiyatining o‘rnatilishi, kollektivlashtirish va “quloqlashtirish” siyosati, 1937–1938-yillardagi ommaviy qatag‘onlar, urushdan keyingi siyosiy ta’qiblar hamda keyingi davrlardagi siyosiy bosimlar haqida ma’lumotlar berilgan.
Ekspozitsiyaning muhim jihati shundaki, qatag‘on tarixi faqat siyosiy voqealar ketma-ketligi sifatida emas, balki inson taqdiri orqali ham namoyon etiladi. Muzey materiallari orasida arxiv hujjatlari, fotosuratlar, shaxsiy buyumlar, kitoblar va matbuot materiallari mavjud. Bu ashyoviy va hujjatli manbalar qatag‘on davrini umumiy statistika sifatida emas, balki aniq insonlarning hayoti va taqdiri orqali ko‘rsatish imkonini beradi.
Muzeyning huquqiy maqomi ham keyingi yillarda yanada mustahkamlandi. 2017-yil 22-noyabrda Vazirlar Mahkamasining 936-son qarori qabul qilinib, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzurida Qatag‘on qurbonlari xotirasi davlat muzeyi tashkil etildi.
Mazkur qarorda muzeyning asosiy vazifalari, jumladan, mustabid tuzum davridagi qatag‘on siyosatining sabablari va fojiali oqibatlarini chuqur o‘rganish, tarixiy haqiqatni xolis yoritish, qatag‘on qurbonlarining hayoti va faoliyatini tadqiq etish kabi muhim vazifalar belgilab berilgan.
Muzey faoliyatini tahlil qilganda, uning ilmiy-tadqiqot vazifasiga alohida e’tibor qaratish lozim. Qatag‘on qurbonlari haqidagi arxiv hujjatlarini izlash, ularning nomlari va taqdirlarini aniqlash, ilmiy va ijodiy merosini o‘rganish tarixiy adolatni qaror toptirishning muhim qismidir. Shu ma’noda, muzey arxivlar bilan ishlash, ilmiy konferensiyalar o‘tkazish, kitob va maqolalar nashr etish orqali tarixshunoslik rivojiga ham munosib hissa qo‘shmoqda.
Umuman olganda, Qatag‘on qurbonlari xotirasi davlat muzeyi O‘zbekistonning tarixiy xotirasini asrash, qatag‘on qurbonlarining nomlarini tiklash va o‘tmish saboqlarini kelajak avlodga yetkazishda muhim ma’naviy-ma’rifiy institut hisoblanadi. Muzey ekspozitsiyasi o‘sha o‘ta og‘ir yillarda minglab hur fikrli insonlar taqdirini xazon qilgan mash’um jarayonlarning haqiqiy ko‘lamini tasavvur qilish imkonini beradi.
Shu sababli muzeyning asosiy vazifasini faqat o‘tmishni yod etish bilan cheklash mumkin emas. Uning mazmun-mohiyati — tarixiy haqiqatni tiklash, qatag‘on qurbonlari xotirasini abadiylashtirish, inson qadri va adolat tamoyillarini ulug‘lash hamda bunday fojialar takrorlanmasligi uchun jamiyatga tarixiy saboq berishdan iborat.
Zero, tarixiy xotira — millatning ma’naviy tayanchi. O‘tmish haqiqatini anglagan jamiyatgina o‘z kelajagini to‘g‘ri belgilay oladi. Qatag‘on qurbonlari xotirasi esa bizga erkinlik, adolat va inson qadri kabi yuksak qadriyatlarni asrash mas’uliyatini yana bir bor eslatib turadi.
Nazokat Usmonova,
O‘zA muxbiri