Tarixiy mavzuning innovatsion talqini
Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi va “Hologram World” teatri bilan hamkorlikda Yoshlar ijod saroyida Markaziy Osiyoda ilk bor “Amir Temur” nomli gologramma spektaklining taqdimoti boʻlib oʻtadi.
Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi va “Hologram World” teatri bilan hamkorlikda Yoshlar ijod saroyida Markaziy Osiyoda ilk bor “Amir Temur” nomli gologramma spektaklining taqdimoti boʻlib oʻtadi.
Maʼlumki, joriy yilning mart oyida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan ijtimoiy, maʼnaviy-maʼrifiy sohalardagi ishlarni yangi tizim asosida yoʻlga qoʻyish maqsadida beshta muhim tashabbus ilgari surildi. Birinchi tashabbus yoshlarning musiqa, rassomlik, adabiyot, teatr va sanʼatning boshqa turlariga qiziqishini oshirish hamda isteʼdodini yuzaga chiqarishga qaratilgan.
Mazkur tashabbusni amaliyotga joriy etish maqsadida yangi texnologiyalar asosida buyuk davlat arbobi va sarkarda Amir Temur haqida rejissyor Sanjar Matkarimov tomonidan gologrammaga asoslangan tarixiy spektakl sahnalashtirildi. Amir Temur rolini iqtidorli aktyor Rahimjon Doʻsanov, Bibixonim rolini Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artist Raʼno Shodiyevalar mahorat bilan ijro etgan.
“Amir Temur” nomli gologramma spektakli namoyishidagi qoʻshimcha effektlar teatr mazmunini tomoshabinga yetkazishda cheksiz imkoniyatlarni ochib beradi. Yuqori texnologiyalar zamonida yashayotgan yoshlarni maʼnaviy jihatdan barkamol qilib tarbiyalashda zamonaviy texnologik yondashuv asosiga qurilgan gologramma teatrlarining ahamiyati va taʼsiri katta.
“Amir Temur” gologramma spektakli oʻzida yangi media imkoniyatlarni jamlagani bilan yoshlar ongida vatanparvarlik tuygʻularini shakllantirish hamda boy madaniy tariximizga boʻlgan qiziqishni oshirishga xizmat qiladi.
Shuni aytish kerakki, gologramma teatri multimedia namoyishlari va anʼanaviy spektakllarning hamohangligi hisoblanib, teatr spektakllari namoyishida cheksiz imkoniyatlarni ochib beradi. Golografik displey-obyektning virtual uch oʻlchovli tasvirni yaratish uchun yorugʻlik tarqalishidan foydalanadigan displey turi sanaladi. Golografik displeylar 3D tasvirlashning boshqa shakllaridan ajralib turadi. Negaki, ular tasvirni koʻrish uchun hech qanday maxsus koʻzoynak yoki tashqi jihozlardan foydalanishni talab qilmaydi. Golografik namoyishlar AQSH, Germaniya, Janubiy Koreya va Xitoy kabi davlatlarda muvaffaqiyat bilan oʻtkazilmoqda.
Avvaliga koʻrgazmalar, konferensiyalar va boshqa maxsus tadbirlarda foydalanilgan gologramma namoyishlari endilikda butun dunyoda teatr sanʼati sifatida rivojlana boshlamoqda. “Hologram World” gologramma teatri Markaziy Osiyoda birinchilar qatorida Oʻzbekistonda tashkil etildi. “Hologram World” gologrammani yaratuvchi ilgʻor texnologiyalar Germaniya, Yaponiya va Xitoydan olib kelindi.